«Boychechak»-bolalarning mavsumiy marosim qo’shig’i. Bolalar Navro’z elchisi sifatida erta bahorda dala-tuzda boychechakni ko’rishlari bilanoq, undan guldastalar yasaganlar, tolxivichlarga shodalab bog’lab, gulchambar qilib boshlariga kiyganlar. So’ngra hovlima-hovli yurib. «Boychechak» qo’shig’ini kuylab turib, uni ulashganlar va bahor kelgani bilan ota-onalarini qutlaganlar. Bolalarning biri yakkaxon (solo) sifatida to’rtliklarni kuylasa, qolganlari uning naqarotini xor bo’lib ijro etganlar:
Boychechagim boylandi,
Qozon to’la ayrondi (r).
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondi(r).
Qattiq erdan qazlab chiqqan boychechak,
Yumshoq erdan yumalab chiqqan boychechak.
Boychechakni tutdilar,
Tut yog’ochga osdilar.
Qilich minan chopdilar,
Baxmal minan yopdilar.
Qo’shiq tugagach, boychechakxonlarga sovg’a-salomlar berishgan. Bolalar bularni o’zaro bo’lishib olgan, hammalari birgalikda mehmonnavozlik qilishib, xalqimizning mehmondorchilik an’analarini o’zlashtirishgan. Qo’shiqda ta’riflangan boychechak-erta bahorda ochilgan gulgina emas, balki umumlashma darajasiga ko’tarilgan ramziy obraz ham. Unda tut yog’ochdan yasalgan beshikka solingan, oyoqlari o’rtasiga sumak qoyilib, usti baxmal yopinchiq bilan yopilgan murg’akkina chaqaloq obrazini tasavvur qilish mumkin. Xalq bolani erta bahorning ilk chechagi timsolida ko’rgan, bola shu chechakday nazokatli, yoqimtoy navnihol va chindan ham insoniyat bahorining g’unchasi tarzida ehzozlangan.
Bolalar repertuarida ibtidoiy ajdodlarimizning qadimgi animistik va totemistik aqidalari asosida shakllanib, endilikda o’sha mohiyatini yo’qotgan yalinchoqlar va hukmlagichlar hamon yashamoqda.
YALINCHOQLAR ibtidoiy animistik qarashlar zamirida vujudga kelgan tabiat hodisalariga aloqador mavsumiy marosim qo’shig’i. Ular qachonlardir kattalar repertuarida yuzaga kelganlar. Biroq davrlar o’tishi bilan animistik e’tiqod ham so’na borgan, natijada unga daxldor marosim ham so’ngan. Lekin shu marosimning verbal qismi bo’lgan aytim-qo’shiqlar, inchunin, quyoshga, oyga, yulduzlarga, kamalakka, shamolga, yomg’irga va boshqa tabiat hodisalariga sig’inishni ifodalagan qo’shiqlar ham asta-sekin yalinish-sig’inishdan iborat animistik mohiyatini yo’qota borib, goh parcha (rudiment) holida, goh transformaciyaga uchragan holda bolalar repertuariga o’tib yashay boshlagan. /oyat keng tarqalgan va xilma-xil variantlarga ega «Oftob chiqdi olamga» yalinchog’i bu jihatdan ayricha e’tiborga ega. Uni qish oxirlab, quyosh bulutni yorib ko’ringanda, bolalar o’sha quyoshga qarata, quvnoq ruhda shovqin solib, sakrab-sakrab birgalikda jo’ravoz bo’lib kuylaganlar:
Oftob chiqdi olamga,
Yugurib bordim xolamga.
Xolam: -Ana yer,-dedi,
Borib o’tin ter,-dedi.
O’tin terdim bir quchoq,
Non yopdi o’choq-o’choq.
Menga berdi elakday,
O’ziga oldi g’ilakday.
Otib urdim eshikka,
Boshim tegdi teshikka.
Yalinchoqning quyosh ko’ringandagina unga qarab kuylanishida ajdodlarimizning quyoshga sig’inishdan iborat qadimiy animistik e’tiqodining tarixiy ildizini fahmlash qiyin emas. Gerodot ma’lumoticha, qadimgi massagetlar eng chopqir otni qurbon qilib, quyosh chiqishini intizor kutganlar va unga sig’inish marosimini uyushtirganlar. To’marisning quyosh nomi bilan qasamyod qilishida ham shu etiqodga ishora qilinayotgani ayon. Shu etiqodning so’nishi tufayli marosimi ham yo’qolgan, davrlar o’tishi bilan bolalar qishki oyinida kuylanadigan yalinchoq shaklida saqlanib qolgan. Biroq endi animistik mohiyatini ham yo’qotgan, unda shikoyat motivini ifodalash ustivor tus olgan; qishning shafqatsizligi mehrsizlik mohiyatini ochuvchi ijtimoiy parallelizm (muvoziylik)ni yuzaga keltirgan. Yalinchoq lirik qahramon muruvvat ko’rsatmagan xolasidangina emas, balki o’tin tersa-da, mehnati munosib qadrlanmaganidan o’ksinadi, biroq o’z qadrini yerga urmaydi. Yalinchoq bolalarga ana shunday axloqiy saboq beradi.