Ishchi kuchi talab va taklifi oʻrtasida bozor muvozanatiga erishish mehnat bozorining shakllanishida hal qiluvchi iqtisodiy shartlardan biri hisoblanadi
Ishchi kuchi talab va taklifi oʻrtasida bozor muvozanatiga erishish mehnat bozorining shakllanishida hal qiluvchi iqtisodiy shartlardan biri hisoblanadi. Ammo bunday muvozanat mavjud emas. Buning asosiy sababi – taklif qilingan mehnatga layoqatli aholi sonining oʻnta talab miqdoriga nisbatan tez oʻsishi. Iqtisodiyotning barcha sektorlaridagi tarkibiy oʻzgarishlar hozirgi sharoitda mehnat bazorida ishchi kuchiga talab va uning taklifining yangi harakatini belgilovchi eng muhim iqtisodiy shartlardan hisoblanadi. Bular sanoat va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida yangi ish joylarini yaratishni va mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida sifat oʻzgarishlarni asoslab beradi. Bunday sharoitlarda, bir tomondan, mehnat bozorining yangi segmentlari agrosanoat majmuasi va ijtimoiy-ishlab chiqarish, infratuzilmasining koʻp sonli mehnat talab qiladigan tarmoqlari va ishlab chiqarish boʻg‘inlarini qamrab olsa, boshqa tomondan, iqtisodiyotning an’anaviy sektorlarida bozor munosabatlarini vujudga keltiradi va rivojlantiradi. Ishchi kuchi narxining oʻzgarishi mehnat bozori shakllanishining muhim iqtisodiy sharti hisoblanadi. Bozor iqtisodiyotiga oʻtishni amalga oshirayotgan mamlakatlarda ish haqi haqiqiy darajasining pasayishi tendensiyasi kuzatiladi. Nazariy jihatdan bunday vaziyatda ish haqini ishchi kuchi qiymatidan pastroq belgilash uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi. Ammo bunday imkoniyatlardan foydalanishni davlat qonunchilik yoʻli bilan “toʻsib qoʻyish”ga harakat qiladi. Shu maqsadda minimal ish haqi va kun kechirish uchun zarur miqdor darajasi rasmiy ravishda belgilanadi. Bunday holda ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti normal faoliyat koʻrsatganda minimal ish haqi kun kechirish uchun zarur miqdor darajasidan kam boʻlmasligi lozim.
Mehnat bozori shakllanishiga qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida ish mavsumiy boʻlganligi uchun ish bilan toʻliq band boʻlmagan shaxslarning koʻpchiligi sezilarli ta’sir koʻrsatadi.Bizning baholashimizcha, 2020-yilda shu sababga koʻra, Samarqand viloyati qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida 38,4 ming kishi, ya’ni undagi xodimlarning 18,4 foizi ishtirok etmagan. Mavsumiy mehnat davrining kattaligi ishsizlik xavf-xatari va hajmini oshiradi. Hozircha qishloq xoʻjaligida qoʻl mehnatining ulushi ancha katta. Ammo bu an’anaviy tarmoqning ekstensiv rivojlanishi va yangi qoʻshimcha ish joylarini yaratish imkoniyatlari kamligi hamda yer va suv resurslari yetishmasligi tufayli cheklangan. Shu bilan birga ilmiy-texnik yangiliklar va mehnatni tashkil qilishning ilg‘or uslublarini tatbiq etish xodimlar qishloq xoʻjaligidan ozod qilinishini tezlashtiradi. Bu esa yuqori malakaga ega boʻlmagan mehnatga talabni yanada kamaytiradi va ishsizlikni, ayniqsa, koʻp bolali ayollar va yosh qizlar oʻrtasida koʻpaytiradi.[6]