Izlash va qidirish xarajatlari - regional geologik-geofizik tadqiqotlarga, yakka strukturalarni chuqur burg’ilashga tayyorlashga, izlov va qidiruv burg’ilashga sarf bo’lgan xarajatlardan tarkib topadi. Izlash va qidirish xarajatlari bir necha belgilarga ko’ra tasniflanadi: iqtisodiy mazmuni va vazifasiga ko’ra asosiy va ustama xarajatlar; taqsimlanish xarajatiga ko’ra bevosita va bilvosita xarajatlar; ishlab chiqarish hajmiga ko’ra nisbatan o’zgaruvchan va nisbatan doimiy xarajatlar; tarkibiga ko’ra oddiy va mujassam xarajatlar.
Asosiy xarajatlar geologik-qidiruv ishlarini o’sishi bilan bog’liq. Ularga asosiy va qo’shimcha ish haqi, ijtimoiy sug’urtaga ajratilgan mablag’, dala ta’minoti, ashyo va elektroenergiya narxi, amortizatsiyaga ajratish, kam narxli va tez ishdan chiqadigan asbob va uskunalar narxi, tashqi korxonalar va yordamchi xo’jaliklarning xizmat haqi, ishlab chiqarish transportiga sarflanadigan xarajatlar kiradi. Ustama xarajatlarga geologik-qidiruv ishlarini boshqarishga, tashkil etishga va xizmat qilishga sarflanadigan mablag’lar kiradi.
Ma’lum bir ko’rinishdagi ishlarga sarflangan mablag’lar bevosita, har xil ko’rinishdagi, ikkinchi darajali ishlarga sarf bo’lganlari bilvosita xarajatlar deb ataladi. Nisbatan doimiy xarajatlarga ish hajmi (amortizatsion chegirmalar asbobuskunalarning eskirishiga, ustama xarajatlarga, dala ta’minotiga sarflanadigan xarajatlar) o’zgarganida ham o’zgarmaydigan xarajatlar kiradi. Nisbatan o’zgaruvchan xarajatlarga ishlab chiqarish hajmini ortishiga yoki kamayishiga (ish haqi, ashyolar narxi va boshqalar) qarab o’zgaradigan xarajatlar kiradi. Oddiy xarajatlarga tarkibiy qismlariga bo’linmaydigan (amortizatsion va asbob-uskunalar, inshootlarning eskirishiga sarflanadigan) mablag’lar kiradi. Bir necha elementlardan tarkib topgan, lekin bitta chiqim moddasida hisobga olinadigan mablag’lar (xizmat, transport, elektroenergiya narxi, ustama xarajatlar) mujassam xarajatlar deb ataladi.
Solishtirma xarajatlar - bajarilgan ishlar yoki tayyor mahsulotlar hajmi bilan o’lchanadigan xarajatlarining iqtisodiy ko’rsatkichi. Geologik-qidiruv ishlari sohasida ko’pincha zaxiralarni tayyorlashda solishtirma xarajatlar ko’rsatkichidan foydalaniladi. Bu ko’rsatkich ma’lum bir davrda regional tadqiqotlarga, strukturalarni tayyorlashga va konlarni izlash va qidirishga sarflangan xarajatlarni sanoat miqyosi (toifasi) dagi neft va gaz zaxiralarini shu davrdagi o’sish qiymatiga nisbati bilan aniqlanadi.