DAVLAT ORGANLARI XODIMLARI, MANSABDOR ShAXSLAR VA FUQAROLARNING HUQUQIY SAVODXONLIGINI OShIRISh Qonun hujjatlarini qo‘llanish amaliyoti shuni yaqqol ko‘rsatadiki, talaygina huquqbuzarliklar, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishi hollari huquqiy bilimning etarli emasligi, huquqiy madaniyat darajasi pastligi oqibatidir. Aynan shu sababli, huquqlari buzilgan fuqarolar o‘z huquqini himoya qilishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mexanizmidan, shu jumladan mansabdor shaxslarning qonunga xilof xatti-harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatidan kamdan-kam foydalanadilar.
Huquqni pisand qilmaslikka barham berish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish huquqiy axborotdan foydalana olish imkoniyatini amalda ta’minlashni talab qiladi. Bu jihatdan qonunlarni va, ayniqsa, idoraviy normativ hujjatlarni o‘z vaqtida nashr etish zarur. Adliya vazirligi tomonidan chiqarilayotgan «Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning me’yoriy hujjatlari Axborotnomasi»ning tirajini ko‘paytirish va unga erkin obuna bo‘lishni ta’minlash lozim. Huquqning ayrim tarmoqlari bo‘yicha, shuningdek aholining muayyan guruhlariga mo‘ljallangan normativ hujjatlarning mavzuiy to‘plamlarini nashr etish huquqiy axborotdan foydalana olishni ta’minlashga katta hissa bo‘lur edi.
Zamonaviy axborot ta’minoti kompyuter texnologiyalaridan keng foydalanishni taqozo qiladi. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining ilmiy asoslangan yagona ma’lumotnoma tizimini ishlab chiqish va undan mushtariylarning bemalol foydalana olishini ta’minlash zarur.
Keng o‘quvchilar doirasiga ham, aholining ayrim guruhlariga, shu jumladan mansabdor shaxslarga ham mo‘ljallangan ommabop ma’lumotnoma adabiyotlarni nashr etishni ancha ko‘paytirish aholini axborotlar bilan ta’minlashni yaxshilash va huquqiy madaniyatini oshirishning muhim yo‘nalishiga aylanmog‘i lozim. Amaldagi qonun hujjatlarini qo‘llanish masalalarini tushuntirib beradigan va davlat organlari xodimlariga, shuningdek davlatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlarning rahbarlariga mo‘ljallangan sharhlar va amaliy qo‘llanmalarni nashr etishga alohida e’tibor qaratish kerak.
Aholining huquqiy savodxonligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalari katta ahamiyatga ega. Ularning huquqiy mavzularga e’tiborini kuchaytirish, aholi o‘rtasida ko‘proq ko‘tarilayotgan yuridik masalalarni davriy nashrlar sahifalarida, televideniye va radio eshittirishlarida tushuntirib berish borasidagi hissasini keskin oshirish zarur.
Davlat xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida, ular faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, huquqiy bilim asoslarini albatta o‘qitish maqsadga muvofiqdir.
Turli toifadagi xodimlar malakasini oshirish tabaqalashtirilgan bo‘lmog‘i lozim. Avvalam bor, insonning kasbiy tayyorgarligini oshirishga intilish kerak. Turli kasbdagilar o‘z faoliyatlarida oqilona qo‘llay oladigan tarzda huquqiy bilimga ega bo‘lsinlar. Davlat organlari va ularning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga qo‘yiladigan talablar va malaka tavsifnomalari, dastavval inson huquqlari va erkinliklariga oid huquqiy bilimlarning zarur darajasini nazarda tutishi kerak.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, o‘quv yurtlari va mahallalarda fuqarolar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, advokatlar va huquqshunos olimlarning uchrashuvlarini tashkil etish aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashadi.