Jiyanim Vaziraga
Sayr qilging keladi, men bilan uzoq,
Aylanib Olmazor ko’chalarini.
Tushungin, ba’zida bo’lmaydi holim,
Artolmay qolaman dil changlarini.
Netay, keng qishloqqa sig’mas bir jonim,
Garchi, izlarim bor tuproqlarida.
Beg’am qizaloqni ko’raman bugun,
Suvga egilgan tol yaproqlarida.
“Charchamadingizmi?” deysan goh-gohi,
Isyon boshlanadi horgan tanimda.
Qo’ygin, yo’l charchog’I nima bo’libdi,
Hayot dardlaridan charchaganimda.
Kimdir aravasin o’tadi sudrab,
Yana kim yelkaga yulg’unni ortib.
Mening esa ruhim cho’kib boradi,
Meni eslolmagan dillarga boqib.
Allaqanday g’ashlik va ilinj ichra,
Dayrovot tomonga qadayman ko’zni.
Nigohim-la ming bor kezaman, ammo,
Baribir topmayman huv o’sha qizni.
To’zg’igan xayolim nogoh band etar,
Maktab yo’lidagi qator sevichlar.
Ariq bo’yidagi tutga osilib,
Halinchak uchadi ko’m-ko’k sog’inchlar.
Jilmayib qo’yaman. Yurak bezovta,
Bir nurab oladi armonning uyi.
Bu cheksiz yo’llarda, tengsiz yo’llarda,
Meni yeb bitirar ertaning o’yi.