www.ziyouz.com kutubxonasi 23
dunyoga aloqadordir. Diniy nizom dunyoviy nizomsiz vujudga kelmaydi. Zero, dunyo
oxirat ekinzoridir. Dunyoni vatan va doimiy qarorgoh deb tushunmasdan, uni vosita
sifatida bilganlar uchun dunyo Allohga eltuvchi yo‘ldir. Dunyoning tartib-nizomi
odamlarning amallariga bog‘liq.
Insonlarning ishlari, kasbu korlari va sanoatlari uch qismdan iborat:
1. Olam oyoqda turishi uchun kerak bo‘lgan asoslar. Bular: yeb-ichish uchun ekin ekish;
kiyim-kechak uchun to‘qimachilik qilish; yashash uchun bino-uy hozirlash; odamlar
o‘rtasida o‘zaro yordam.
2. Bularning har birini yuzaga keltirishga ko‘mak beradigan omillar. Masalan,
dehqonchilik uchun asbob-uskuna tayyorlab beradigan temirchilik sanoati yoki
to‘qimachilik uchun zarur bo‘lgan paxta tozalash, ip yigirish kabi sanoatlar.
3. Mazkur asoslarni mukammallashtiruvchi va ziynat beruvchi ishlar. Bunga un qilish,
pishirish, yuvib tozalash va tikishlar kiradi.
Insonning a’zolari unga qancha ahamiyatli bo‘lsa, bu uch asos uning hayotida ham
shunchalik muhimdir. Zero, insonlarning a’zolari ham uch asosga bo‘lingan:
1. Qalb, jigar, miya kabi asl a’zolar.
2. Asl a’zolarga xizmatchi bo‘lgan a’zolar: oshqozon, tomirlar, asab tolalari, arteriya va
vena qon-tomirlari kabi.
3. Asl a’zolarni to‘ldiruvchi va ularga ziynat beruvchi a’zolar: tirnoq, barmoq, qosh va
boshqa a’zolar.
Yuqorida aytib o‘tilgan sanoatlarning eng sharaflisi asos bo‘lganlaridir. Ularning ham
ulug‘i va sharaflisi esa, kishilar orasida isloh va ulfatni joriy qiluvchi siyosatdir. Shuning
uchun boshqa kasbu sanoatda talab qilinmaydigan shart – boshqara bilish mahorati
siyosatda talab qilingan. Shu sababdan boshqalar siyosat sohiblariga xizmatda bo‘ladi.
Dunyo va oxiratdagi najot yo‘lini ko‘rsatuvchi murshidlar ahvolini isloh qiluvchi siyosat
to‘rt darajadan iborat: 1. Eng oliy siyosat. Bu payg‘ambarlar siyosati bo‘lib, zohiru
botinda xosu omga qilgan hukmlaridir. 2. Xalifalar, podshohlar va boshqa hokimlarning
xosu omga yuritgan siyosati. Bu faqat zohirga oid hukmlar bo‘lib, botinga tegishli emas.
3. Alloh taoloni tanib, Uning dinini bilgan va payg‘ambarlar vorisi bo‘lgan olimlarning
siyosati. Bularning hukmlari faqat xoslarning botiniga doir bo‘lib, ommaning fahmi
ulardan istifoda qilishga yetmaydi. Ular insonlarga man’ qilish, buyurish va majburlash
siyosatini yuritmaydilar. 4. Voizlar siyosati. Bu siyosat avomning botinini isloh qilishda
ularning hukmlaridan iborat.
Bu to‘rt nav ichida payg‘ambarlik darajasidan keyin eng sharafli siyosat insonlarni
halokatga eltuvchi yomon xulqlardan qaytarib, ularni saodatli go‘zal axloqqa yo‘l
ko‘rsatuvchi ilm san’atidir.
Ilmning boshqa kasb-hunarlardan sharafli ekanini aytib o‘tdik.
Sanoat, kasb-hunarning sharafi esa uch narsa bilan bilinadi:
1) uni bilishga vasila bo‘lgan g‘ariza - tabiiy ehtiyojga qarash bilan. Bu aqliy ilmlarning
lug‘aviy ilmlardan afzalligiga o‘xshaydi. Zero, ilm va hikmat aql bilan idrok qilinadi.
Lug‘at (til) , eshitish bilan olinadi. Aqlning eshitishdan ustunligi esa ma’lum;
2) umumiy manfaatlarga ko‘ra bilinadi. Masalan, dehqonchilik zargarlikdan afzaldir;
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy