Kutubxonasi



Yüklə 1,14 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə232/318
tarix10.11.2022
ölçüsü1,14 Mb.
#119254
1   ...   228   229   230   231   232   233   234   235   ...   318
yulduzli tunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 
232
ariqlari bekilib ketgan, suvsizlikdan ko‘pgina daraxtlar qurib qolgan edi. Ikki qavatlik 
naqshin ko‘shk — Chinnixonaning shiftidan tomchilar o‘tib ajoyib rasmlarning anchasi 
o‘ngib ketgan edi. 
Bobur buning hammasini ko‘rib chiqqach, mavlono Fazliddinga yuzlandi: 
— Mavlono, biz sizni Hirotdan chorlab keltirganda yangi qasrlar, chorbog‘lar qurdirish 
umidida edik. Ammo olamga mashhur qadimiy obidalarimizning bu ahvolini ko‘rib, 
o‘zingiz ham taassuf etsangiz kerak! 
— Hazratim, Ulug‘bek mirzoning olamda yagona rasadxonasi ham mana shu Chinnixona 
kabi tashlandiq ahvoldadir, — dedi mavlono Fazliddin. — Kecha ko‘rib ko‘nglim vayron 
bo‘ldi. Oltmish yildan beri qarovsiz. Nodir asbob-olotlari talangan. Devorlaridan 
koshinlari, marmar toshlari ko‘chirib ketilgan. Shu ahvolda tashlab qo‘yilsa uch 
oshiyonlik rasadxona ko‘p vaqt o‘tmay xarobaga aylanur. 
— Demak, shoshilinch choralar ko‘rmog‘imiz darkor, janob Qosimbek. Bizning xos 
me’morimiz mavlono Fazliddin qanday mablag‘u ko‘mak talab qilsalar beraylik, Ulug‘bek 
mirzodan yodgor qolgan Chinnixonayu rasadxonalar darhol ta’mir etilib, aslidek 
tiklansin. 
Qosimbek yengil bir ta’zim bilan: 
— Hazratim, amringizni jonim bilan ado etgaymen! — dedi. — Chinnixonani ta’mirlash 
uncha mushkul emas. Bog‘ning ko‘milib ketgan ariqlarini ham ochgaymiz, gullar 
o‘stirurmiz. 
— Navro‘z bayramigacha ulgurgaymisiz? — so‘radi Bobur. — Bu yilgi Navro‘z bazmini 
mana shu Chinnixonada o‘tkazaylikmi, a, janob Kalonbek? 
Ichkilik bazmlarini yaxshi ko‘radigan Xo‘ja Kalonbek mamnun jilmaydi: 
Dono fikr aytdingiz, hazratim! — dedi. — Samarqandda bog‘bonlaru naqqoshlar 
yetarlik. Hamma hunarpeshalarga mavlono Fazliddin sarkor bo‘lurlar. Navro‘zgacha bu 
bog‘ obod qilinmog‘i kerak. 
Mavlono Fazliddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Boburga yuzlandi: 
— Chinnixonani tiklash mumkin, hazratim, ammo rasadxonani ne qilurmiz? 
— Uni ham tiklamoq zarur, janob Qosimbek, — dedi Bobur. 
Qosimbek rasadxonani tiklashdan qo‘rqardi. Chunki shayxlar so‘nggi o‘n yilliklar 
davomida rasadxonani dinsizlar makoni deb la’natlab, avom xalqni shunga ishontirib 
qo‘ygan edi. Agar Bobur rasadxonani qayta tiklab, yana ishga solib yuborsa, 
Ulug‘bekning boshini yegan qora kuchlar uning joniga ham qasd qilishi mumkin edi. 
Qosimbek shuni o‘ylab: 
— Hazratim, yotgan ilonning dumini bosmaylik, — dedi. — Rasadxonani ta’mirlaganimiz 
bilan unda ish olib boradigan yetuk olimlarni qaydan topgaymiz? Oltmish yildan beri 
keksa avlod olimlar o‘lib, yoshlari boshqa yurtlarga ketib qolmishdir. 
— Ketganlarini chorlab keltirish mumkin, janob Qosimbek, — dedi Bobur va munshiga 
yuzlandi: — Bizning nomimizdan qadag‘alar biting. 
Munshi darhol qo‘ynidan daftar-qalam olib, tikka turgan ko‘yicha yoza boshladi. 
— Ulug‘bek yaratgan falakiyot amaliy ilmidan xabardor olimlar Hirotdami, Rumdami, 
Tabrizdami, qayerdaki bo‘lsalar, bizning nomimizdan ularni Samarqandga taklif eting. 
Rasadxonani qayta ochmoqchi ekanligimizni, kimda-kim Mirzo Ulug‘bekning buyuk ishini 
davom ettirmoqchi bo‘lsa barcha imkoniyatlarni yaratib berajagimizni ma’lum qiling. 
Agar kelsalar yo‘l xarajatlarini biz zimmamizga olurmiz. Bu qadag‘alarni elchilarimiz 
orqali Hirotga ham, Rumga ham tezda jo‘natmoq sizga topshirildi, janob munshi! 
Munshi Bobur aytganlarini daftariga yozib bo‘lib: 
— Amringizni bajarishga darhol kirishurmen! — deya ta’zim qildi-da, Chinnixonadan 
pastga tushib ketdi. 


Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov 

Yüklə 1,14 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   228   229   230   231   232   233   234   235   ...   318




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin