Rasul Hamzatov. Avar shoiri. «Mening Dog‘istonim”. 1967. Hassos shoirning Vatan, til, millat, odam, xalq, urf-odat haqidagi falsafiy mushohadalari, purma'no she'rlari, faqat o‘zigagina xos badiiy o‘xshatishlari, topildiq, tashbehlari, ibratomuz ko‘rgan-kechirganlari, avar, umuman, Kavkaz va jahon xalqlari hayotidan olingan rivoyatlar, hikoyatlar va hikmatlar ruhiga yo‘g‘rilib ketgan. Ular kitobxon qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat, urf-odatlarga hurmat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Shu bois asarning birinchi kitobi nashr etilishi bilan (1967 yil) kitobxonlar o‘rtasida mashhur bo‘lib ketdi va ko‘plab jahon tillariga tarjima qilindi.
Shoir Asror Mo‘min «Mening Dog‘istonim» asarini ona tilimizga to‘liq tarjima qildi. Kitobda quyidagicha hikmatlar bisyor:
Odam tilga kirishi uchun ikki yil kifoya, lekin tilini tiyib turishni o‘rganishi uchun oltmish yil kerak bo‘ladi.
* * *
Har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu sharafli vazifani zimmaga olishga o‘zini tayyorlashi kerak.
* * *
Hyech bir yozuvchi faqat o‘z millati quvonch-tashvishlari bilan chegaralanib qola olmaydi. Uning qalbini hamisha umuminsoniy quvonch-tashvishlar ham bezovta qiladi.
* * *
Ayrimlar o‘ylaydiki, katta mavzularga qo‘l ursam bas, darhol buyuk bo‘laman, deb. Ammo buyuklikning zamini oddiylikda. Axir, bir tomchi yomg‘irda butun bir selning kuchi bor.
* * *
O‘tkir fikrni jo‘n ifoda etish, qo‘zichoqni och bo‘riga ro‘para qilishday bir gap.
* * *
Tilni o‘rganmasdan she'r yozishga uringan odam suzishni bilmasdan o‘zini sarkash daryoga tashlagan telbaga o‘xshaydi.
* * *
Birovning otini qancha minma, baribir egardan tushib otni egasiga qaytarasan.
* * *
O‘tmishga to‘pponchadan o‘q uzsang, kelajak seni to‘pga tutadi.
* * *
Burgut tovuqlar orasida bemalol yuraversa, u burgut emas.
* * *
Yaxshi ish qilmagan bo‘lsang ham — yaxshilik qilish niyating bo‘lgani uchun tashakkur!
* * *
Yog‘ochdan qilingan pichoq qancha chiroyli bo‘lmasin, jo‘jani ham so‘ya olmaysan.
* * *
Onam beshigimni tebratib aytgan alla qulog‘im tagida jaranglamagan biron kun, biron daqiqa bo‘lmagan, desam, mubolag‘a emas. Bu alla mening barcha qo‘shiqlarimni allalab ulg‘aytirdi.
* * *
Ba'zan odamlar miyasida fikr bo‘lgani uchun emas, tilining uchi qichib turgani uchun gapirishadi.
* * *
Tog‘lik ona hyech qachon qoidasi buzilgan she'rni jigarbandiga o‘qimaydi.
* * *
Odamlarning tillari har xil bo‘lishi mumkin, lekin yuraklari bir xil tepsa bas.
* * *
Biz Vatanni tanlamaymiz, chunki Vatan bizni allaqachon tanlab bo‘lgan.
* * *
O‘zga mamlakatlar, o‘zga xalqlar haqida yozgan yaxshi, agar sen o‘zligingni topib olgan bo‘lsang.
* * *
Qo‘shiq aytishni o‘z uyingda o‘rganmagan bo‘lsang, uyingdan uzoqda qanday o‘rganasan?
* * *
Kerakli narsani umring bo‘yi izlasang ham omad kulgan lahzadagina topasan.
* * *
Yozuvchi biror mavzuning boshini tutar ekan, faqat yurak amriga quloq solishi lozim.
* * *
Dog‘iston — mening muhabbatim, mening kelajagim, mening tavbam, mening ibodatim! Dog‘iston — hayotimning mazmuni, barcha she'rlarimning bosh mavzusi.
* * * O‘zing bilgan narsalar haqida yoz. Bilmagan narsalaringni boshqa kitoblardan o‘qi.
Dostları ilə paylaş: |