2.3 Shukur Sa`dulla she`rlari "Dildor va koptok" she’rida Shukur Sa’dulla bolalardagi mustaqil, o`z-o`ziga xizmat etish ko`nikmasini shakllantirishda ular fe’latvoridagi nuqsonlarni tuzatish uchun to`g`ri muomala qila bilish zaruriyatini uqtiradi. Bunda shoir shunchaki nasihatgo`ylik qilib o`tirmaydi, balki hayotiy voqealarni poetik obrazlarda gavdalantirib, o`quvchiga estetik ta’sir ko`rsatadi. Shoirning ustaligi shundaki, u Dildor fe’l-atvoridagi tantiqlikni bolalar nutqiga xos takrorlarni qo`llash va bolalarning mudom tinimsiz harakatda bo`lish mantig`iga asoslanadi. Ya’ni, kichkintoy Dildor o`yinchoq koptogini izlab, uning qayerdaligini oyisidan so`raganda, uyda, yotogidagi krovatchasi ostida, yoki unga chiroyli ko`ylakcha tikib beradigan tikuv mashinasi orqasida kabi joylarni erinmay qizalog`iga tushuntirgani bois, nihoyat uni izlay-izlay “mashaqqat” chekib, o`zi topa olganidan sevinchi ichiga sig`may, “Ana, topdim, ana!”,– deya shodlanishi yorqin tasvirlangan. Shoir shu ekspressiv vosita tufayli kichkintoylarda mehnatga muhabbat hissini singdirishni ham ko`zlaydi.
"Ozoda" portret-she’rida esa tozalik mehnat natijasi ekanligi "olti yashar jajjigina Ozoda" timsolida o`rnak qilib ko`rsatiladi. "Dastyor qiz" she’rida mehnat hurmatga erishtiradi, degan g`oya bolalar hayotidagi oddiy voqea bayoni orqali olg`a surilgan. "Lola va mushuk" she’rida ozodalikka munosabat bolalarcha mushohadakorlik zamirida talqin qilinadi. Shoir bunday harakatlar o`xshashligi mantig`iga tayanib, ichki kompozitsion yaxlitlikni vujudga keltirgan. Shoir kichkintoylar ruhiyatining murakkabliklarini chuqurroq bilishga intiladi. Shu sababli ular fe’l-atvoridagi har qanday o`zgarishlarga bir xil munosabatda bo`lavermaydi: insoniy fazilatlar va kechinmalarni chuqur samimiylik bilan ifodalasa, "bolalarcha soddalik" deb ataluvchi xislatlardan yengilgina kulib, jilmayib qo`yadi. Bunday paytda beg`araz yumor shoir she’rlarining haroratiga aylanadi. "Dam olish kuni", "Oymomo" she’rlari shu xildagi yumoristik ruhi bilan ajralib turadi. Kichkintoylarning Vatanimiz go`zal tabiatidan zavqlanib kechgan rang-barang tuyg`ularini ifodalashda peyzaj Shukur Sa’dullaning asosiy tasviriy vositasiga aylangandir. Bu jihatdan shoirning "To`rt fasl" turkumi, "Bahor keldi", "Yomg`ir yog`aloq", "Turnalar", "Qiz va gul", "Yoqut ko`zli isirg`a", "Birinchi qor", "Men archa kesgani o`rmonga bordim", "Archa qo`shig`i" singari she’rlari e’tiborlidir.
"Qiz va gul"– o`zbek bolalar she’riyatida maktabgacha yoshdagilar uchun yaratilgan peyzaj lirikasining go`zal namunasi. Bu asar Hamid Olimjonning mashhur "Lola" she’riga hamohang yozilgan. Unda tabiat go`zalligi fonida inson go`zalligi shoirona nafosat bilan yolqinlantirilgan:
Daryo oqar jo`sh urib,
Sohil to`la gul-lola.
Ko`kka boqib, g`oz turib,
Kuylar jajji qiz bola.
Sochlariga gul taqib,
Oro berar o`ziga.
Daryo emas, gul oqib
, Ko`rinar qiz ko`ziga.
Daryo labi lolazor,
Kuylar jajji Gulbahor!
Sirtdan mo’jazgina ko`rinadigan bu she’rda faqat "jo`shqin daryo" va "ko`kka boqib", "g`oz turib" kuylayotgan "jajji qiz bola" obrazlari borday tuyuladi. Aslida esa, shoir she’r yakunlanmasida qizchà nomini ma’lum qilib, asarni yangi bir ramziy obraz – bahor obrazi hisobiga boyitadi. Gulbahor gapiruvchi ekspressiv nom. Uning timsolida "sochlariga gul taqqan" baxtiyor qizaloqlarimiz hamda tabiatga fayz kiritib kelayotgan ko`rkam fasl obrazlarini yorqin tasavvur qilish mumkin. She’riy imzo - o`zbek bolalar she’riyati uchun mutlaqo yangi janr. U asosan, dialog yoki monolog shaklida bo`ladi. Ba`zan topishmoqdek jumboqdan iborat bo`lsa, ba’zan epigramma xususiyatiga ega. Bunday paytda piching, istehzo uning asosiy fazilatiga aylanadi. Binobarin, she’riy imzo kuchli emotsional ta’sirchanlikka ega miniatyur badiiy asar hisoblanadi. She’riy imzoda hayvonlar, qushlar, hasharotlar hamda boshqa narsa-hodisalarning she’riy tavsifi ixchamgina: ba’zan oddiygina, ba’zan yumoristik tarzda ifodalanadi. Uning har bir satri yoki bandining mazmuni asosida aniq narsa yoki voqeani aks ettiruvchi jozibali rasm chizish mumkin. Demak, she’riy imzo shoir va rassomning hamkorlikdagi fantaziyasi mahsuli hisoblanadi. Shukur Sa’dullaning hayvonlar, qushlar, hasharotlar va bolalar o`yinchoqlari to`g`risidagi qator asarlari ma’rifiy-badiiy qimmatga ega she’riy imzolar sirasini tashkil etadi.
"Chittak" – qushcha rasmi ostiga "chekilgan" ana shunday she’riy imzolardan. Shoir unda topishmoqdagidek yashiringan narsa – jumboqning belgilarini sanab ko`rsatib, shu usul bilan kichkintoylarga chittakning tashqi ko`rinishiga oid oddiygina ma’lumotlar beradi, ular tasavvurini aniq tushunchalar hisobiga to`ldiradi va boyitadi: Men qushchaman kichkina,
Tillarim chuchukkina.
Ola-chipor qanotim,
Bilsangiz – chittak otim.
Chittak o`zini shunday tanitadi. Uning so`zlash uslubi xuddi bolalarnikiday. Antropomorfizmdan foydalanish she’riy imzoning ma’rifiy ahamiyatini ta’minlashdan tashqari, tez yodlanishini ham qulaylashtiradi. Demakki, kichkintoylar lug`at boyligini "ola-chipor", "chuchukkina", "chittak" kabi yangi tushunchalar hisobiga boyitish imkonini tug`dirgan. Shoir poetik ijodida hajviy she’rlar barmoq bilan sanarli: "Olim uyaldi", "Bizning oyna", "Ivirsiq", "Anqov", "Shalabbo", "Injiq qizcha", "Jumboq" kabilar shu silsilani tashkil etadi.
"Yoriltosh" musiqali ertak-dramasi (1937) va opera librettosi (1967), "Chol bilan bo`ri" kichik she’riy pyesasi (1967), "Zubayda" (1969) ertak-dramasi o`zbek bolalar dramaturgiyasining yuksalishida hissa qo`sha oldi.
"Yoriltosh" – Shukur Sa’dullaning dramaturgiyaga dadil qo`l urishi tufayli bitilgan va asosan, o`smirlarga mo`ljallangan musiqali ertak-dramadir. Asar birgina "Yoriltosh" ertagi sujetini stilizatsiya qilish asosidagina emas, balki shu ertakda tasvirlangan o`gaylik motivlariga hamohang bo`lgan boshqa bir qancha xalq ertaklaridan ijodiy ilhomlanish va ta`sirlanish negizida yozilgan. Dramaturg uni uch marta qayta ishlab, o`zbek bolalar dramaturgiyasining yorqin namunasiga aylantira oldi. "Yoriltosh" ertak dramasi katta-yu kichikni birdek qiziqtiradi. U folklordagi shu nomli ertak asosida yozilgan. Shukur Sa’dulla xalq ertagini badiiy jihatdan to`liq qayta ishlagan. Bu avvalo, ertak-drama kompozitsiyasida ko`rinadi. Xalq ertagi sujeti asosan, nasriy qismdan iborat. Faqat Gulnoraning toshga, Oymomaning opasiga yolvorib aytgan so`zlari she’riy ifodalangan. Ertak-drama esa ko`proq she’rlar asosida tuzilgan. U to`rt parda, olti ko`rinishli bo`lib, ham nasriy, ham nazmdan tashkil topgan. Xususan, qahramonlarning ichki kechinmalari, orzu havaslari, tuyg`ulari she’r orqali beriladi. Sahna Gulnoraning bog` etagida, boshida gulchambar, ashula aytib yurgan ko`rinishi bilan boshlanadi:
Erkin-erkin yursam men,
Davri-davron sursam men,
Baxtli kunlar ko`rsam men,
Qandi-navvot so`rsam men.
Bo`lsa chambar boshimda,
Xuddi guldek yoshimda,
Bulbul bo`lsa qoshimda,
Shakar bo`lsa oshimda...
Shukur Sa’dulla bu asarni musiqiy ertak-dramaga moslab yozgani sababli, unda shunga o`xshash she’riy matnlar talaygina. O`gay ona va Gulnora o`rtasidagi ziddiyatlar barcha o`gaylik motividagi ertaklarga o`xshab ketadi: albatta, sho`rlik qizga jabr-sitam qilinadi, uyning barcha yumushi uning bo`ynida, tag`in ikki gapning birida haqoratli so`zlar bilan xo`rlanadi. Gulnora ham ana shu zulmlar dastidan dod deyishga andishasi qo`ymay, kuylashga, yuragini yozishga harakat qiladi. O`gay ona Gulnorani qancha xo`rlagani, yomon ko`rgani sari undan qutulgisi ham yo`q. Gulnora o`gay ona zulmidan qutulmoqchi bo`lganda, o`gay ona unga:
"Qutulasan-a, qutulasan. Osmonga chiqsang oyog`ingdan tortaman, yerga kirsang qulog`ingdan. Hali chuchvarani xom sanab yuribsan... Bo`l tezroq, bor, o`tin keltir, to`ngak yor, choy qaynat, hovlini shipir, ayvonni tuzat, ko`rpacha yoz qora yer...", – deydi. O`gay onaning tub maqsadi keyin fosh bo`ladi. Uning So`loqmon arzandasiga Gulnorani olib berish uchun to`y boshlangan edi. Gulnoraning dugonalari, yigit-qizlar dastlab qo`shiq aytishib, o`yin tushganda ham Gulnora nima gapligini tushunmaydi. Shukur Sa’dulla asarda qizlar ashulasi, o`yini, Gulnora va qizlarning lapar aytishuvini ijodiy mahorat bilan ifodalaydi. Negaki, xalq ertagi sujetida bunday laparlar yo`q. Bu yor-yor va laparlarning aksariyati to`ylarda, qiz yig`inlarida aytiladigan matnlardir. Masalan,
Hay-hay o`lan, jon o`lan,
mis panjara, Har jafoga
ko`nadi qiz bechora.
Yoki,
Uzun-uzun arg`amchi halinchakka,
Doka ko`ylak yarashadi kelinchakka.
Doka ko`ylak etagiga tut qoqaylik,
Yigitlarning yuragiga o`t yoqaylik.
Shuningdek, Gulnora bilan qizlar o`rtasidagi aytishuvlarning ba’zilari shoir ijodi ekanligi yaqqol ko`rinadi. Masalan, qizlar bilan qo`shilib o`ynab-kulayotgan Gulnora oldiga keltirilgan kelin sarpolarini ko`rib, hayratlanadi. O`z shubhalarini o`rtoqlaridan so`raganda, ular bunday javob qiladilar:
Aytsak xafa bo`lmaysan, go`zal Gulnora,
Bu baloga, azizim, top o`zing chora
. Bu o`ltirish, bu kulgi, bu o`yin yalla,
Chinni aytsak boshlangan to`ying, Gulnora.
Yoki, bu so`zlar chinligiga endi ishonmaslikka iloji qolmagan Gulnora shunday bo`zlaydi:
O`gay akam.. Voy sho`rim, koshkiydi o`lsam,
G`unchaligimda tezroq, ochilmay so`lsam...
Yuragim pora-pora bo`ldi... Uf... Evoh...
Na qilay... qayga bordim... sho`rim qurdi... oh..
Ko`rinadiki, Shukur Sa’dulla "Yoriltosh" ertak-dramasini anchayin ijodiy qayta ishlagan. Keyingi sahnalarda ham Gulnoraning tog`-toshlar orasidan o`gay onasi va o`gay akasi ta’qibidan qochib, kuylagan g`azallari goh mumtoz adabiyotga xos vaznda, goh folkloriy ohangda ifodalangan. Aytaylik, "Zulm ila tushdi boshimga ko`p jafo, ey do`stlarim, Ayriliqqa yo`lni soldim, za’farondir yuzlarim",– deb boshlanuvchi g`azal aruz vaznida yangrasa, Ey xarsang tosh-xarsang tosh-a,
Xo`rlanganman, ko`zda yosh-a.
Yorilgin tosh, yoril tosh-a,
Men senga yo`ldosh, yo`ldosh-a,
misralari xalq ohanglariga hamohang. Ertak drama sujeti xalq ertagidan deyarli tafovut qilmasa-da, shunga o`xshash sahna ko`rinishlari, Gulnoraning kechinmalari bilan bog`liq aytim-olqishlar, yoxud o`gay ona qarg`ishlari shoirning ijodiy mahsuli ekanligi ko`rinib turadi. Shukur Sa’dulla ertak-drama sujetida ham ayrim o`ziga xos obraz va detallar kiritadi, albatta. Masalan, Gulnoraga xarsang tosh uni berkitishini onasidan yodgor qolgan marjon tosh aytadi va uning yo`lini yoritib boradi. Ertak-dramaning oxirigacha ana shu marjonlar opa-singillarga homiylik qiladi. Oymomaga opasi alla aytishini ham shoir badiiy to`qimasi, deyish mumkin. Gulnora va Oymoma sahroda uxlab qolgach, Ajdarning paydo bo`lishi, bu ularning o`gay akasi ekanligi, ular olishib, oxiri ajdar kechirim so`rab, onasining kirdikorlarini xabar berib ketishi ertak-dramaga jon bag`ishlaydiki, bu ham xalq ertagida kuzatilmaydi. Bundan shu narsa ayon bo`ladiki, o`gay ona va uning o`g`li sehr-jodu bilan ish qiladi. Ular ertaklardagi demonologik obrazlarga o`xshab, turli qiyofalarga kira oladilar. O`gay ona Gulnorani xotin qilib olgan shoh uyiga Parixon qiyofasiga kirib borishida ham bu dalilni ko`rish mumkin. Umuman, ertak-dramada she’riy yo`l bilan yozilgan qismlar ko`proq. Shunga qaramay, shoir bolalarbop ifoda usuli bilan eng dolzarb mavzularni tilga olgan.
Shoirning "Pyesalar" kitobida bu ertak-dramaning yozilgan yili 1937-1938-yillar deb ko`rsatilgan. Shuning o`ziyoq "Yoriltosh"ning ramziy ma’no kasb etishini anglatadi. Chunki, bu yillar millatimiz tarixida eng qirg`inbarot, yalpi qatag`on davri sifatida achchiq xotira bo`lib qolgan. E’tibor berilsa, ertak-dramada asosan ozodlik, erkinlik haqida ko`p kuylanadi. Yana Gulnoraning tilidan tog`u toshlarga nido qilinadi. O`gay ona va akaning yovuz qiyofalarga kirib opa-singillarga kun bermay, yovuzlik qilishi o`sha yillar fojealarini esga soladi. Bekoyim bilan Parixonning til biriktirib, Gulnoraga qasd qilishlari zamirida ham yovuzlik yotadi. Bularning barchasi, avvalo, Shukur Sa’dullaning xalq og`zaki ijodining boy merosidan unumli foydalana olgani natijasi bo`lsa, ikkinchidan, shoir iste’dodi namunasidir. Zotan, u xalq ijodiga xos motivlarni ham ertak-dramada o`rinli ifodalay olgan. Xullas, Shukur Sa’dulla ham shoir, ham yozuvchi, ham dramaturg, ham tarjimon, ham folklorshunos sifatida bolalarga qirqdan ortiq kitob hadya etib, o`zbek bolalar adabiyoti xazinasini boyitgan professional ijodkordir.
Xulosa
Bolalarni boshlang’ich sinfga qabul qilgan o’qituvch to’rt yil mobaynida o’quvchilar ustida muttasil ishlaydi. Sababi 7 yoshdan 10 yoshgacha bo’lgan bolalarning xarakter xususiyatlari shuni taqozo etadi. Pedagog shu to’rt yil davomida o’quvchilarinining faolligini kuzatib, ularni ma’lum maqsad sari yo’naltiradi. Bu jarayonda o’quvchilar faolligining rivojlanishida har bir fanning, jumladan, “O’qish” fanining o’z o’rni bo’lib, o’qituvchi ularning ushbu fanlardan o’zlashtirish darajasini muntazam ravishda kuzatib boradi. Chunki har bir fan o’quvchida biron bir xususiyatni shakllantiradi.
O'tmishda vatanimiz va xalqimiz boshidan kechirgan muhim voqea-hodisalar aks ettirilgan asarlarni o'qish orqali o'quvchilarda ijtimoiy- tarixiy bilimlar shakllana boradi. O’tmish haqidagi asarlarni o’qish orqali o’quvchilar g’azal mulkining sultoni bobokalonimiz Alisher Navoiy, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Ali ibn Sino, Imom al-Buxoriy, Husayn Voiz Koshifiy, Yusuf Xos Hojib, Sa'diy Sheroziy, at-Termiziy va boshqa ko’plab o’z davrining buyuk namoyondalari haqida ma’lumotga ega bo’lishlari mumkin.
Ona yurt dahlsizligi yo'lida ajdodlarimiz olib borgan kurashlar tarixi haqida hikoya qilingan asarlar bolalarda vatanga muhabbat tuyg'ularini tarbiyalaydi. Boshlang'ich ta'lim o'quv dasturidan o'rin olgan vatan mavzu'sidagi asarlar o'quvchilarni mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va xalqning jangovor mehnati bilan tanishtirishga yordam beradi. Dasturning vatanga, inson e'tiqodi va ma'naviyatiga bag'ishlangan mavzularini o'rganish o'quvchilarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda alohida o'rin tutadi.
Istiqlol tufayli erishgan yutuqlarimiz, xususan, ozod vatanimizning ramzlari (bayrog'i, tamg'asi, madhiyasi) haqidagi asarlar milliy g'urur tuyg'ularini tarbiyalashga xizmat qiladi.
Darsda o'quvchilarning faolligini oshiradigan, tasavvurlarini boyitadigan usullardan foydalanish, asarlarni ham tabiatidan kelib chiqib rollarga bo'lib o'qitish, qahramonlar nomidan qayta hikoya qilish, qahramonning taqdiri haqidagi hikoyani davom ettirish, qiziqarli mavzularda og'zaki hikoya tuzdirish kabi ijobiy topshiriqlardan foydalanish maqsadga r. O'quvchilarning o'quv dasturi talablarini o'zlashtirishlari uchun sharoit yaratish, ularni darsda faol qatnashishga undash, o'zlashtirish sur'atlari va imkoniyatlariga qarab qo'shimcha vazifalar berish, darsning qiziqarli va samarali bo'lishi uchun mos vazifalardan unumli foydalanish, dars jarayonida bolalar jamoasi e'tiborini jalb qilgan holda muammoli vaziyatni yuzaga keltirish va uning yechimini topish, o'quvchilarning bilim, malakasini baholash, uyga beriladigan vazifalarni me'yorlash, ularning zo'riqishlarining oldini olish lozim.
Foydalanilgan Adabiyotlar
1.Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma'naviyat,
2 Matjon S. Maktabda adabiyotdan mustaqil ishlar. – Toshkent: O'qituvchi, 2000.
3.M.Jumaboyeva Bolalar adabiyoti va ifodali o'qish 2011
4. Jumaboyev M. O'zbek bolalar adabiyoti. –T.: O'qituvchi, 2002,
5. Matjon S. Maktabda adabiyotdan mustaqil ishlar. – Toshkent: O`qituvchi, 2000.
6. O'zbek bolalar antologiyasi. Nasr. 2-qism. –Sharq. –T.: 2006
7. Rahimjonov N. Mustaqillik davri o'zbek she‘riyati. Toshkent. Fan. 2007
8.O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi
9.Internet materiallari