2. Yong’in xavfsizligini ta’minlash asoslari.O’zbekiston Respublikasida Yong’in xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslari quyidagilardan iborat: 1. O’zbekiston Respublikasining “Yong’in xavfsizligi to’g’risida”gi Qoununi 2009 yil 30-sentabr O’RQ-226. 2. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 3-fevraldagi “Yong’inlarni va ularning oqibatlarini hisobga olish, shuningdek yong’inlarga doir axborotni to’plash hamda o’zaro almashish tartibi haqidagi Nizomini tasdiqlash to’g’risida” 13-sonli Qarori. 3. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 4- oktabrdagi “Davlat yong’in nazorati to’g’risidagi Nizomini tasdiqlash haqidagi” 272-sonli Qarori. 4. O’zbekiston Respublikasi IIVning 2013 yil 21 noyabrdagi “Tadbirkorlik subektlariga tegishli bo’lgan ob’yektlarni yong’in-profilaktika ko’rigidan o’tkazish tartibi to’g’risida” 136-sonli buyrug’i. 5. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi “Ichki ishlar organlari yong’in xavfsizligi bo’linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-2992-sonli Qarori. Yuqorida biz yong’in xavfsizligini ta’minlash bo’yicha huquqiy asoslarini ko’rib chiqdik. Avvalo shuni ta’kidlash joizki bugungi kunda har bir korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari yong’in xavfsizligi qoidalarini mukammal darajada bilishlari bilan birga uni ta’minlashlari maqsadga muvofiq. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 maydagi “Ichki ishlar organlari yong’in xavfsizligi bo’linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-2992-sonli Qarorida davlat va xo’jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o’zini- o’zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga ularga qarashli ob’yekt va hududlarda yong’in xavfsizligi talablariga rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilgan. Yuqorida ko’rsatilgan mansabdor shaxslar har chorakda yong’in xavfsizligini ta’minlash masalalari bo’yicha yig’ilishlar o’tkazilishi, ular doirasida o’ziga qarashli ob’yekt va hududlarning yong’inga qarshi holatini tanqidiy tahlil qilib borishi shartligi belgilab qo’yilgan. Shu munosabat bilan yong’in xavfsizligi tizimida ilk bor haftaning har chorshanba kuni “Yong’inlar profilaktikasi kuni” deb belgilandi.