Ma’rifat inson ma’naviyatining cho‘qqisi bo‘lsa, jaholat uning aksi inson zotining zavoli, kushandasidir. «Men o‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman», degan edi XX asrda yashab o‘tgan ulug‘lardan biri. Kitob – insoniyat ijodiyotining chinakam hayratlanarli va e’tiborga loyiq belgisi, insoniyat yaratmishlari ichra takrorlanmas mo‘jizadir. Kitoblar qatida kechmish zamonlarning aql-idroki yashaydi, xoki tuproqlari tush misol qachonlardir to‘zg‘ib ketgan odamlarning ovozi burro va aniq yangrab turadi. Insoniyat tomonidan yaratilgan turfa narsa-buyumlarning, tafakkurda qayta-qayta o‘ylab ko‘rilgan fikrlarning va u erishgan jamiki yuksakliklarning, hattoki, insoniyat olamining ma’naviy yetukligi-yu tanazzuli ham, tabiat bergan ne’matlardan bahramandligi-yu isrofgarchiligi ham – barcha-barchasi xuddi sehrli sandiqday kitoblar sahifasida saqlanib qolgan.
Ammo inson qo‘li, tafakkuri, aql-u zakovati bilan bunyod etilgan jamiki ixtirolar, kashfiyotlar ichida ehg yuksagi, oily maqomga ega bo‘lgani, insoniyat hayotida yo‘lchi yulduz, so‘nmas mayoq, yaxshi-yomon kunlarida hamdam bo‘ladigani, mo‘jizalar mo‘jizasi kitobdir.
Odamzod yaratgan bu mo‘jiza dunyo bilimlarini, xalqlar tarixi va jahon aqliy kamolotining butun borlig‘ini o‘zida jamlaganki, u barcha makon va zamonlarda ham insoniyat ma’naviyatini tozalash, aqliy salohiyatini yuksaltirish, ijtimoiy turmushda to‘g‘ri va oqilona yashash sirlarini o‘rgatuvchi manbadir.
Kitoblar faqatgina o‘quvchining ma`naviyati, didi, dunyoqarashiga ko‘ra tanlanadi, xolos. Demak, kitob eng olis va zimiston umr yo‘llarida insonga nur bag‘ishlab turuvchi sehrli mayoqdir.
Kitobga muhabbat, haqiqatan, maqtovga loyiq. Ba’zan kitob “jinnilari” ustidan kuladilar, aslida bu kulguvchilarning o‘zlari kulgiga loyiqdirlar, chamamda. Kitobga muhabbat bog‘laganlarga aslida havas bilan qarash kerak… Ulug‘ yozuvchi F.M.Dostoyevskiyning ta’kidlaganidek: “Atrofimda o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazishni bilmay, eng bema’ni ish va o‘yin-kulgularni o‘ylab topayotgan kishilarni ko‘rar ekanman, qo‘limga kitob olamanda, o‘z-o‘zimga: yolg‘iz shuning o‘zi bir umr kifoya-ku deyman”. Haqiqatan ham, kim kitobni sevsa, kitobga mehr qo‘ysa, u hech qachon sodiq do‘sti, xaloskor maslahatgo‘yi, quvnoq birodari, haqiqiy yupatuvchiga ehtiyoj sezmaydi. O‘qish, o‘rganish, fikr yuritish bilan odam o‘zini beixtiyor ovutadi va bo‘sh vaqtini hamisha hatto taqdirning barcha kutilmagan sinovlarida ham oqilona o‘tkazadi.
Mening nazarimda, na kino olami, na ajoyib tomosa, umuman, san’atning biror turi, na kompyuter, na INTERNET saytlari insonni kitob darajasida lazzatlantira olmaydi. Vaholanki, kitob mutolaasi o‘quvchi istaydimi, yo‘qmi, yuksak badiiy asar uni ma’lum voqealarga baho berishgagina emas, balki o‘sha baho berish yo‘li haqida, hayotning asosiy masalalari, uning maqsadi, ma’nosi, undagi adolat, nohaqlik va hokazolar haqida mulohaza yuritishga majbur etadi. Demakki, tafakkur yuksaladi, ma’naviyat oshadi, inson borliqni anglab boradi. Kitobga mehr qo‘ymagan, kitob o‘qishni o‘zining sevimli mashg‘ulotiga aylantira olmagan kishilar hech qachon o‘zini, o‘zligini anglay olmaydi.