www.ziyouz.com kutubxonasi
277
Menga farzandlarim dunyoning hamma boyliklaridan azizroq. Siz o‘g‘limning jonini
qaytarib bergandek bo‘ldingiz. Mana bu qutichadagi ulug‘ olmosni sizga peshkash
qilaman!
— ... Voqeaning tafsili shu, — dedi Humoyun va otasiga «Bir navkarning o‘lgani-yu,
Vaysbekning jazolangani uchun gap eshitmasmikinmen?» degandek termilib qaradi.
Bobur og‘ir tin oldi-yu:
— Alqissa, bu go‘zal olmos ham zo‘ravonligu xunrezlik balosini ko‘rib kelmishmi? — dedi.
— Hazratim, mendan xatolik o‘tgan bo‘lsa afv eting. Men o‘yladimki, o‘z or-nomuslarini
shunday bebaho olmosdan ham ortiq qadrlaydigan odamlar g‘ayridin bo‘lsalar ham...
— Rost, bu mamlakatda shunday or-nomusli odamlar borligini o‘ylasam, mening ham
ko‘nglim ko‘tarilur, o‘g‘lim! Ammo bizning nazari past beku navkarlarimiz zo‘ravonligu
talonchilik bilan hind elini bizdan cho‘chitmoqdalar. Axir bizning maqsadimiz faqat
mamlakat olmoq emas edi-ku. Biz Hindistonda katta davlat tuzish orzusini ko‘nglimizga
tugib kelgan edik. Yagona qudratli davlat barpo etilishidan hind eli ham manfaatdor
emasmi? Barcha o‘lkalar birlashsa, elning tinkasini quritgan ichki urushlar to‘xtamasmi?
Ulus tin-chib, ilmu san’atning ravnaqi osonlashmagaymi? Buni sezgan hindistoniylardan
Dilovarxon, Hindubek kabilar biz bilan hamkorlik qilmoqdalar. Biz endi butun hind
elining ko‘nglini olmoqqa intilmog‘imiz darkor, o‘g‘lim!
— Hind elining ko‘nglini olmoq?! — taajjub bilan so‘radi Humoyun. — Qonli janglar
vahimasidan qo‘rqib, shaharu qishloqlarini tashlab qochmoqda bo‘lgan ming-ming
odamlarning ko‘nglini biz qandoq olg‘aymiz?
Bobur Panjobda yo‘lni adashtirib, fotihlarni xarob qilmoqchi bo‘lgan filbonni va boya
«Ket, bosqinchi!» — deb qichqirib o‘zini olovga tashlagan kelinchakni esladi:
— Ha, bu juda mushkul muammo! — Bobur miz ustida turgan sadaf qutichani qo‘liga
oldi. — Umidvormen, shoyad bu muammoni yechishga muyassar bo‘lsak. Axir mana sen
bir qancha hindistoniylarning ko‘nglini olmishsen-ku. Dehliga kelgan kuning ibodat-
xonada bu elning muqaddas tuyg‘ularini himoya qilmishsen. Buning hammasiga loyiq
mukofot mana shu olmosdir! Ol, haloling bo‘lsin!
— Hazratim, — deb Humoyun qutichani olmay qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi, — bu olmosni men
sizga atab keltirdim.
Bobur sadaf qutichani yana miz ustiga qo‘ydi-yu, ovozi xiyol tovlanib:
— Sening bu saxovating uchun tangriga shukrlar qilamen, — dedi. — Panipat jangida
sen menga eng birinchi bo‘lib zafar keltirding, qo‘shinning ruhini ko‘tarishga sababchi
bo‘lding. Men hali bu xizmatlaringni ko‘nglimdagidek taqdirlaganim yo‘q.
— Lekin sizning avvalgi in’omlaringiz mening butun umrimga yetgulikdir, — deb
Humoyun otasiga «Mubayyin»ni eslatgisi keldi. — Men ham sizga arzirlik bir armug‘on
keltirish orzusida edim...
— Unday bo‘lsa, mayli, men bu armug‘oningni bir marta qabul qilay. Endi shu olmos
menikimi?
— Sizniki!
— Lekin taqdir menga dunyodagi barcha olmoslardan qimmatliroq bir mukofot
bermishdir. Bu mukofot — mening sendek o‘g‘lim borligidir. Tojdor, taxtdor ota-o‘g‘illar
orasida qandoq yomon baxilliklar, qandoq razil xunxo‘rliklar bo‘lganligi senga sir emas.
Men istaymenki, bu balolar senu menga hech vaqt yovuq kelmasin. Xudodan tilagim
shuki, mendan senga, sendan avlodlaringga saxovatu mardlik, fidokorligu olijanoblik
meros bo‘lib qolsin. Bu fazilatlar bizni ulkan tog‘ silsilasidek doimo bir-birimizga bog‘lab
tursin. Ana o‘shandagina biz Hindistonga kelib ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga
yetishgaymiz.
— Siz aytgan ulug‘ maqsadlar uchun o‘g‘lingiz jonini berishga ham tayyor!