www.ziyouz.com kutubxonasi 117
Ibn Abbosdan (r.a.) biror narsa so‘ralsa: «Horisa bilan Jobir ibn Zayddan so‘ranglar»,
der edilar.
Ibn Umar (r.a.) esa, Said ibn Musayyabdan so‘rashni aytardilar.
Hikoya qilishlaricha, bir sahobiy yigirmata hadisni aytdi. Odamlar undan tafsirini
so‘rashdi. Sahobiy: «Menda rivoyat qilganimdan boshqa (ma’lumot) yo‘q», dedi.
Shundan so‘ng majlisda o‘tirgan Hasan Basriy hadislarni birma-bir sharq qila boshladilar.
Odamlar uning go‘zal tafsiriga va hofizasiga hayratlanishdi. Shunda o‘sha sahobiy
odamlarga bir hovuch mayda toshni otib yubordi va: «Oldingizda shunday olim
turganda, ilmni mendan so‘raysizlarmi?» dedi.
(Oxirat olimlarining alomatlaridan) yana biri himmatining ko‘prog‘i (g‘ayrati) botin ilmiga, qalb muroqabasiga, oxirat yo‘llari va unda yurish qoidalarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lishi hamda ularning inkishofi uchun mujohada va muroqabaga jiddiy kirishishidir. Chunki mujohada mushohadaga yo‘l ochadi. Qalb ilmlarining nozik
jihatlarini o‘rganish bilan hikmat buloqlari qaynab chiqadi. Ammo (quruq) ta’lim bilan
bunga erishib bo‘lmaydi. Balki, mujohada va muroqaba bilan, zohiriy va botiniy
amallarni qo‘shish bilan, uyg‘oq qalb va musaffo fikr bilan, xilvatda Alloh taologa
yuzlanish bilan cheksiz va son-sanoqsiz hikmat yuzaga chiqadi. Bu esa, ilhomning kaliti
va kashfning manbaidir. Qanchadan-qancha ta’lim oluvchilar borki, ta’lim olish muddati
uzun bo‘lgani holda, eshitgan ilmiga bir kalima bilan ham qo‘shimcha qilishga qodir
emasdir. Ta’lim olishda muhim narsalar bilangina cheklanuvchi hamda amal va qalb
muroqabasiga jiddiy kirishuvchi qanchadan-qancha kishilar borki, Alloh taolo unga
oqillarning aqllarini hayratda qoldiruvchi hikmat sirlarini ochib beradi. Shuning uchun
ham Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Kim bilgan ilmiga amal qilsa, Alloh taolo
uni bilmagan narsalarining ilmiga voris qiladi»,169 deganlar.
169. Abu Nu’aym Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan, zaif.
Eski kitoblardan ba’zisida shunday yozilgan ekan: «Ey Bani Isroil! Sizlar: «Ilm
osmondadir, uni yerga kim olib tushadi? (Ilm) yerning qa’ridadir, uni kim olib chiqadi?
(Ilm) dengizlar ortidadir, uni kim olib keladi?» demanglar. Ilm qalblaringizga
joylangandir. Mening huzurimda ruhoniylar odobi va siddiqlarning axloqi bilan turinglar.
Shunda ilm qalblaringizda zohir bo‘lib, butun vujudingizni egallab oladi».
Sahl ibn Abdulloh Tustariy (r.a.): «Olimlar, obidlar va zohidlar qalblari qulflangan holda
dunyodan o‘tdilar. Faqat siddiqlar va shahidlarning qalblarigina ochildi, xolos», dedilar
va keyin Alloh taoloning ushbu so‘zini tilovat qildilar: