Husayn boyqaro haqida



Yüklə 51,34 Kb.
səhifə1/5
tarix05.12.2023
ölçüsü51,34 Kb.
#138332
  1   2   3   4   5
Husayniy. S.G\'aniyeva


HUSAYN BOYQARO HAQIDA
Suyima G‘anieva

Husayn Boyqaro Amir Temur Ko‘ragon naslidan bo‘lib, Mirzo Mansur binni Mirzo Boyqaroning o‘g‘lidir. U 1438 yilda Hirot shahrida tavallud topgan.
Tarixiy va ba’zi adabiy manbalarning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Alisher Navoiyning otasi Kichkina baxshi Bahodur (G‘iyosiddin Muhammad) Mirzo Boyqaroning o‘g‘li G‘iyosiddin Mansur bilan emikdosh bo‘lgan.
Bolaligidan juda idrokli va zo‘r qobiliyatga ega bo‘lgan Husayn Temuriylarning o‘zaro urushlarini qiziqish bilan kuzatadi va uzoq olishuvlardan keyin — 1469 yilda Hirot taxtini egallaydi. Shundan so‘ng Navoiy so‘zi bilan aytganda: «… Abdulg‘ozi Sulton Husayn Bahodurxon… jahonbonliq taxtida maqom tutti va kishvarsitonlig‘ masnadida orom topti,— mulk silkiga amniyat gavharlarin chekti va jahon mazra’ida jamiyat donalarin ekti» (1).
Nihoyatda murakkab siyosiy sharoitda, qonli olishuvlar davrida shohlik mavqeiga ko‘tarilgan Sulton Husayn imkoniyati darajasida o‘z faoliyatini ijtimoiy- foydali tadbirlar bilan boshladi.
Ozarbayjonning taniqli olimi professor Hamid Orasli yozadi: «Navoiy mashhur «Hiloliya» qasidasidan boshlab, butun asarlarida Husayn Boyqaro haqida so‘z yuritadi, uning tomonidan amalga oshirilgan muhim tadbirlarni olqishlaydi. Boyqaro Navoiyning ta’siri bilan qator ilg‘or siyosiy, madaniy tadbirlarni hayotga tadbiq etgan, o‘zbek xalqining tarixida progressiv rol` o‘ynagan, ayni zamonda davrining ko‘zga ko‘ringan shoiri bo‘lgandir» (2). Darhaqiqat u halokatli o‘zboshimchaliklarga, falokatli nizolarga xotima berdi, mamlakatda o‘ttiz yilcha davom etgan nizolarni bostirib, nisbiy osoyishtalik o‘rnatdi. Husayn Boyqaroning tarixdagi asosiy xizmati shundadir. Buni u o‘tkir aqli, tiyrak zehni va qilichi yordamida qattiq qo‘llilik bilan amalga oshirdi.
Husayn Boyqaro taxtga chiqqanda Alisher Navoiy Samarqandda edi. Husayn Boyqaro o‘zining maktabdosh do‘sti Navoiyni poytaxtga — Hirotga taklif qildi va davlat ishlariga jalb etdi.
Husayn Boyqaro qo‘lidan kelganicha, davr, sharoit imkon berganicha, mamlakatda ilm-ma’rifatni, madaniyatnn taraqqiy ettirishga intildi.
«Makomirul-axloq» muallifi Xondamir Sulton Husayn Boyqaroning viloyatlarni obod qilish, binokorlik va dehqonchilik ishlarini rivojlantirish yuzasidan tuzgan rejalari haqida so‘zlab, shunday bir voqeani hikoya qiladi: Husayn Boyqaro Xorazm viloyatining ravnaqi, binokorlik va dehqonchilikni keng yo‘lga qo‘yish uchun u yerga uch ming xonadonni ko‘chirish haqida farmon beradi. Lekin Navoiy bu fikrga e’tiroz bildirib, bir necha marta shoh huzurida bunday qilmasligini iltimos qiladi. Oxiri Navoiy «o‘zingizning menga bergan farmoningizga binoan, har bir ish o‘rinsie voqe’ bo‘lsa, to‘qqiz galgacha aytishga haqlidurman» deb shohdan bu ishning bahridan o‘tishini so‘raydi. Shunda Husayn Boyqaro Navoiyning davlat manfaatidan kelib chiqqan holda xalq ahvoliga qayg‘urib, bu ishning amalga oshishiga monelik qilayotganini anglaydi. Lekin Xorazmni obod qilishga g‘oyat qattiq kirishmoqni ko‘pdan niyat qilib qo‘yganligi sababli Xorazmga uch ming xonadondan ikki hissasi qolib, bir hissasi ko‘chishi uchun yangidan hukm chiqaradi.(3)
Xondamir keltirgan bu hikoyada bir tomondan Husayn Boyqaroning mamlakat obodonchiligi yuzasidan amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalari haqida so‘z ketsa, ikkinchi tomondan, Navoiy bilan Husayn Boyqaro orasidagi munosabat, Navoiyga shoh tomonidan yaratib berilgan katta imkoniyat, o‘z muddaolariga xilof tarzda bo‘lsa ham, uning maslahat yoxud mulohazalaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishini, binobarin, Navoiy so‘zlari uning nazdida e’tiborli bo‘lganini ko‘ramiz.
Navoiy tashabbusi va ishtiroki bilan Sulton Husayn xayrixohligi tufayli mamlakatda talay obodonchilik ishlari amalga oshiriladi, savdo-sotiq yo‘lga solinadi, hunarmandchilik rivojlanadi, fan, san’at, adabiyot ravnaq topadi. Bu haqda Navoiy o‘zining «Muhokamatul-lug‘atayn» asarida yozgan edi: «… kalom ahliga tarbiya va ibtihojlar va kalom xaylig‘a ravnaq va rivojlar dast berdi. Va har ilmda mufid ta’liflar va har fanda muntij tasniflar qildilar va g‘arib rasoyili ma’naviy zuhur qildi va ajib davoyin va g‘azal va qasoyid va masnaviy yozildi».
Sulton Husayn Boyqaro davrida Hirot butun Sharqda ilm, san’at va adabiyotning yashnagan markaziga aylandi. Husayn Boyqaro xayrixohlik bilan qaragan Hirot madaniy muhitida mashhur tilshunos olimlar va tarixchilar, xattot va kotiblar, bastakor va xonandalar, rassomlar va naqqoshlar, sozanda va hofizlar, faylasuf va muzikashunoslar, shoir va adiblar ijod qilar edilar. Navoiy ularga yetakchilik qildi, ularning ijodiy faoliyatlari to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanishiga yordam ko‘rsatib, doimo foydali maslahatlar bernb turdi. Husayn Boyqaro Navoiyni behad hurmat qildi, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatladi. Jomiyni u «pirim» dedi, zamonasining mashhur olimlari, fozillari, san’at va adabiyot ahllari undan bahramand bo‘ldilar. O‘z navba- tida bunday qaynoq adabiy va madaniy muhitda Husayn Boyqaroning o‘zining ham ijodi kamolotga erisha bordi.
U feodal hokimiyatiga, saroy hayotiga xos bo‘lgan teskarichi kuchlarning madaniyatga qarshi hujumlarinn qaytarib turdi. Sayid Hasan Ardasher va Pahlavon Muhammad kabi erkin fikr sohiblarini e’zozladi.
Alisher Navoiy zo‘r qoniqish bilan Husayn Boyqaroning qadimgi o‘zbek tilining taqdiri masalasi yuzasidan amalga oshirgan tadbirlarini qayd qiladi. Bu Husayn Boyqaroning xalq oldidagi katta xizmati edi. Ma’lumki, o‘sha davrlarda ba’zi «mo»tabar» doiralar nazarida o‘zbek tili tahqir etilgan edi va bu tilda ijod qilish qalam ahllarining qobiliyatsizligini ko‘rsatuvchi alomat deb qaralar edi. Arab va fors tillari rasmiy, hukmron til bo‘lib, Navoiy ta’biri bilan aytganda, «turkiy til»ga e’tibor berilmas, u kamsitilar edi. Ana shunday bir davrda Husayn Boyqaro o‘zbek tilida yozish uchun maxsus farmon beradiki, bu narsa katta siyosiy, madaniy va ijtimoiy ahamiyatga molik edi.
Husayn Boyqaroning o‘zi o‘sha davr adabiyotining anchagina ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan edi. U she’rlarini «Husayniy» taxallusi bilan yozardi.
Navoiyning xabar berishicha, har ikki: forsiy va turkiy tilda she’r yaratish iqtidoriga ega bo‘lgan Husayn Boyqaro asosan o‘zbek tilida ijod qilgan. Shu tilda yozgan she’rlaridan devon ham tuzgan. U boshqalarni ham o‘zbek tilida she’r yozishga da’vat etgan. Hatto, u tomonidan, deydi Navoiy, «… iltifot va ehtirom yuzidin ba’zi ma’nilar topib nazm qilurg‘a hukmlar ham joriy bo‘ldi va so‘z uslubig‘a ta’yinlar va adosig‘a ta’limlar ham izhore bo‘ldi».
Demak, o‘sha davrlarda bevosita Sulton Husayn tashabbusi bilan u yoki bu noyob hamda nozik ma’nolar, mavzularga bag‘ishlangan mushoiralar, adabiyotga oid mubohasalar uyushtirilib turar edi.
«Majolisun-nafois»da Navoiy Husayn Boyqaro huzurida o‘tkaziladigan anjumanlarni «oliy majlis» deb yuritilgani va bunday majlisda eng yetuk asarlar o‘qilishi va muhokama boisi bo‘lishi haqida ma’lumotlar beradi.
Husayniyning yetuk she’rlariga Navoiy yuksak baho beradi. Bunda ayniqsa uning o‘zbek tilida yozganligini alohida qayd qiladi.
Darhaqiqat, Husayniy she’rlarining aksariga obrazlarnnng go‘zalligi, o‘xshatishlarning hayotiyligi, lirik qahramon kechinmalarinnng g‘oyat jozibador qilib berilishi, uslubning ravon va jarangdorligi xosdir.
Husayniy g‘azallarining birida mahbuba firoqida ko‘zining qiladigan ishi qonli yosh to‘kish bo‘lib qolganligi uchun u ko‘zni inju koni va la’l xazinasiga o‘xshatadi:

Yüklə 51,34 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin