Birinchi guruh mashqlarga har xil so’z yasovchi qo’shimcha qo’shish bilan hosil bo’lgan bir xil o’zakli so’zlarning ma’no jihatdan farqini qiyoslashga oid vazifalar kiradi. Masalan, gul so’zidan -chi, -zor so’z yasovchi qo’shimchalari bilan yangi so’z yasang. Hosil bo’lgan so’zlarni ma’nosi va tarkibiga ko’ra qiyoslang. Ularda nima o’xshash? So’zning qaysi qismi ularni ma’nosiga ko’ra farqlayapti? Yangi so’zlarni qatnashtirib gap tuzing.
Ikkinchi guruh mashqlarga bir so’z yasovchi qo’shimchani har xil so’zlarga qo’shishdan hosil bo’lgan so’zlarda so’z yasovchi qo’shimchaning ma’nosini qiyoslashga oid vazifalar kiradi. Bunday mashqlarning maqsadi so’z yasovchi qo’shimchaning ma’nosi haqidagi bilimni elementar tarzda umumlashtirish hisoblanadi. Masalan, ishchi, suvchi, gulchi so’zlarini taqqoslash, ma’nosiga ko’ra o’xshash tomonini belgilash (biror ishni, vazifani bajaradigan kishini – shaxsni bildiradi), so’zning qaysi qismi bajaruvchi shaxs ma’nosini bildirayotganligini aniqlash (so’z yasovchi qo’shimcha-chi).