Jizzax davlat pedagogika instituti tarix fakulteti


Somoniylar davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va xo’jalik hayoti



Yüklə 271,5 Kb.
səhifə7/16
tarix04.05.2023
ölçüsü271,5 Kb.
#126351
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16
Jizzax davlat pedagogika instituti tarix fakulteti

1.3. Somoniylar davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va xo’jalik hayoti.

Somoniylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy hayotda Movarounnahr, Huroson va Xorazmning shahar va qishloqlarida hunarmandchilikning ko’pgina sohalari rivojlangan edi. Somoniylar davlati aholisining asosiy qismi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan.


Dehkonchilik solig’i (xiroj)dan xazinaga kattagina daromad tushgani uchun Somoniylar xo’jalikning shu tarmog’iga ko’proq, e’tibor bergan. Viloyatlarda suv taqsimoti tartibga solinib, ekin maydonlari imkoni boricha kengaytirilgan. Bir qancha yangi sug’orish kanali qazilib, ularning dahanalariga miftoxlar (shlyuz) va suv tashlagich novalar qurildi. Oqar suv tanqis bo’lgan tog’ oldilarida bandlar bino qilinib, suv omborlari barpo etiladi. Yer osti suvlaridan dehqonchilikda foydalanish uchun murakkab gidrotexnika inshooti - korizlar qazilib ishga tushiriladi. Charxparrak chig’irlardan keng foydalaniladi.
X asr arab geograflarining ta’riflashicha, Samarqand va Buxoro rustoklari Zarafshon daryosidan chiqarilgan shoh ariqlardan sug’orilgan. Masalan, Varksar, Maymurg’, Sanjarfagon va Darg’om rustoqlarining dehqonchilik maydonlari Darg’om anhoridan sug’orilgan. Fay kanalidan sug’orilgan yerlar Sug’dning eng obod qismi bo’lgan. Ibn Xavqalning yozishicha, Sug’d daryosi Buxoro chegarasigacha obod qishloqlar orqali oqqan. Buxoro vohasi keng va obod bo’lgan, u 17 ta sug’orish shoh ariqlar orqali sug’orilgan. Sirdaryo havzasida Iloq (Ohangaron) va Parak (Chirchiq) vodiylari ham nihoyatda obod va istehkomli qishloqlari ko’p bo’lganligidan, bu joyni o’rta asr tarixchilari «1000 qal’ali mamlakat» deb ataganlar.
Sug’orish tarmoqlarini loyqadan tozalash, turli hil suv inshootlarini ta’mirlash uchun har yili bahorda yuz minglab hasharchilar ishlagan. Mirob, juybon va poykorlar yoz bo’yi gidrotexnika inshootlari rejimi va suv taqsimotini nazorat qilib turgan. IX asrdan Buxoro vohasining suv taqsimoti bilan shaxsan shahar qozisining o’zi shug’ullangan. Narshaxiyning yozishicha, Sa’id ibn Xalaf Balxiy Buxoroga qozi bo’lgach, «yaxshi qonun-qoidalar o’rnatgan... toki kuchli kishi zaif kishiga zulm o’tkazmasin uchun (shahar) to’g’onlarini qurdirib, Buxoro suvini adolat va insof yuzasidan taqsim qilishni» joriy etgan32.
IX-X asrlarda Movarounnahrda yaylov chorvachiligi rivoj topgan. Ko’chmanchi chorvador qabilalar o’troq aholini chor­vachilik mahsulotlari bilan ta’min etib turgan. O’troq aholi, o’z navbatida, dashtliklarga hunarmandchilik mahsulotlarini yetkazib berib turganlar.
IX-X asrlarda aholining xo’jalik hayotida hunarmandchilik katta o’rin tutadi. Movarounnahr va Xorazm shaharlarida to’qimachilik, kulolchilik, degrezlik, chilangarlik, misgarlik, zargarlik, shishagarlik va duradgorlik ancha rivoj topadi. Ayni vaqtda shaharlarning me’moriy qiyofasi ham o’zgara bordi. Mahobatli saroy, masjid, mad­rasa, namozgoh, xonaqoh va karvonsa­roylar hamda ustaxonalar qad ko’tardi. Shaharlar kengayib ilk o’rta asrlarda vujudga kelgan ark (o’rda), shaxriston (ichki shahar) va rabod (tashqi shahar) yagona devor bilan o’rab olindi, shahar darvozalarining soni ham ko’paydi. Shaharning do’nglik yerida joylashgan arkida odatdagidek podshoh yoki hoqimning qarorgohi (dargoh), xazina, chaqa-tangalar so’qiladigan zarbxona va qamoqxona bo’lardi. Shahar markazida Registon maydoni, devonlar, mahkama saroyi, shuningdek amirzodalar, saroy a’yonlari, ruhoniylar, mulkdor dehqonzodalar va davlatmand savdogarlarning hashamatli qasrlari, podsholikning qurol-yarog’, asbob, egar-jabduq yasaydigan ustaxonalari, hunarmandchilik do’konlari va savdo rastalari joylashgan edi. Shaharlar kengayib, ularning girdi bo’ylab kosib va hunarmandlarning yangi-yangi mahalla-kuylari, bozor va rastalar vu­judga keladi. Mahalla-kuylarda zargar, sarrof, to’quvchi, kulol, misgar, temirchi, duradgor va boshqa hunarmandlarning uy-joylari va do’konlari bo’lardi. Ayni shu davrda Buxoro, Samarqand, Ko’hna Gur­ganj, Marv, Binkat, Kesh, Nasaf, Ax-sikat kabi shaharlar o’rta asr hunarmandchiligining rivoj topgan yirik markaziga aylanadi.
Narshaxiyning yozishicha, IX asrda Buxoro arki yonida podsholikka qarashli «Bayt ut-tiroz» katta to’qimachilik korxonasi bo’lgan. Unda qimmatbaho rangli mato, palos, darparda, yostiq jildi, joynamoz va ust kiyimliklar to’qilgan. Samarqandda ko’proq, misgarlik zargarlik va sarrojlik rivojlangan edi. Turli matolar, kimxob, shoyi va rumollar to’qilar, yuqori navli qog’oz ishlab chiqarilar edi. Shosh o’zining kunchilik mahsulotlari va charm buyumlari bilan, Iloq esa kumush va qo’rg’oshin konlari hamda kumush tanga chiqaradigan zarbxonasi bilan mashhur edi. Movarounnahrning xo’jalik hayotida Xorazm ham katta rol o’ynaydi. Bu yerda hunarmandchilikning boshqa sohalari qatorida qayiqsozlik taraqqiy qiladi. Xorazm va Termizda yasalgan qayiklarda Amudaryo bo’ylab muttasil yuk tashilgan.
Bu davrda hunarmandchilikning ayrim sohalari yirik qishloqlarda ham ri­voj topdi. Buxoroning Zandana kishlog’ida to’qilgan «zandanacha» malla rang bo’z, Samarqandning Vador qishlog’ida tayyorlangan «vadoriy» matosi Sharqda mashxur va manzur edi33.
IX-X asrlarga oid kulolchilik sirlangan idishlari va shishasozlik buyumla­ri bilan alohida mavqeni egallagan. Bu davrda tog’li mintaqalarda konchilik ham jadal rivojlandi. Shosh viloyati, Farg’ona vodiysi, Nurota, Ustrushona, Xo’jand atroflari va Zarafshon tog’larida temir, mis, qo’rg’oshin, oltin, kumush rudalari, feruza va boshqa qimmatbaho toshlar, Badaxshondan la’l va lojuvard qazib olinardi. Iloq viloyati kumush va qo’rg’oshin olinadigan yirik markazlardan edi. Undagi Qoramozor tog’idan bu ikki tur ma’dandan tashqari oltin, mis, temir rudalari va fe­ruza kazib olinardi. Farg’ona vodiysi tog’laridan temir, qo’rg’oshin, kumush, simob, mis, qalay, feruza, novshadil qazib chiqarilardi. Farg’onada o’sha vaqtlardayoq toshko’mir va neft qazib olinib ishlatilganligi ma’lum. Neftdan qamal qilingan shaharga o’t otishda foydalanilgan. Konchilik va temirchilik davlat tasarrufida bo’lgan. Kon qazish ishlari o’z zamonasi uchun ancha takomillashgan edi. Qazilma boyliklar hozirgidek ochiq usulda hamda yer osti konlaridan qazib olinardi. Qazilgan rudalar yer ostidan sixg’altaklar vositasida yuqoriga chiqarilgan. Konlarda, asosan qul, mahbus va qishloq, jamoalari zo’rlik bilan ishlatilardi. Konchilarning mehnati nihoyatda mashaqqatli va xavfli bo’lganligini arxeologik topilmalar (qorachirog’, bolta, cho’kich va hokazo)dan bilish mumkin.
Somoniylar davrida (IX—X) islom dinini qabul qilganlar Movarounnahr hududida, uning vodiy va vohalariga kelib yashayverganlar. Somoniylarning harbiy qismlarida, ma’muriy lavozimlarida turklardan qanchalari hizmat qilganlar. Movarounnahrga Sirdaryoning quyi oqimidagi cho’llardan, Sharqiy Turkistondan va Yettisuvdan juda ko’p turkiy qullar olib kelingan. Bo’larning soni ko’payib Movarounnahr aholisining talabidan bir muncha oshib ketgan. Turkiy qullar boshqa mamlakatlarga savdoga chiqarilgan. Turkiy qullar (o’zining aql idroki yaxshi xizmati bilan) yer yuzidagi boshqa qullardan ustun turganligi Istaxriy asarida qayd qilingan.
Sug’diyona o’lkasining taraqqiy etishida uning geo­grafik jihatdan qulay o’rnashgan joyi ham benihoyat katta ahamiyatga ega edi. Zarafshon vohasidagi yirik shahar va qishloqlar katta tijorat yo’lida — Buyuk ipak yo’lida joylashganligidan bu o’lka aholisi bir qancha mamlakatlar, xalqlar va elatlar bilan savdo-sotiq va madaniy aloqalar olib borish imkoniyatiga ega edi. Bu muhim aloqa yo’li orqali Movarounnahrga turli mamlakat va o’lkalardan xilma-xil tovarlar keltirilgan, o’lkadan ham chetga dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari chiqarilgan. Sug’diyonani o’troq aholisining (sug’diylar) ma’lum qismi tijorat bi­lan shug’ullanib karvon bilan Afg’oniston, Hindiston, Eron va boshqa Old Osiyo mamlakatlariga, Yettisuv va Sharqiy Turkiston orqali sharqda, to Xitoygacha borganlar. Mahalliy tijoratchilar o’lkalarining taraqqiyoti yo’lida bevosita xizmat qilib, uning iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlanib borishiga katta hissa qo’shganlar.
Sug’diyonani shartli ravishda ikki viloyatga bo’lish mumkin:
1)Zarafshon vohasining o’rta va yuqori qismlari — Samarqand viloyati, manbalarda Samarqand Sug’di deyilgan. 2) Shu daryoning quyi (Karmana va undan keyingi) oqimlari — Buxoro viloyati (yoki Buxoro vohasi), Nurota ham shuning tarkibida bo’lgan. Albatta, bu shartli bo’linish.
Sug’diyonaning markaziy shahri Samarqand bo’lib, Buyuk Ipak yo’lining chorrahasida joylashgan edi. Man­balarda qayd etilishicha shahar bir necha dahalarga va mahallalarga bo’lingan. Samarqand o’z davrining ko’p nufuzli shaharlaridan hisoblangan. X asrda unda taxminan 100—110 ming kishi yashagan. Samarqand shahrining IX—X asrlarda Movarounnahr tarixiga, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga qo’shgan hissasi arab geograflarining asarlarida va ilmiy tadqiqotlarida kerakli darajada yoritilgan.
Samarqand shaxrining atroflarida va umuman viloyat ichida ekin ekiladigan obod yerlar, mevali bog’-rog’lar, kanal va ariqlar hamda qishloqlar, qo’rg’onlar juda ko’p bo’lgan. Qishloqlarning aksariy ko’pchiligi kanal va ariq bo’ylab joylashgan edi. «So’g’dda kanal bo’ylarida joylashmagan, ekin ekilmaydigan, dehqonchilik bilan shug’ullanilmaydigan, aholi zich yashamaydigan, ulug’zor qasrlari va mustahkam obod qishloqlari bo’lmagan bironta ham kanal yuq», deb yozadi Ibn Havqal34.
V.V.Bartold yirik tadqiqotlaridan birida Somoniy va Yakut asarlarida qayd etilgan Zarafshon vohasida mavjud 223 ta qishloq nomlarini keltiradi. Shulardan 101 tasi Samarqand viloyatida bo’lgan. Shu o’rinda ta’kidlab o’tish joizki, arab geograflari faqat yirik qishloqlarni (asosan qaysi qishloqda jome machit va bozor bo’lgan bo’lsa) tilga olganlar. Viloyatda aholining tig’iz yashashi hisobga olinsa, Sirdaryoning o’rta oqimida yana yuzdan ortiq kichik (50—100 kishi) yashaydigan kichik qishloqlar ham bo’lganligi ehtimoldan holi bo’lmasa kerak.
Zarafshon vohasining quyi oqimlaridagi shahar­lar ichida eng yirigi va nufuzlisi IX—X asrlarda Buxoro shaxri edi.
Buxoroda «bir korxona bor edi; unda paloslar, zarpardalar, yozgi kiyimlar, yostiq jildlari, funduqiy (jigarrang — Q Sh.) joynomozlar va ust kiyimlarni xalifa uchun to’qir edilar: bitta zarpardaga (butun) Buxoro xiroji sarf bo’lardi. Bog’doddan har yili alohida bir omil (amaldor, soliq yiguvchi — Q Sh.) kelib Buxoro xirojining evaziga shu kiyimlardan olib ketar edi, deb yozgan edi Narshaxiy. Hunarmandlarning ishini yuqori baholab, tarixchi quyidagilarni bayon etadi: «Buxoro shahrida shunday ishga tayin qilingan ustalar bo’lar edilar; viloyatlardan savdogarlar kelib, odamlar zandonachini (Zandonachi qishloqda to’qiladigan mato — Q Sh.) olib ketganlaridek, u kiyimlardan Shom va Misrga, Rum shaharlariga olib ketar edilar. Xurosonning hech bir shahrida bunday (mato) to’qiy olmas edilar».
Buxoro IX—X asrlardagi rabot (qishloqlarni) o’z ichiga olib birmuncha kengaygan, aholisi soni ko’paygan. Shu asrlardagi Buxoroni tilga olib Istaxriy uni (Buxoroni) Movarounnahr va Xurosonda eng ko’p aholi yashaydigan shahar, deb ta’riflaydi. Afsuski, aholi sonini aniq belgilab beradigan boshqa aniq ma’lumotlarga ega emasmiz. O.G.Bolshakovning taxminiy hisobiga ko’ra, Buxoroda X asrda 40—50 ming kishi bo’lgan. Uning atroflarida va rabotlarida yana 48 ming kishi yashagan. Demak, Bu­xoro va uning atroflarida yashovchi aholi soni 100 ming kishiga yaqinlashgan35.
Somoniylar davrida ko’plab yirik hunarmandchilik markazlari mavjud bo’lgan. Jumladan, Buxoroning Zandona va Iskijkat qishloqlarida to’qilgan bo’z matolar, Samarqandning Vadori qishlog’ida yaratilgan mato buyumlar Eron, Iroq va Hindistondan tashqari joylarga ham olib ketilgan va mashhur bo’lgan. Buxorodan chetga qo’y terisi, yog’, soch moyi, mayin gazlamalar, joynamoz gilamlar, gilamlar, mehmonxonalarga yoziladigan matolar, egarlar, Taboristondan matolar, go’sht va qovunlar, har xil shoyilar, ro’mollar, uzangilar, suvluqlar, qayishlar, qozonlar, yong’oqlar, Jizzaxdan jun gazlamalar va kiyimlar, Shoshdan a’lo sifatli charm va charm mahsulotlari, o’qdonlar, egarlar, chodirlar, chakmonlar, namoz gilamchalar, yelkapushtlar, kamonlar, ignalar, bo’z, g’alla va qaychilar chiqarilgan.
Arab geograflari Eloq viloyatini Shosh bilan Farg’ona oralig’ida joylashganligini qayd etadilar. Eloq X asrda kumush—qo’rg’oshin qazib chiqarishning markazlaridan biri bo’lgan. Eloqda Movarounnahrning uchinchi kumush zarbxonasi ochilgan. Biri Samarqandda, yana boshqasi Buxoroda bo’lgan. Eloq chekani — «Shosh koni» deb o’sha davrda shuhrat topgan. O’z vaqtida Xuroson noibi Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid nomidan zarb qilingan kumush dirhamlarning birida «Shosh konida» 189-hijriy yilida (805-yil) zarb qilindi», yana boshqa birida esa «190-(805-806) yilda» degan so’zlar bor36.
Eloqdagi kumush konining nechog’li katta ahamiyatga molik ekanligini tasavvur qilish uchun e’tiborni shunga qaratmoq joizdir, o’sha vaqtlarda kumushni muomalada juda ko’p ishlatgan Sharqiy Yevropaning o’zida bironta ham kumush, qo’rg’oshin koni bo’lmagan. Sharqiy Yevropadagi davlatlarda muomalada asosan somoniylar zarb etgan tangalar bo’lgan.

Yüklə 271,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin