Nizomiy Ganjaviy. Nizomiy Ganjaviy (1141-Ganja1209) fors-tojik tilida ijod qilgan ozarbayjonlik shoir va mutafakkir. N.Ganjaviy arab va fors she'riyatini mukammal o‘zlashtirib, yoshligidanoq yetuk shoir sifatida shuhrat topadi. Uning hayoti haqida juda kam ma'lumot qolgan. Nizomiy fors, arab, yunon, qadimgi pahlaviy va sanskrit tillarini bilish bilan bir qatorda tibbiyot, falsafa, tarix, matematika va astronomiya kabi fanlarni ham chuqur o‘zlashtirgani sababli, zamondoshlari uni “Hakim” deb ulug‘laganlar. Ganja va uning atrofidagi hukmdorlar N.Ganjaviyni o‘z saroylarida xizmat qilishini istab, uning she'rlari tufayli nomlarini abadiyatga muhrlamoqchi bo‘lganlar. Nizomiy 3 bora uylanadi va uchala xotini ham vafot etadi. Ofoq nomli xotinidan tug‘ilgan o‘g‘li Muhammadni ilm-ma'rifatli qilib tarbiyalagan, dostonlarida o‘z o‘g‘liga nasihatlar qilgan. Nizomiy dostonlarini turkiyga o‘girish qadim zamonlardanoq boshlangan. 1341-yilda Qutb “Xusrav va Shirin” dostonini tarjima qilgan bo‘lsa, Ogahiy “Xaft paykar” asarini turkiyga o‘girgan.
Nizomiyning lirik she'rlari keng o‘quvchilar ommasiga ma'lum bo‘lmaganidan, u ko‘proq masnaviy ustasi sifatida tilga olinadi.
Besh dostonni o‘z ichiga olgan “Xamsa”si Nizomiyning nomini jahonga mashhur qildi. “Xamsa” 1173-1201-yillar orasida yozilgan. Ular “Mahzan ul-asror” (“Sirlar xazinasi” 1173-1179-yillarda Arzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga bag‘ishlangan), “Xusrav va Shirin” (1180-1181-yillarda Saljuqiylar hukmdori To‘g‘rul II iltimosiga ko‘ra yozilgan), “Layli va Majnun” (1188, unga 118 ta nazira bitilgan. Bu asar Shirvonshohlardan Axsatan I buyrug‘iga ko‘ra yozilgan), “Haft paykar” (“yetti go‘zal” 1196-yilda Alouddin Ko‘rpa Arslon topshirig‘iga binoan) va “Iskandarnoma” (1196-1201-yillar, bu doston “Sharafnoma” va “Iqbolnoma” degan 2 qismdan iborat) deb nomlangan. Dostonlar turli hukmdorlarning iltimosi bilan yozilgan bo‘lib, keyinchalik muxlislar tomonidan yaxlit to‘plam holiga keltirigan hamda “Xamsa” yoki “Panj ganj” (Besh xazina) nomi bilan shuhrat topgan. (“Avesto” besh katta qismdan iborat va hindlarning “Panchatantra” asari ham besh muqaddas kitob nomini anglatadi. Ehtimol, Nizomiy muxlislari shundan ilhomlanishgandir).
● Nizomiy dostonchilikda romantizmni yetakchi yo‘nalishga aylantirdi. Undan avval qahramonlik birlamchi edi. Masalan, “Shohnoma”da Firdavsiy Bahrom, Xusrav, Iskandarlarni qahramonlik jihatlarini qalamga olsa, Nizomiy mazkur timsollarning ichki olamlariga nazar tashlaydi.
● Hikmat, falsafa, nujum, riyoziyot va boshqa ilmlardagi tushuncha va istilohlarni she'riyat tiliga moslashtirib, yangi ma'no va mazmun baxsh etgan. Firdavsiy asarida ilmlarni badiiy aks ettirish hali shakllanmagan edi.
Nizomiy Ganjaviy ijodi keyingi asrlarda asl shoirlar uchun yuksak mahorat maktabi bo‘lib qoldi.
“Xamsa”chilik an'anasining boshlanishi
Xamsanavislik ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviydan boshlangan. Nizomiy “Xamsa”si faqat bir xalqning adabiyotida emas, balki butun Yaqin va O‘rta Sharq adabiyotida yangi sahifa ochdi. Xamsanavislikning barqaror an'anaga aylanishida Nizomiydan so‘ng yaratilgan Xusrav Dehlaviy “Xamsa”sining o‘rni muhim. Aynan Dehlaviy ijodi bilan xamsanavislik an'anaga aylangan. Keyinroq, Navoiy zamonida Abdurahmon Jomiy “Xamsa” si ham shuhrat qozondi. Navoiyning ma'lumot berishicha, Ashraf (vaf. 1459) nomli fors-tojik shoiri ham Nizomiyga javoban “Xamsa” yozishga muvaffaq bo‘lgan.
Xamsanavislik haqida so‘z ketganda, Firdavsiyni yodga olmaslik mumkin emas. Avvalo, epik she'riyat an'anasi Firdavsiydan boshlanadi. “Xamsa” qahramonlari muayyan qismining adabiy ildizlari “Shohnoma”ga borib tutashadi. “Hayrat ul-abror” hikoyatlaridagi No‘shiravon odil, Bahrom, Iskandar, “Farhod va Shirin”dagi Xusrav, Farhod, “Sab'ai Sayyor”dagi Bahrom, “Saddi Iskandariy”dagi Iskandar obrazlari dastlab yozma adabiy manba bo‘lgan “Shohnoma”da uchraydi.
Navoiygacha yaratilgan “Xamsa” forsiy tilda bitilgan. Turkiy til Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy ijodida shakllanib, barqarorlasha boshlagach, turkiy kitobxonlar paydo bo‘lgandi. Navoiy bu kitobxonlarning turkiy tilda bitilgan asarlarni o‘qishga ehtiyojini hisobga olib, turkiy “Xamsa”ni yozadi.
Xamsachilik tarixida “Xamsa”ning bir yoki bir nechta dostoniga tatabbu' bitgan shoirlar ham oz emas.
Xamsanavislik an'anasi, uning talablariga ko‘ra, yaratilayotgan har bir doston avvalgi shu mavzudagi dostonlarga mavzusi, obrazlar sistemasi, vazni kabi jihatlari bilan muvofiq kelishi kerak. Ayni paytda, doston originallik kasb etishi, yangi asar qiyofasida namoyon bo‘lishi zarur.
Har bir asar “Xamsa” atalmog‘i uchun:
● besh dostondan tashkil topmog‘i;
● birinchi doston pand-nasihat ruhidagi ta'limiy-axloqiy, falsafiy bo‘lmog‘i;
● ikkinchi doston Xusrav va Shirin mojarolariga bag‘ishlanmog‘i;
● uchinchi doston Layli va Majnun muhabbatlarini mavzu qilmog‘i;
● to‘rtinchi doston Bahrom haqida bo‘lmog‘i;
● beshinchi doston Iskandar haqida yozilmog‘i shart edi.
Dostları ilə paylaş: |