Hofiz Xorazmiy lirikasida tabiat go‘zalligi tasvirlangan g‘azallar ko‘p uchraydi. Biz uning she’riyatida tabiat manzaralari beqiyos mahorat bilan chizib berilganini va o‘zining go‘zal badiiy in’ikosini topganini ko‘ramiz. Bu hol bejiz bo‘lmay, buyuk shoirning o‘z g‘oyaviy-badiiy niyatini amalga oshirishda peyzajdan ustalik bilan foydalanganligidan dalolat beradi. Hofiz Xorazmiy g‘azallaridagi tabiat bilan bog‘liq tasvirlarning har biri muayyan badiiy mazmunning to‘liq, yorqin va chuqur ifodalanishiga xizmat qiladi.Shoir lirikasida ko‘p hollarda lirik qahramonining ruhiy holati tabiat hodisalari yoki manzaralari tasviri bilan bog‘liq ravishda ochib beriladi, uning ehtirosli kechinmalari, qalbni junbushga keltirayotgan tuyg‘ular, vujudini o‘rtayotgan dard aynan shu usul yordamida o‘zining to‘laqonli ifodasini topadi.