Kutubxonasi



Yüklə 1,14 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə259/318
tarix10.11.2022
ölçüsü1,14 Mb.
#119254
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   318
yulduzli tunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 
259
xalaqit berishi mumkin bo‘lgan mirzo Komron va mirzo Askariylarning Qandahorga 
jo‘natilishi Mohim begimni qiynab yurgan ishkal tugunni birdan yechib yuborgandek 
yengillik berdi: 
— Hazratim, inoyatingizdan boshim ko‘kka yetdi! Ammo bilursizki, ojizangiz hokimlikka 
tashna emasmen. 
— Kimki hokimlikka tashna bo‘lmasa, men o‘shal zotga ko‘proq ishonib hokimiyat 
bergaymen. Barcha tashqi ishlarga Qosimbek mutasaddi bo‘lg‘ay. Hindol yoningizda. Siz 
uning nomidan ham amru farmon bersangiz, shariatga mos kelur. 
Mohim begimning boyagi iztirobli o‘ylari bir lahzaga bo‘lsa ham xayolidan uzoqlashdi. 
Boburning katta ishonchi qalbiga shunchalik yoqib tushgani begimning o‘zini ham xiyol 
taajjublantirdi. Qandahorga hokim bo‘lish Komron mirzoga ham yoqib tushishini o‘yladi. 
Bobur ikki tomonni ham tinchitadigan nozik bir siyosat yurgizayotganini begim endi 
sezdi. Odamlardagi ichki manfaat tuyg‘usini bexato topib, shu tuyg‘uga suyangan holda 
ularni mohirona boshqara bilish katta bir san’at ekani, Bobur yillar davomida mana shu 
san’atni qanchalik yaxshi egallaganini begim hozir juda yaqindan ko‘rdi va go‘yo o‘z 
tajribasidan o‘tkazdi. Komron mirzoni Qandahorga jo‘natish, Mohim begimga Kobul 
ixtiyorini berish boshqa ko‘p amiru beklarning ko‘nglidagini topib, o‘rinlarini almashtirish 
— bu hammasi shatranj donalarini ularga juda mos keladigan bir mahorat bilan surish 
va o‘rinlarini almashtirishga o‘xshab ketardi. Shunday bo‘lsa ham Bobur Mohim 
begimning ko‘nglidagi eng nozik dardni payqab, uni kundoshi Gulruh begimning qo‘li 
yetmaydigan yuksak martabaga munosib ko‘rgani behad yoqimli edi. 
— Hazratim, sizning ulug‘ ishonchingiz mening tanimga yangi bir jon ato qildi! Biroq... 
ne qilayki, men dunyodagi barcha ne’matlardan, hatto o‘z jonimdan ham siz bilan 
Humoyunni ortiq ko‘rurmen. Siz hozir rahnamolik san’atida benazirsiz. Shunday bo‘lsa 
ham fotihlarning g‘animi ko‘p bo‘lur. Hindda beadad el. Beadad yog‘iy. O‘ylasam vahmim 
kelur! 
— Jang xatarsiz bo‘lmas. Siz muncha iztirobga tushmoqdasiz, Mohim? Sizga ne bo‘ldi? 
— Men Humoyun uchun ham iztirob chekmoqdamen... Hech bo‘lmasa Humoyun Kobulda 
qolsin, sizdan o‘tinamen, hazratim! 
Bobur Mohim begimga endi ozorlanib ko‘z tashladi: nahotki u «erim xatarli jangda o‘lsa 
ham o‘g‘lim yonimda tirik qolsin» demoqchi? 
— Humoyun taxt vorisi, — dedi Bobur ranjigan tovush bilan. — Shuning uchun qo‘shinda 
men bilan birga borishi shart... Eskidan odat shundayligini nechun unutdingiz? 
Bu odatning ma’nosi shu ediki, agar uzoq yurtdagi jangda podshoh halok bo‘lsa, taxt vo-
risi darhol qo‘shinga bosh bo‘lishi kerak edi, aks holda, qo‘shin boshqa da’vogarlar 
tomoniga o‘tib ketishi mumkin edi. Bobur bu odatni eslatish bilan «men agar olamdan 
o‘tsam, o‘rnimga Humoyun qolishini istab, uni birga olib ketmoqchiman», demoqchi edi. 
Mohim begim Boburning gapidagi bu ma’noni fahm-ladi-yu, iztirobi battar oshdi. 
Nazarida, Bobur Hindistondan umrbod qaytib kelolmaydiganday, oldindagi yurish «borsa 
kelmas» yurish bo‘ladiganday tuyuldi. Mohim begimning yuragi ezilib, ko‘zlari jiqqa 
yoshga to‘ldi. 
— E xudoyim! Dunyo nechun bunday beomon yaratilgan? Qachon bexatar kunlarga 
yetgaymiz? 
Bobur jim edi. 
_______________ 
* O d i n a p u r — Afg‘onistonning janubidagi shahar, hozirgi Jalolobod. Norinj— apelsin. 
* Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Mohim begim Gulbadanni chindan ham Bobur nasri ruhida tarbiyaladi. Gulbadan begim voyaga yetganda 
«Boburnoma»ning eng yaxshi fazilatlaridan ibrat olib, o‘zining mashhur «Humoyunnoma» asarini yozdi. O‘sha zamonlarda ayollarni 
kamsituvchi diniy aqidalarga qarshi borib yozilgan «Humoyunnoma» tariximizning nodir madaniy obidalaridan biriga aylandi. 
* I b r o h i m L o d i — afg‘on qabilalaridan chiqqan podsho. 


Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov 

Yüklə 1,14 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   255   256   257   258   259   260   261   262   ...   318




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin