BAKIROV O.B.: (Slaydlar asosida dissertatsiya ishi yuzasidan ilmiy ma’ruza qilindi.)
RAIS: Rahmat. Hurmatli kengash a’zolari! Dissertant dissertatsiyani mazmun mohiyati bo‘yicha ma’ruzasini tugatdi. Hurmatli kengash a’zolari, savollarga o‘tamiz. Dissertatsiya, avtoreferat va taqdimot bilan tanishish jarayonda kimda qanday savollar paydo bo‘ldi? Kimda qanday savollar bor? Marhamat, savol berish uchun so‘z kengash a’zosi pedagogika fanlari doktori, professor Maxkamov Ulfat Ilxamovichga beriladi.
P.f.d., prof. MAXKAMOV U.I.:Avtoreferat bilan tanishish jarayonida menda bir necha savollar paydo bo‘ldi. Birinchi savolim, Tadqiqotning vazifalaridan biri «O‘quvchilarda ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirishning pedagogik imkoniyatlarini» (davlat va huquq asoslari) o‘quv predmeti mazmunini innovatsion texnologiyalar hamda interfaol metodlarni o‘quv jarayoniga qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish orqali takomillashtirish belgilangan. Ushbu vazifani amalga oshirish uchun qaysi interfaol metodlardan foydalandingiz?
Ikkinchi savolim, Tadqiqotning ilmiy yangiligida o‘quvchilarda ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirish texnologiyalari shaxsga yo‘naltirilgan taʼlim imkoniyatlarini vitagen taʼlim integratsiyasini taʼminlash asosida takomillashtirilgan”ligi ko‘rsatilgan. Savolim: Vitagen taʼlim tushunchasini izohlab o‘tsangiz?
Uchinchi savolim, Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirishning pedagogik texnologiyasi komponentlari nimalardan iborat?
BAKIROV O.B.:Rahmat savollaringiz uchun ustoz. Birinchi savolingizga javob beradigan bo‘lsak, biz tadqiqotimizda yuqorida keltirib o‘tganimizdek texnologiyalar haqida gapirganda biz treninglar, rolli o‘yinlar o‘tkazganmiz, o‘quvchilarni ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirish bo‘yicha munozaralar, debatlar, miya bo‘roni, aqliy hujum kabi bir necha interfaol metodlardan foydalanganmiz.
Ikkinchi savolingizda, vetagen ta‘lim – o‘quvchilarning hayotiy tajribasidan foydalanishga asoslangan taʼlim. Vitagen taʼlim – o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida haqiqiy hamkorlik o‘rnatilishiga, taʼlim olish va mustaqil o‘qishning qo‘shilishiga, subyekt-obyekt munosabatlarining aloqaga aylanishiga qaratilgan amaliy yo‘l hisoblanadi.
Uchinchi savolga keladigan bo‘lsak,
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirishning pedagogik texnologiyasi komponentlari quyidagilardan iborat:
1) «Davlat va huquq asoslari» o‘quv moduli bo‘yicha materiallarining maxsus tanlangan mazmuni, tematik sinf soatlari, o‘quvchilar bilan maktabda va sinfdan tashqari mashg‘ulotlar asosida ushbu texnologiyani amalga oshirishning maqsad, vazifalari va kutilayotgan natijalari;
2) 8-, 10-, 11-sinfda o‘quvchilarining ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirish bo‘yicha taʼlim-tarbiyaning texnologik dasturi, o‘qitishning interfaol usullari;
3) maktabda taʼlim texnologiyasini amalga oshirishning ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlari;
4) o‘quvchilarning ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasini shakllantirish natijalarini baholash usullari (so‘rovnomalar, testlar) va mezonlari.
RAIS: Savollaringizga yetarlicha javob oldingizmi? Marhamat, kimda qanday savollar mavjud? So‘z pedagogika fanlari nomzodi, professor Boymetov Botir Boltaboyevichga.