Jaholatga qarshi ma’rifat



Yüklə 23,22 Kb.
tarix08.11.2022
ölçüsü23,22 Kb.
#119180
Jaholatga qarshi ma\'rifat


Jaholatga qarshi ma’rifat
O’n sakkiz ming olam gultoji bo’lmish odamzot yaratilganidan buyon bu yorug’ olamda ezgulik bilan yovuzlik, yaxshilik bilan yomonlik orasida azaliy kurash davom etib kelmoqda va albatta, ezgulik yovuzlik, yaxshilik yomonlik ustidan g’alaba qozonadi. Ehtimol, oq bilan qoraning farqiga borish, hayotning qadriga yetish, bugungi kunimizga shukrona keltirishimiz uchun ham mana shunday qarama-qarshiliklar mavjuddir. Inson mana shu ziddiyatlar oldida turganda qaysi birini tanlashi kerak?! Adashmaslik uchun qanday yo’l tutishi lozim?! Bu savollarga javob bitta: ilm, ilm, ilm. Insonni nima yuksaklikka ko’taradi, uni jamiki yaratilmishlar ichida eng ulug’i, eng oliysi qila oladi?! – Ma’rifat! Nima insonning qadrini yerga uradi, uni eng qabih, eng ojiz kimsaga – manqurtga aylantiradi?! – Jaholat!
O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov “Fikrga qarshi fikr, g’oyaga qarshi g’oya, jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish kerakligini ko’p bora ta’kidlaganlar. Xo’sh ma’rifat nima-yu jaholat nima?
“O’zbek tilining izohli lug’ati” da: “Ma’rifat – ta’lim-tarbiya, iqtisodiy, siyosiy, diniy, falsafiy g’oyalar asosida kishilarning madaniyatini oshirishga qaratilgan faoliyat” ,– deya ta’rif beriladi. Jaholat esa “Ilm, ma’rifatdan mahrumlik, qoloqlik, madaniyatsizlik, nodonlik, zulmat” deb izohlanadi va shu o’rinda ulug’ yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romanidan parcha keltiriladi. Qutidor uyalish va o’tinish orasida: “Jaholat kelsa aql qochadur, qizim!” – deb qo’ydi. Naqadar adolatli hukm! Yozuvchi o’z qalbining tub-tubidan joy olgan fikrlarni Mirzakarim qutidor tilidan aytadi.
Ma’rifat kimgadir ko’z-ko’z qilinadigan, ortida qandaydir ta’ma yashirin bo’lgan narsa emas. Jaholat, razolat kabi qora kuchlarga doimo ma’rifat qarshi chiqadi. Zero, ma’rifat – to’g’ri yo’lga boshlovchi nur. Insoniyat qadim-qadimdan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashib keladi. Negaki jaholatga qarshi kuch ishlatilsa, zo’ravonlik ko’rsatib kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan battarroq kuchayib ketishi mumkin.
Nomardlar qahridan charchadi jahon,
Nokaslar zahridan charchadi jahon.
O’zingni tut inson, ko’zing och inson,
Bu muqaddas Vatanda azizdir inson.
Men o’zbek farzandiman. Go’zal va jannatmakon O’zbekistonda tug’ilganim bilan farxlanaman. Bu muqaddas zaminda inson ulug’lanadi. O’zbek xalqi azal-azaldan farzandlarining ilmli, ma’rifatli bo’lib yetishishi uchun borini ayamaydi. Bolaligida barcha sevib o’qigan “Uch og’a-ini botirlar” ertagida ota o’z o’g’illariga nasihat qilar ekan:“O’zimdan keyin baxtsiz bo’lmanglar deb sizlarni o’qitdim…” deydi. Uch aka-ukaning aql-u zakovatiga qoyil qolgan podshoh: “Sizdek farzandlarni tarbiyalagan ota mendan ustundir”,­­­­­­ – deb ularga tasanno aytadi. Bunday ertak, dostonlarni ko’plab keltirish mumkin. Bularning hammasi faqatgina bir narsadan – farzandlar tarbiyasiga bo’lgan e’tibordan darak beradi. Bu bir ertak-da deyishingiz mumkin, lekin tarixda o’zbek xalqi orasidan yetishib chiqqan mana shunday o’g’lonlarga, To’marisdek mard, jasur, vatanparvar ayollarga ko’plab misol keltirish mumkin. Tarix sahifalariga nomi bir umrga muhrlanib qolgan Jaloliddin Manguberdini esga olaylik. Yovuzlikni o’ziga kasb qilib olgan, qonxo’rlikda tengsiz Chingizxon dushmani bo’lishiga qaramay “shunday o’g’li” bo’lishini orzu qiladi. Bu hammasi bolalikdan berilgan to’g’ri tarbiyaning ma’rifatning natijasidir. Kuch-quvvat sherda ham bor, lekin aql-u zakovat hammaga ham nasib etavermaydi. Navoiy orzusidagi komil inson Farhodning tarbiyasiga e’tibor bering:
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm.
Haqiqiy komil insonlar mana shunday yetishib chiqadi. Ma’rifatli xalqning hayoti tinch, farovon, osoyishta bo’ladi. Unga dushmanlar hujum qila olmaydi. Ollohga shukurkim, Vatanimiz tinch, osoyishta, turmushimiz farovon, elimiz obod. Ma’rifatli yurtning taqdiri ­­– shu. Afsuski, dunyoning barcha burchagida ham hayot bir maromda emas. Qo’shni Afg’oniston, Iroq, Suriyada bo’layotgan qonli to’qnashuvlar, oddiy xalq hayotining zulmatga aylangani har bir odamni o’yga toldiradi, beixtiyor yurtimizdagi tinchlik uchun Ollohga hamdlar keltirasan kishi. Bunday notinchlik-u xunrezliklar ma’rifatning oyoqosti qilinganidan, jaholatdan kelib chiqadi. To’g’ri, jaholat botqog’iga botganlar bizda hamma zamonlarda ham uchrab turgan, ma’rifat bilan jaholat orasidagi kurash azaliy hodisa bo’lib kelmoqda. “Osmon toqiga narvon qo’ygan” bobokalonimiz Mirzo Ulug’bekning taqdiriga yakun yasagan, Nodirabegimning ayanchli qismatiga sababchi bo’lgan jaholat emasmi?! O’zbek dramaturgiyasining asoschilaridan biri Mahmudxo’ja Behbudiy o’z qahramoni tilidan:”Bizlarni xonavayron, bachagiryon, bevatan va bandi qilgan tarbiyatsizlik va jaholat”,– deydi. Jaholatning oxiri – qullik, jaholatning oxiri – o’lim. Buni faqat ma’rifatli, qalbida iymoni, vijdoni bor kishilar anglab yetadi. Pirimqul Qodirovning “Ona lochin vidosi” asarida Shohruh Mirzo nevaralarining qiliqlaridan ko’ngli og’rib, ayoliga dil yorganda ma’rifatli, turmush o’rtog’iga har doim maslakdosh bo’lgan, ko’pni ko’rgan Gavharshodbegim shunday javob beradi: “…Ma’rifat bilan jaholatning olishuvlari ming yillardan buyon hech poyoniga yetmaydir. Ma’rifatlik bunyodkor kishi igna bilan quduq qazigandek bir umr mehnat qilib erishadigan boylig-u martabaga jangda g’olib chiqqan bek-u navkarlar goho bir kunda, bir soatda erishadigan paytlari bo’ladir. Qimorga o’xshagan bunday harbiy omad yosh nevaralarimizga yillar davomida kitob o’qib bunyodkor bo’lishdan ko’ra maroqliroq tuyilsa kerak-da”. Gavharshodbegimning bu so’zlari hozir ham o’z ahamiyatini zarracha yo’qotgani yo’q. Hozirgi kunda kimlarningdir necha yillik mehnatini qing’ir yo’llar bilan o’ziniki qilayotganlar, mol-u dunyo deya o’z jigarlari bilan qirpichoq bo’layotgan kimsalarning oramizda uchrab turishi ko’ngilni xira qiladi. Jadidlar ham xalqni sho’rolar zulmidan xalos etish uchun ham ma’rifat yo’lidan borib, xalq ongini ma’rifat bulog’idan bahramand etishga harakat qilganlar. Chunonchi, ma’rifatli xalqni ham, ma’rifat-u ziyolilarni ulug’lagan xalqni ham hech kim hech qachon bo’ysundirolmagan va bo’ysundirolmaydi ham!
Yusuf Xos Hojib “Qutadg’u bilig” asarida: “Agar elig – hukmdor ilmli, ma’rifatli bo’lsa, elini yashnatadi” ,– degan fikrlarni aytadi. Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug’aniyevich Karimovning xalqni ma’rifatli qilish yo’lidagi mehnatlari tahsinga loyiqdir: “Taraqqiyot taqdirni ma’naviy jihatdan yetuk odamlar hal qiladi. Aqliy zakovat va ruhiy-ma’naviy salohiyat ma’rifatli insonning ikki qanotidir”. Buni faqat so’zda emas, amalda ham ko’rsatib bergan Prezidentimiz nomlari Vatanimiz tarixida abadiy muhrlanib qoldi.
Keyingi paytlarda televizor orqali ko’rsatilayotgan, ko’ziga yosh olib, xalqidan kechirim so’rayotgan “adashganlar”ni ko’rib hayron qolasan kishi! Islom dinining asl mohiyatini bilmay turib, o’zlarini turli qora guruhlar safiga urayotgan, ilmsizligi, ham qalban, ham ruhan, ham manan jaholat botqog’iga botganligi sabab vataniga xiyonat qilayotgan, tarbiyasizligi tufayli ota-onasi yuziga oyoq bosayotgan bu kimsalarning ayanchli ahvoliga sabab ma’rifatsizligi emasmi?! Endigina oyoq chiqargan go’dak yo’ldan adashishi mumkin, musofir yurtga borgan yo’lovchi manzilni adashtirishi mumkin, lekin kindik qoni to’kilib, o’sib-ulg’aygan yurtiga qurol ko’tarib kirgan, o’z xalqining qonini to’kishdan qaytmagan bunday qabih kimsalarni oddiygina qilib, “adashgan”deyish to’g’rimikin?! Axir bu – jinoyat, bu– jaholat, bu – manqurtlik-ku! Atoqli qirg’iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanini o’qiganimda insonni manqurtga aylantirish uchun qanday yo’l tutganlarini ko’rib hayron qolgandim. Lekin bugungi “zamonaviy manqurt”larning paydo bo’lishiga nima sabab bo’lyapti?! Kitob o’qimaslik, ilmsizlik natijasida yuzga kelgan bo’shliqni ijtimoiy tarmoqlar orqali olayotgan ko’r-ko’rona ma’lumotlari bilan to’ldirayotgan, noqonuniy yo’llar bilan kirib kelayotgan har xil oqimlarning mafkuraviy adabiyotlaridan diniy ilmini “boyitayotgan” yoshlarimizning manqurtlardan farqi bormi?! “Ommaviy madaniyat” ta’sirida yevropacha kiyinib olgan, o’z milliy liboslaridan or qiladigan, o’z tarixi, o’z urf-odatlarini bilmaydigan avloddan nimani kutish mumkin?! Bunday insonlar ota-onasi, mahallasi, xalqi, Vatani uchun isnoddir!
Vatanimizda bizning sog’lom unib-o’sib, barkamol, har tomonlama yetuk shaxs bo’lib yetishishimiz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Inson ma’rifatni qayerdan oladi? Oiladan, maktabdan, kitobdan! Kitob o’qilgan joydan jaholat chekinadi. Shu sababdan ham bugun kitobxonlikka, kitob chop etish ishlariga katta e’tibor be’rilmoqda. Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etib kelinmoqda. Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda: “… kitob o’qigan qalblarda yovuzlikka o’rin yo’q”. Dunyoning qaysi bir joyida kitob o’qigani uchun mashina beriladi?! Bu holat boshqa hech qayerda uchramaydi, faqatgina bizning go’zal va betakror ona yurtimiz – O’ZBEKISTONimizda bor. Yurtboshimiz tomonlaridan ilgari surilayotgan besh muhim tashabbusning bir bandini aynan kitobxonlik va kitob mahsulotlarini ko’paytirish masalasi tashkil etadi. Zero, yurtboshimiz aytganlaridek: “Yoshlar – hayotimiz gullari, kelajak umid nihollaridir”.
Bugun jahon arenalarida O’zbekiston bayrog’ini baland ko’tarayotgan, fan olimpiadalarida oltin medallarni qo’lga kiritayotgan o’zbek farzandlarini ko’rganimda yuragimda o’zgacha faxr, iftixor tuyg’ulari jo’sh uradi. Binobarin, o’zini o’zbek xalqining farzandi deb bilgan, shu xalqning, shu zaminning qadrini anglagan har bir o’g’il-qiz uchun yurt taqdiri, kelajagi haqida o’ylash, qayg’urish, O’zbekiston bayrog’i jahon arenalarida yuksaklarni quchishi, madhiyamiz baralla yangrashi uchun harakat qilish ham farz, ham qarzdir. Men ishonaman, har bir o’zbek o’g’il-qizining istiqboliga, toleyiga butun dunyo havas ko’zi bilan boqadi. Ma’rifatning nuri-yu diniy va dunyoviy bilim bilan yoritilgan ta’lim-tarbiyamiz biz yoshlarni har qanday jaholatdan, johillikdan asraydi.
Ma’rifatning bayrog’ini ko’tarib baland,
Biz olg’a boramiz dadil va shaxdam.
Bizdagi ishonch-u g’ayratni ko’rib,
Jaholat, qabohat chekinar har dam!

Foydalanilgan adabiyotlar:


1. Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” Toshkent: “Ma’naviyat”, 2008.
2. “O’zbek tilining izohli lug’ati” Toshkent: “O’zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti.
3. Abdulla Qodiriy “O’tkan kunlar” romani Toshkent: “Sharq” nashriyoti, 2013.
4. “O’zbek xalq ertaklari” Toshkent: “Qaldirg’och” nashriyoti, 2012.
5. Alisher Navoiy “Xamsa” Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2015.
6. Mahmudxo’ja Behbudiy “Tanlangan asarlar” Toshkent: “Ma’naviyat”, 1999.
7. Pirimqul Qodirov “Ona lochin vidosi” Toshkent: “Sharq” nashriyoti, 2001.
8. Yusuf Xos Hojib “Qutadg’u bilig” Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2019.
9. Islom Karimov “Ona yurtimiz baxt-u iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” Toshkent: “O’zbekiston”, 2015.
10. Shavkat Mirziyoyev “Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” Toshkent: “O’zbekiston”, 2017.
Yüklə 23,22 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin