7 - MAVZU: TARIXIY VA FALSAFIY PROZA.
ReJA:
1. V-IV asrlarda proza adabiyoti.
2. Gerodotning “Tarix” asari.
3. Fukidid. Tarix predmetiga yangicha yondashuv.
4. Aflotun va Arastu asarlari.
5. Notiqlik.
V asrning ikkinchi yarimlarida she'riy adabiyotning doirasi borgan sari torayib, prozada yozilgan asarlar soni beto‘xtov orta boradi va keyinchalik attika davrining oxirlariga qadar nasriy shakl yunon adabiyotining yetakchi turi bo‘lib qoladi.
Tarixiy proza–asari bizga qadar to‘la holda yetib kelgan tarixiy prozaning eng birinchi nomoyondasi Gerodotdir. U taxminan m.o. 485 yilda Kichik Osiyodagi Galikarnas shahrida tug‘iladi. Uning otasi o‘z davrining anchagina badavlat odami bo‘lgan. Gerodot yoshlik paytlaridan o‘z vatanining siyosiy faoliyatida faol qatnashadi, keyinchalik ma'lum sabablarga ko‘ra ona yurtini butunlay tark etib, sayohatlarda yuradi. Misr, Eron, Bobil, Finikiyani, Qora dengizning shimoliy qirg‘og‘idagi Yunon mustamlakasi Skifiyani, Yunoniston tuprog‘idagi qancha-qancha shaharlarni kezadi, ammo uning eng sevimli oshiyoni va ma'naviy vatani Afina shahri bo‘lgan. Yozuvchi bu yerda ko‘pdan-ko‘p do‘stlar orttiradi, Perikl hamda Sofokl bilan yaqin munosabatda bo‘ladi. 444 yili Italiyaning janubidagi Yunon mustamlakasi Furiyaga ko‘chib ketadi va 425 yilda shu yerda vafot etadi.
Gerodotdan qolgan asarlar ichida eng muhimi va qimmatli ma'lumotlar bilan jahon tarixini boyitib kelayotgan asarining nomini «Tarix» ya'ni «Tadqiqot» dyeb atagan. Aleksandriya olimlari bu asarni to‘qqiz bobga bo‘lib, har birini yunon mifologiyasidagi to‘qqizta muza nomi bilan ataganlar. Asar yaqindagina bo‘lib o‘tgan Eron-Yunon urushiga bag‘ishlangandir.
Biroq yozuvchi eroniylar bilan yunonlar o‘rtasidagi urush tarixini boshlashdan oldin, ana shu xalqlarning uzoq o‘tmishlari, ularning qaysi xalqlar bilan munosabatda bo‘lganliklari va kimlar bilan urushganliklari haqida to‘la ma'lumot berib o‘tadi. Binobarin o‘sha zamonlarda yunonlarga tanish bo‘lgan xalqlarning tarixlari ham ma'lum darajada aks ettirilgan bo‘lib, bu holat Gerodot asarini jahon tarixi darajasiga ko‘taradi. Yozuvchi eroniylar bilan yunonlarning dastlabki to‘qnashuvlarini ko‘rsatish maqsadida birinchi kitobni Kichik Osiyodagi Lidiya davlatining Eron podshohi Kir (Kayxisrav) tomonidan bosib olinish voqyealaridan boshlaydi. Yozuvchi Kayxisravning urushlari haqidagi bayonotini davom ettirib, Bobilning zabt etilishi va nihoyat Kaspiy dengizining sharqiy tomonida Sir va Amu daryolari o‘rtasidagi bepoyon sahroda yashovchi ko‘chmanchi massagetlar bilan bo‘lgan urushda Kayxisravning vafotidan so‘ng Eron taxtiga o‘tirgan shahzoda Kambiz otasining bosqinchilik siyosatini davom ettirib Misr ustiga yurish boshlaganini hikoya qiladi. Gerodot bu mamlakat tarixiga ham mufassal to‘xtalib, yana Eron tarixiga qaytadi. Doroning podshoh bo‘lib ko‘tarilishi va Skiflar mamlakatiga lashkar tortib borishi haqida gapiradi va bu yurtning ham to‘liq tarixini yoritib beradi. Gerodotning Skiflar haqidagi ma'lumotlari biz uchun nihoyatda qimmatlidir, mamlakatimizning g‘arbiy-janubida Dnepr hamda Don daryolari sohillarida Qora dengiz qirg‘oqlarida yashagan eng qadimgi xalqlar to‘g‘risida gapirganimizda avvalo ulug‘ yunon muarrixining shahodatlariga murojaat qilamiz. Doroning skiflarga qarshi boshlagan urushi munosabati bilan Kichik Osiyo xalqlari, ayniqsa yunon qabilalari o‘rtasida Eron hukmronligiga qarshi kuchli g‘alayonlar boshlanadi. Yozuvchi voqyealarni shu tariqa tasvirlab kitobxonni asta-sekin o‘z asarining asosiy mavzusi Eron-Yunon urushiga olib keladi. Asarini 478 yil voqyealari bilan bayonotni to‘xtatadi. Bevaqt o‘lim asarni oxiriga yetkazishga imkon bermagan bo‘lsa kerak.
O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish borasida Gerodotning asari ayniqsa juda muhim o‘rin tutadi. Muarrix bu tomonlarga qadam bosmagan bo‘lsada, yurtimizning uzoq o‘tmishi haqida yaxshigina ma'lumotlar beradi. Uning aytishicha Kaspiy dengizi sohillaridan boshlab Sirdaryoning o‘rtalariga qadar cho‘zilib boradigan keng sahroda massaget deb atalgan ko‘chmanchi qabilalar yashagan, ular hyech qanday ekin ekmasdan, faqat chorvachilik bilan kun kechirganlar, ovqatlari mol go‘shti va baliq bo‘lgan, ular temirni bilmagan, hamma asboblari misdan yasalgan, ayollari erkaklar bilan birga janglarda qatnashgan, hatto qabila boshlig‘i ham etib saylanar ekan.
Gerodotdan minnatdor bo‘lishimizning yana bir sababi: adabiyotimizning eng qadimgi yodgorliklaridan biri bo‘lgan «To‘maris» qissasi faqat shu odam tufayli bizning zamonga qadar yetib kelgan. Turon xalqlarining ahamoniylar bosqiniga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan jasur sarkarda. (To‘maris. Gerodotning “Tarix” (mil. avv. V asr) asarida yozilishicha, Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II mil. avv. 530-yilda Turonga bostirib kirganida, To‘maris massagetlar qabilasining malikasi bo‘lgan. Massagetlar bu paytda Amudaryo (Araks) bo‘ylari va Qizilqumda yashashgan. To‘maris massagetlar podshosining xotini bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng davlatni boshqargan. Erondan kelgan bosqinchilar qo‘shini bilan massagetlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lgan. Dastlabki jangda To‘marisning o‘g‘li Sparangiz (Sparganis) boshchiligidagi massagetlar g‘olib chiqqan. Biroq keyingi jangda forslar hiyla yo‘li bilan Sparangiz va ayrim massagetlarni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Sparangiz o‘zini o‘ldirgan. To‘maris o‘g‘lining halokatidan esankirab qolmay, o‘z xalqining manfaatini o‘ylab, Kir II dan massagetlar yurtidan chiqib ketishini so‘raydi. Biroq forslar shohi rad javobini bergach, ikki o‘rtada ayovsiz jang bo‘lgan. Gerodot massagetlar va forslar o‘rtasidagi jang tafsilotlarini o‘z asarida quyidagicha tasvirlaydi: “Mening bilishimcha, bu jang varvarlar o‘rtasidagi barcha janglardan ham dahshatli bo‘lgan. Avval har ikkala qo‘shin bir-birini uzoq masofadan turib, kamondan o‘qqa tutdilar. Kamon o‘qlari tugagach, ular nayza va qilich bilan kurashdilar. Jang uzoq vaqt davom etdi. Ko‘p qon to‘kildi. Nihoyat, massagetlar g‘alaba qozondilar. Fors qo‘shinlarining asosiy qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok bo‘lgan. U to‘liq 29 yil shohlik qilgan edi. Kir II ning jasadi topilgach, malika (To‘maris)ning buyrug‘i bilan uning kesilgan boshi inson qoni bilan to‘lg‘azilgan meshga solingan”).
Dostları ilə paylaş: |