Insonning fiziologik va psixologik tavsiflarining xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati
Insonning fiziologik va psixologik tavsiflarining xavfsizlikni ta’minlashdagi ahamiyati
Reja:
1. Ochiq axborot kommunikativ tizimlarida shaxsning kо‘nikmalarini shakllantirish.
2. Shaxsning ma’naviy – axloqiy takomili va о‘zini о‘zi himoya qilish.
3. Shaxs, jamiyat, davlat axborot psixologik xavfsizligi himoya usullari.
Ochiq axborot kommunikativ tizimlarida shaxsning kо‘nikmalarini shakllantirish.
“Axborot jamiyati" — alohida izoh talab etadigan so’z birikmasi. U hozir nafaqat olimlar davrasida, balki matbuot sahifalarida ham bot-bot tilga olinmoqda — jamiyatning kelajagi shu tushuncha bilan bog‘lanayotir. Lekin jamiyat rivojida axborot texnologiyalari roli yanayam ortib borishi haqidagi ba’zi va’zlar inobatga olinmasa, bu borada hali ilgari siljish ko’zga tashlanayotgani yo’q. Qolaversa, "axborot jamiyati" atamasini har kim o’zicha tushunib, istifoda qilmoqda.Vaholanki, axborot jamiyati shundoqqina bo’sag‘ada turibdi va uning qanday kutib olinib, qanday talqin etilishi XXI asr tamadduni mazmuniga ko’p jihatdan ta’sir ko’rsatadi. Biz hali ko’p bor bu hodisa mag‘zini chaqishga urinishimizga to’g‘ri keladi. Lekin hozirdanoq shuni aniq aytish mumkinki, axborot jamiyati insoniyatning aqlga tayangan say-harakatisiz Yer yuzida o’z-o’zicha qaror topa olmaydi. Ax-borotlashtirishning zaxira imkoniyatlari sayyoraviy hamjamiyat baxt-saodati yo’lida xizmat qilmog‘i uchun bu hamjamiyat tuzilmasidagi ba’zi bo’g‘inlar, ayniqsa, ongimizdagi qoliplar isloh etilishi lozim.
Bunday jamiyatni barpo etishga doir umumiy rejani ishlab chiqishga chog‘lanishdan avval "axborot jamiyati" tushunchasining o’zini anglab va bu boradagi tasavvurlarni bugungi ijtimoiy rivojlanish tamoyillari bilan bog‘lab olish zarur. Modomiki, ushbu tushunchaga turlicha, ba’zan hatto qarama-qarshi ma’no yuklanayotgan ekan, ishni shu haqda bahsu munozara ochib, nuqtai nazarlarni qiyoslab olishdan boshlash eng maqbul yo’ldir. Faqat shu yo’l bilan muammoni jamoatchilik ongi va qalbiga yetkaza olish mumkin. Ushbu maqola ham jamiyatning ijtimoiy va texnologik tadrijidagi hozirgi bosqichga doir ko’plab nuqtai nazarlardan biri bilan tanishtiradi.Ayni vaqtda bizni qiziqtirayotgan masala bo`yicha ikkita qarama-qarshi fikr mavjud. Dastlabkisiga ko’ra, insoniyat o’z taraqqiyotida "axborot jamiyati" deb atash mumkin bo’lgan bosqichga qadam qo`ydi va u halizamon postindustrial jamiyat o’rnini ishg‘ol etadi yoki hozirdanoq bu o’rinni egallay boshladi. Kompyuter texnikasi, fazoviy aloqa, axborot texnologiyalari va hokazolarning bemisl rivoj topgani shundan dalolat beradi. Bundan tamoman farq qiluvchi keyingi qarashga ko’ra esa, axborot jamiyati faqat uzoq kelajakka daxldor hodisa.