O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi: Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron hisobvaraq-faktura tizimi operatorlari sonini ko‘paytirish hamda operatorlar bilan hamkorlikda 2020-yil 1-aprelgacha elektron hisobvaraq-fakturalar almashish tizimini to‘laqonli joriy qilish choralarini ko‘rsin; elektron hisobvaraq-fakturalar yuritishga o‘tgan soliq to‘lovchilar uchun soliq hisobotlarini topshirish tartibini soddalashtirish, shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinalar yuritishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik choralarini joriy etish bo‘yicha takliflarni 2020-yil 1-iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 10. 2020-yilda soliq yukining keskin o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, jismoniy shaxslar mulkiga kadastr qiymati asosida belgilangan mol-mulk solig‘i summasi 2019-yilda hisoblangan soliq summasining 1,3 barobaridan ortiq oshirilmasligi belgilansin. 11. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliq tushumlari quyidagicha taqsimlanadi: a) budjet tashkilotlari bo‘yicha: budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — 99,2 foiz; Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga — 0,4 foiz; O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,4 foiz; b) boshqa to‘lovchilar bo‘yicha: budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga — 98,4 foiz; Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga — 0,8 foiz; O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga — 0,8 foiz. 12. 2020-yil 1-yanvardan boshlab: rentabellik darajasidan kelib chiqib, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda solig‘i stavkalari 4-ilovaga muvofiq; “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy va kumush uchun 20 foiz va mis bo‘yicha 15 foiz miqdorida tasdiqlansin. 14. Belgilansinki, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta’lim muassasalariga qonunchilikda oliy ta’lim muassasalari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tatbiq etiladi va 2020-yil 1-yanvardan boshlab ijtimoiy soliqning 12 foiz miqdordagi stavkasi qo‘llaniladi. 15. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan yer solig‘i qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.