Texnik-iqtisodiy rejalashtirish korxona faoliyatining barcha (iqtisodiy, texnik, ijtimoiy va hokazo) jihatlarini qamrab oluvchi rejalashtirish turi bo’lib, asosan, bir yilga mo’ljallangan iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejasi shaklida amalga oshiriladi. Mazkur rejalashtirish turining soddalashtirilgan ko’rinishi, ko’pincha, korxona faoliyatining yillik rejasi deb ataladi.
Tezkor-ishlab chiqarish rejalashtirish texnik-iqtisodiy rejalashtirishning davomi bo’lib, korxona faoliyati yillik rejasini yanada qisqaroq muddatga - sutka, o’n kunlik, oyga bo’lib muayyanlashtirish bilan tavsiflanadi. Tezkor-ishlab chiqarish rejalashtirish-kalendar rejalashtirish va dispetcherlashdan iborat bo’ladi.
Kalendar rejalashtirishda korxona yillik rejasida va birinchi o’rinda ishlab chiqarish dasturi (mahsulot tayyorlash rejasi)ni o’n kunlik, hafta, kun va smena bo’yicha aniqlashtirish hamda bu ko’rsatkichlarni bajaruvchilarga etkazish ko’zda tutilgan.
Dispetcherlashtirish oylik, o’n kunlik, kunlik sutka-smenalik rejalarni bajarishni tezkor boshqarishda ifodalanadi.
Shuni qayd qilish kerakki, yuqorida ko’rsatib o’tilgan rejalashtirish turlari asosan mashinasozlik, samolyotsozlik, avtomobilsozlik kabi sohalarning yirik va ba’zi hollarda o’rta korxonalari uchun xosdir. Garchi, biznes-reja hozirgi kunda “ommaviy” bo’lib yirik va o’rta korxonalarda qo’llansa-da, asosan, ishlab chiqarish hajmi katta bo’lmagan hamda xodimlar soni 100 kishigacha bo’lgan kichik korxona va mikrofirmalar biznes-rejalar asosida faoliyat yuritadi.
Yana bir muhim narsani aytib o’tish lozim. Hozirgi paytda iqtisodiyotga oid bo’lgan adabiyotlarda rejalashtirishga nisbatan strategik, uzoq muddatli, qisqa muddatli va joriy rejalashtirish kabi tushunchalar qo’llanmoqda. Ularning har biri o’z shakli, ko’rsatkichlarni ishlab chiqish va hisoblash usullariga ega.
Strategik rejalashtirish xo’jalik yuritishning bozor tizimidagina vujudga kelib, 10-15 yillik davrni o’z ichiga oladi. U korxona rahbariyatining mas’uliyatli vazifasi hisoblanadi hamda rivojlanishning ustuvor yo’nalishlarini topish va bozorda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan talabni inobatga olgan holda resurs bilan ta’minlashga qaratilgan.
Strategik rejalashtirish asosida yaqin 3-5 yilga mo’ljallangan uzoq muddatli rejalashtirish amalga oshiriladi. U korxona faoliyatining ishlab chiqarish, sotish, harajatlar, moliya kabi turlarini o’z ichiga oladi hamda o’z mazmuni va maqsadli funktsiyalariga ko’ra strategik rejalashtirishdan farq qilmaydi.