Bizda esa shuncha potensiallarimiz bo‘la turib, afg‘onistonliklar darajasida ishbilarmonlik qilolmaymiz. Bunga sabab esa bitta. Avvalo bunga bizda tashqi bozorlar talabini bilmasligimiz sabab bo‘lsa, undan so‘ng, ekin maydonlarimizda hali hanuz majburiy buyruqbozlik boshqaruv shakli saqlanib qolayotganligi bo‘lsa ajablanmaslik kerak.
Xo‘p. Endi o‘sha kerakli mahsulotni topdik. (Mahsulotni biz naqd pulga sotib olamiz. Aslida bu ham alohida mulohaza yuritiladigan muammolardan biridir.) Topgan mahsulotimizni joyidan transportirovka qilish bilan bog‘liq muammoga duch kelamiz. Bu yerda ham xuddi ikkinchi muammodagiday holat. Ya’ni, transportlar xaqidagi ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi bilan bog‘liq muammo.
Amalda biz o‘sha topilgan mahsulotni tashib olib kelish uchun, yuk mashinalar turargohiga boramiz (“pyatak”). U yerda ham tanlov kam bo‘ladi. Bo‘lsa uzog‘i 5-10 tacha topilar. Vaholanki O‘zbekistonda 5 -8 ming atrofidagi miqdorda yuk tashuvchi avtotransport vositalari bor deya taxmin qilinadi.
Tadbirkorda har doim tanlov xilma-xil bo‘lishi kerak. Shunga yarasha taklif bo‘lishi tabiiy. Bizda esa ma’lum bir firmalar rasman faoliyat ko‘rsatadi. Saytiga kirib, telefoni orqali ular bilan bog‘lanasiz. Bulardan boshqa firmalar kam bo‘lgani uchun narxlari ham otni kallasiday bo‘ladi. Ayniqsa, poytaxtdan olis bo‘lgan hududlarga, qishloq joylariga borishi uchun juda katta narxlarni aytishadi.
Demak, bizda tadbirkorlar uchun yuk jo‘natuvchilar, yetkazib beruvchilarning bozorlari bo‘lishi kerak. Aynan transportirovkachilar bazasining yo‘qligi bu uchinchi navbatdagi muammolardandir.
Endi, to‘rtinchi mummoga o‘tsak. Bu furalarning narxi bilan bog‘liq muammodir. Bugungi kunda furalarning 1 km uchun eng past narxi 1,5 AQSh dollarga teng keladi. Bizdagi furalar bunday narxni belgilashda, manzilga borish bilan birga, u yerdan joyiga qaytib kelish xarajatini ham inobatga olib hisoblaydi.
Agar yuqorida ta’kidlaganimdek ularning umumiy bazasi bo‘lsa yoki masalan, xuddi MY TAXI yoki “Yandeks-Taksi” kabi formatda ishlaydigan dastur bo‘lsa, u holda haligi narx 1,5 AQSh dollari emas, balki teng yarmiga kamayishi mumkin. Chunki ular qaytishi uchun ham buyurtmani dastlabki yetib borgan manzilning o‘zidan olish imkoniyati bo‘ladi. Biznes uchun mana shunday zamonaviy sharoitlarni yaratish orqali biz logistikamizni ham arzonlashtirishimiz mumkin ekan.
Xitoyda yoki Yevropa mamlakatlarida yuk tashuv xizmati shunday shaklda qurilgan. Ya’ni, borish va kelish uchun bitta narx belgilamaydi. Faqat bir tomonga narx qo‘yadi. Ular qaytayotganida ham buyurtmasi bo‘ladi.
Bular ham bizning eksportyorlar oldida turgan muammo hisoblanadi.
O‘z navbatida eslatib o‘tishim kerakki, muammolar sifatida sanayotgan har bir holatning eksport qilinayotgan mahsulot tannarxiga ta’siri bo‘lib, uning qimmatlashuvini keltirib chiqaradi. Bu esa jahon bozorida bizning mahsulotimizdan ham arzonrok takliflar bilan raqobatlasha olmasligimizdan darak berishi mumkin.
Takror aytaman - eksport uchun asosiysi, arzon narx va sifatli mahsulot.
Bugungi yuk tashuvchi transport vositalarining harakatlanishi uchun, albatta, dizel yoqilg‘isi zarur bo‘ladi. Bizda davlat kursi bo‘yicha birjadagi dizelning narxi 8 ming so‘m. Qo‘lda yoki rasmiy tilda aytilganda, “qora bozorda” nisbatan arzonroq.
Hozirgi mavjud holatda furalar Qozog‘istondan yoqilg‘i baklarini to‘ldirib, O‘zbekistonga olib kirishadi va hatto, shundan ham foyda ko‘rishadi. Chunki, uning narxi 6 ming so‘mgacha boradi.
Guvohi bo‘lib turganimizdek, garchi “qorabozor” bo‘lsa-da, o‘sha dizel uchun sarflanayotgan pul Qozog‘istonda qolib ketayapti, desak bo‘ladimi? Vaholanki, o‘sha dizel yoqilig‘isini o‘zimizda rasman 5 ming so‘mda narx belgilab, sotsak bo‘lmaydimi? Masalan, “O‘zbekneftegaz” kabi kompaniyalarimiz shunday narxni belgilash masalasini ko‘rib chiqsa bo‘ladimi?
Hatto, mavsum bo‘lmagan paytlarda o‘sha “qorabozordagi” dizel arzonlashib, 4 ming so‘mgacha tushib ketadi. Mana, ayni mavsum avjiga chiqqan paytda dizel yoqilg‘isini narxi 6 ming so‘mga chiqib oldi. Hatto, shu narxda ham dizelni topish muammo.
Demak, eksportyorlar oldida turgan beshinchi muammo - bu dizel yoqilg‘isining O‘zbekistonda qimmat narxdaligi.
Narx qimmatligini mutasaddilar dizelni qayta ishlab chiqilishi bilan izohlashga urinishadi. Aslida bu ham xaqiqiy sababi emas, deb o‘ylayman. Chunki bu yerda o‘ziga xos foyda ko‘zlanadi, ya’ni o‘sha dizel katta miqdordagi pulga sotib olib qo‘yiladi va keyin “barakatopgur” monopolist shovvozlarimiz o‘sha narxdan tushirmay sotishadi.
Demak, dizel narxi muammosini qaysidir ma’noda monopoliya bilan bog‘lash mumkin. Bunisiga ham ko‘nib, loaqal ekportyorlar uchun dizel narxlarini ixchamlashtirish choralari ko‘rilsa, ushbu muammoga qisman yechim topilgan bo‘lardi.
Importyorlar baribir dizelni Qozog‘iston, Turkmaniston yoki boshqa qo‘shni davlatlardan quyib olishadi. Ular bizdan sotib olmaydi. Eksport qiluvchilar uchun loaqal o‘sha 8 minglik dizelni boradigan manzilining yarim masofasigacha qismi uchun arzonlashtirilsa, bu ham qaysidir jihatdan eksport uchun yordam bo‘lar edi. Buni, ushbu muammoning yechimiga berilgan bitta taklif sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Ya’ni, bu eksport qiluvchilar uchun tannarxini arzonlashtirishga qo‘shimcha imkoniyat desak to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.
Xullas, biz dastlab, eksport qilinadigan mahsulotni topdik, uni tashib beradigan yuk tashuvchi furani ham topib yolladik va unga o‘sha mahsulotni ortib, eshigini tamg‘aladik deylik.
Endi yukni olib O‘zbekistondan chiqib ketish darvozasiga boriladi.
Bojxonachilar ham mavsum va mavsumdan tashqari paytlarni juda yaxshi bilishadi, lekin shunga qaramay, haligi yuk ortilgan transport, masalan kunduzgi soat 8:00 da bojxona nazoratiga yetib borgan bo‘lsa, shu bilan ertasi kuni kunduzgi 10-11:00 larda bojxona ko‘rigidan o‘tib, chiqib ketishi mumkin. Har holda bugungi holat shunday.
Mahsulotni manziliga yetkazib borish uchun transportirovka qilish muddati ko‘pi bilan 5 kun bo‘lsa, yuk mashinasi ichidagi mahsuloti bilan naqd bir sutkani O‘zbekiston chegarasining o‘zida yo‘qotadi. Ya’ni, sifati buzilishi mumkin mahsulot bojxona nazoratida kamida bir sutka ushlanib qolinadi.