Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi
Reja:
1.Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi
2.Ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi
3.Davlat boshqaruv hokimiyati tizimining shakllantirilishi
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining mustahkamlanishi va takomillashtirilishi – hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining muhim kafolati
Mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tizimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huquqiy maqomi va faoliyatinini demokratlashtirish, uning mas’uliyati va mustaqilligini kuchaytirish markaziy o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida belgilangan muhim konstitutsiyaviy prinsip – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.
Mazkur prinsip mustaqil, samarali va mas’uliyatli ijro etuvchi hokimiyat faoliyatini nazarda tutadi. Shu nuqtai nazaridan ushbu prinsipni to‘laqonli ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobi bevosita Vazirlar Mahkamasiga bag‘ishlandi. Ta’kidlash lozimki, ushbu bob 25 yil mustaqil taraqqiyot yo‘lida izchil takomillashtirib borildi. Xususan, 1993-2017 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 9 marotaba (1993, 2003, 2007, 2008, 2011 yilda 2 marotaba, 2014, va 2017 yilda 2 marotaba) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, ulardan 4 tasi aynan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga ham qaratilgan edi. Xususan, Konstitutsiyaning Vazirlar Mahkamasi faoliyati va huquqiy maqomiga bag‘ishlangan 98-moddasi uch marotaba – 2003, 2011 va 2014 yillarda yangi tahrirda bayon etilganligi ham konstitutsiyaviy islohotlar tizimida Vazirlar Mahkamasining naqadar ko‘p marotaba modernizatsiya qilinganligidan dalolat beradi.
Qisqacha qilib aytganda, Konstitutsiyaning Vazirlar Mahkamasiga bag‘ishlangan 98-moddasining 1992 yilgi tahriri 6 qismdan iborat bo‘lib, unda Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarlik qilishi ruhi sezilib turardi. 2003 yildagi yangi tahririda ushbu 6 qism jiddiy o‘zgarishlarsiz saqlab qolindi, shu bilan birga yangi 4 ta qism bilan to‘ldirildi (jami 9 ta qism, 1993 yilgi tahrirdagi ayrim qismlar birlashgan). 2003 yilda 98-moddada ilk marotaba Bosh vazirning roli mustahkamlanib, u konstitutsiyaviy-huquqiy maqomga ega bo‘ldi. 98-moddaning 2003 yilgi yangi tahriri Vazirlar Mahkamasining huquqiy maqomini (ijro hokimiyatini amalga oshirishi, tarkibiga kimlar kirishi belgilandi), Bosh vazirning huquqiy maqomini (Bosh vazir nomzodi Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi) va vakolatlarini (Vazirlar Mahkamasining a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun taqdim etish; Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etishi va unga rahbarlik qilishi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘lishi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qilishi, uning qarorlarini imzolashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘rishi) belgilab berdi, shuningdek, eng muhimi Bosh vazir va Prezident o‘rtasida ijro hokimiyatini amalga oshirishdagi vakolatlar taqsimotini (Prezident Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishlarini bekor qilishga haqli ekanligi) mustahamladi.
Konstitutsiya 98-moddasining 2011 yildagi yangi tahriri esa, 15 qismdan (7 ta yangi qismlar kiritildi) iborat bo‘lib, Vazirlar Mahkamasi huquqiy holatini sezilarli darajada o‘zgartirdi. 98-moddaning 2011 yildagi yangi tahririning eng muhim va asosiy, davlat boshqaruvini demokratlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan quyidagi ikkita yangiligini qayd etish lozim: birinchidan, ilgari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan ko‘rib chiqilar va tasdiqlanar edi. 2011 yilda esa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rsatish tartibi butunlay demokratik mazmun kasb etdi, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladigan bo‘ldi. Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish vakolati hamda uni amalga oshirish tartib-taomillari konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yildi.
Nihoyat Konstitutsiyamizning 98-moddasi 2014 yilda ham yangi tahrirda bayon etildi. Endilikda 98-modda 9 qismdan iborat bo‘lgan maqbul ko‘rinishga keldi. 98-moddaning 2014 yildagi yangi tahriri 6 ta yangi qoidani belgilab berdi.
Birinchi. Vazirlar Mahkamasi vakolatlari tizimlashtirildi va aniqlashtirildi, uning 6 ta vakolati bandlarda aniq-ravshan etib ifodalandi. Muqaddam 98-moddaning 2011 yilgi tahririda uning atigi 2 ta vakolati aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 6 taga yetdi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi ilgari faqatgina iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlik qilishi belgilangan bo‘lsa endilikda ushbu sohalar moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘lishi bilan to‘ldirildi. Shuningdek, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtirish va yo‘naltirish, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlash; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etish kabi yangi vakolat va vazifalar belgilandi.
Ikkinchi. Vazirlar Mahkamasi ilgari “amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq” qaror va farmoyishlar chiqargan bo‘lsa, endilikda ushbu vakolat “konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq” amalga oshirilishi belgilandi.
Uchinchi. Vazirlar Mahkamasi ilgari o‘z faoliyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi” oldida javobgar bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ustuvorlik o‘zgarib, javobgarlik dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va undan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida etib belgilandi.
To‘rtinchi. Ilgari amaldagi Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilgach, Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar hukumat qanday faoliyat yuritishi masalasi ochiq qolgan edi. Endilikda ushbu muammo hal etildi – amaldagi Vazirlar Mahkamasi uning yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turishi belgilandi.
Beshinchi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri vazifalari tizimlashtirilib, uning 4 ta asosiy vazifasi belgilab berildi. Ilgari Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘rgan bo‘lsa, endilikda ushbu vakolatni amalga oshirish uchun “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘i” shart bo‘lmaydi, ya’ni Bosh vazirning mustaqilligi mustahkamlanib, u ushbu vakolatni mustaqil amalga oshirishi ko‘zda tutildi.
Oltinchi. Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi tartibi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi, unda belgilangan ijro hokimiyatini tashkil etishning demokratik prinsip va qoidalari amaldagi qonun hujjatlarida mustahkamlangan va sezilarli darajada boyitilgan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni 2003 yil 29 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan bo‘lsa, 2003 yildan 2017 yilga qadar ushbu Qonunga jami 9 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (2007, 2008, 2009, 2011, 2014 va 2015 yillarda – 2 martadan hamda 2016 yil). Bularning barchasi o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyati mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan qoida va prinsiplar asosida izchil takomillashib kelayotganligidan dalolat bermoqda.
Qolaversa, Konstitutsiyaning 98-moddasida belgilangan Vazirlar Mahkamasining vakolatlari tarmoq qonun hujjatlarida rivojlantirilgan. Xususan, amaldagi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ijtimoiy-iqtisodiy sohada juda keng doiradagi vakolatlar berilgan. Xususan, Qonun hujjatlari tahlili ularning deyarli barchasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli sohadagi vakolatlariga alohida modda bag‘ishlanganligini ko‘rsatmoqda. Masalan, 2016 yil 4 yanvarda yangi tahrirda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda Vazirlar Mahkamasining 4 ta vakolati (5-modda), 2016 yil 14 sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunda 7 ta vakolati (7-modda), 2016 yil 19 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda 4 ta vakolati (9-modda), 2016 yil 21 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda 4 ta vakolati (9-modda), 2016 yil 22 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunda 8 ta vakolati (7-modda) belgilab qo‘yilgan.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga asoslangan holda ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirib, mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohada samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha huquqiy maqomini belgilab berdi hamda mamlakatimizda ijro hokimiyati tizimini izchil isloh etish va yanada demokratlashtirish va modernizatsiya etishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari
(Oʻz) - joylardagi davlat boshqaruv idoralari. Ular mahalliy ahamiyatga molik hamma masalalarni oʻz vakolatlari doirasida oʻzlari hal etadilar, umumdavlat man-faatlarini shu hududda yashab turgan fuqarolarning manfaatlari bilan uy-gʻunlashtiradilar, yagona davlat hokimiyati organlarining tarkibiy boʻgʻini sifatida yuqori davlat organlari qarorlarining amalga oshirilishini taʼminlaydilar. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, uzoq tarixiy tajribaga, milliy anʼanalarga tayangan holda ilgʻor mamlakatlar tajribasidagi ijobiy tomonlarni oʻrganib, oʻz davlat idoralarini tubdan qayta isloh qildi, Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o. tizimini yaratdi. Mahalliy hokimiyat tizimini shakllantirish sohasida bir qator qonun va rasmiy hujjatlar qabul qilindi. Ular orasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (1992-yil, 8 dekabr), "Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida"gi qonun (1993-yil, 2-sentabr), "Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylovlar toʻgʻrisida"gi qonun (1994-yil, 5-may) kabilar mu-him oʻrin egallaydi. OʻzR Konstitu-siyasining 20-bobida Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o. faoliyatining konstitutsiyaviy huquqiy asoslari oʻz aksini topgan (99—104moddalar). Mazkur moddalarda Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o. tizimi, mavqei, vazifalari, tuzilish tartibi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyilgan. Konstitutsiya mahalliy vakillik organlarining 2 boʻgʻinli tizimi (yaʼni, tuman, shahar xalq deputatlari kengashlari — quyi boʻgʻin; viloyatlar va Toshkent shahri xalq deputatlari kengashlari — yuqori boʻgʻin)ni mustahkamladi va bu mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisidagi qonunda oʻz ifodasini topdi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o.: qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yigʻimlar belgilash, byudjetdan tashqari jamgʻarmalarni hosil qilish; mahalliy kommunal xoʻjalikka rahbarlik qilish; atrof-muhitni muhofaza qilish; fuqarolik holati aktlarini qayd etishni taʼminlash; normativ hujjatlarni qabul qilish hamda OʻzR Konsti-tutsiyasi va qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o. OʻzR qonunlari, Prezident farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradi, xalq deputatlari quyi kengashlari faoliyatiga rahbarlik qiladi, respublika va mahalliy hokimiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o. 2 ga boʻlinadi: mahalliy vakillik organlari va mahalliy ijroiya organlari. Mahalliy vakillik organlari oʻz faoliyatini kollegi-allik asosida olib boradi. Mahalliy kengash ishining asosiy tashkiliyhuquqiy shakli sessiya hisoblanadi. Mahalliy vakillik organlarining hamma boʻgʻinlari saylov yoʻli bilan tashkil qilinadi. Qonun vakillik organlariga har tomonlama bilimga, tajribaga ega, keng , mustaqil fikrlovchi shaxslarning saylanishini va bu organlar ishchan boʻlishini nazarda tutadi. 1994-yil 25 dekabrda va 1999-yil 5 dekabrda Oʻzbekistondagi mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar oʻtkazildi. M a halliy ijroiya organlari — hokimiyatlarga viloyat, tuman va shahar hokimlari boshchilik qiladi va u yakkaboshchilik prinsipi asosida ish olib boradi. Hokimiyatlar boshqarmalar, boʻlimlar va boʻlinmalardan iborat boʻlib, ularning tuzilishi, tashkil etilishi va faoliyati OʻzRning Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi. Viloyatlar va Toshkent shahri ijroiya hokimiyati organlarining tuzilishi va shtatlari hokim tomonidan OʻzR Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, tegishli xalq deputatlari kengashi tasdiqlagan byudjet doirasida belgilanadi va oʻzgartiriladi. Tuman, shahar ijroiya hokimi-yati organlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi ijroiya hokimiyati organlari tuzilishi va shtatlari tarkibi Mahalliy davlat hokimiyati organlari h. o. toʻgʻrisidagi qonun bilan tartibga solinadi. Xalq deputatlari kengashlari va hokim munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlarga asosan hududdagi muhim masalalar, muammolarni hal qilishda maslahatlashish uchun hokimlar huzurida maslahat kengashi tuzildi. Lekin bunday maslahat kengashlari tuzilishi hokimning faoliyatidagi yakkaboshchilik prinsipiga putur yetkazmaydi. Ijroiya hokimiyati boʻlinmalari rahbarlari davlat boshqaruvining yuqori organlari bilan kelishilgan holda va hokimning taqdimiga binoan, tegishli xalq deputatlari kengashlari sessiyalarida lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Mahalliy vakillik organlari va hokimlar qabul qiladigan hujjatlar konstitutsiya va qonunlarga zid boʻlmasligi lozim. Hokim tomonidan qabul qilingan hujjatlar ustidan fuqarolar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar sudga shikoyat qilishlari mumkin.
Ijro etuvchi hokimiyat
- davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyat va sud hokimiyati kabi mustaqil tarmoqlaridan biri. Joriy qonunlar va b. meʼyoriy hujjatlarga asoslanib, boshqaruv vazifalarini bajaradi (davlat boshligʻi, hukumat). Qonun chiqaruvchi hokimiyat hujjatlarini ijro etish maqsadida oʻz qaror va farmoyishlarini qabul qiladi, odatda, davlat boshligʻi (prezidenta) ning bevosita rahbarligi va nazorati ostida ish koʻradi. I. e. h. mintaqaviy va mahalliy darajada mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish organlari (hokim, oqsoqol, gubernator, mer, prefekt) tomonidan amalga oshiriladi.
OʻzRda hukumat — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat xokimiyatining oliy ijrochi va boshqa-ruvchi organi hisoblanadi. U iqtiso-diyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohaning samarali faoliyat koʻrsatishiga, qonunlar ijro etilishiga, Oliy Majlisning qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining bajarilishiga rahbarlikni taʼminlaydi. Mahalliy I. e. h. organlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradi. Viloyat, tuman va shaharlarda I. e. H. ni hokim boshchiligidagi viloyat, tuman va shahar hokimliklari boshqaradi (yana qarang