www.ziyouz.com kutubxonasi
291
Bu savol Tohirni shoshirib qo‘ydi.
— Siz... podshohsiz, hazratim. Beklar sizning itoa-tingizdalar.
— Itoatimda bo‘lib itoat etdirurlar... Bularning shunday girdoblari borki, sal bexabar
qolsangiz g‘arq qilib yuborurlar... Men So‘xda sizga aytgan gaplarim esingizdami?
— Men u so‘zlaringizni hech vaqt unutmasam kerak...
— O‘shanda, siz, umrbod huzuringizdan ketmasmen, degan edingiz-ku!
— Hazratim, men u vaqtda sog‘lom yigit edim... Hozir ahvolim bu...
— Saroyda mening xilvatxonamga qaraydigan durust odam yo‘q. Shu ishni siz olsangiz.
Xilvatxona — Boburning yolg‘iz o‘tirib ijod qiladigan joyi ekanini Tohir bilar, Bobur
hayotining eng dilkash tomoni uning ijodida ekanini sezardi. Lekin saroyning murakkab,
bo‘g‘iq muhitidan ko‘ngli qolgan Tohir bog‘da, tog‘asining yonida ishlashni istardi.
— Hazratim, qulingizni ma’zur tuting. Men bog‘da ishlaymen, deb ahd qilgan edim...
— Bog‘da ham xilvatxona bo‘lur, — dedi Bobur. — Qurib bitirilsa unga ham siz
qaragaysiz. Ma’qulmi?
Endi «yo‘q» deyishning iloji qolmadi. Boburning so‘zini ikki qilib o‘rganmagan Tohir
qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-yu, rozilik berdi.
* * * Agra qal’asidagi xilvatxona devoni xos bilan podshoh oshxonasining oralig‘ida edi. Bir
oydan beri davom etayotgan yomg‘ir fasli hali-beri tugaydiganga o‘xshamas, ba’zi
kunlari besh-o‘n martadan jala quyib o‘tardi. Yog‘in-sochinli kunlarda Bobur ko‘proq
Agrada ishlaydi. Xilvatxona — ichma-ich qurilgan uch xonadan iborat. Bu xonalarning
mayda-chuyda ishlarini to‘rtta savdar qiladi, lavozimi «oftobachi» deb ataladigan Tohir
ularga boshliq. Eng ichki xonada qog‘oz, qalam va Bobur tayinlagan kitoblar turadi.
Berigi xonaga dasturxon solinib, Bobur xush ko‘radigan gulob, norinj sharbati, anba
mevasi* qayla*, tanbul bargi* va mag‘zi qizil fufal yong‘og‘i qo‘yilgan.
Bir kuni Tohir dasturxonga eng toza G‘azni chog‘iridan ham bir ko‘zacha qo‘ydirgan edi,
Bobur:
— Chog‘ir majlisi xirgohda bo‘ldi, bas, — dedi.
Shundan keyin Tohir xilvatxonaga ichkilikni yo‘latmaydigan bo‘ldi.
Bobur ichki uyda tuni bilan ishlasa Tohir ham tong otguncha uxlamay, uning tinchini
qo‘riqlab chiqar edi. Uning tashqi xonada uyg‘oq o‘tirishini biladigan Bobur goho
ichkaridan chiqib kelib, g‘alati savollar berardi:
— Badaxshonda archazorlarda nafis bir o‘t bo‘lur edi, esingizdami? Dahkat atrofida,
Osmon Yaylovda ham mo‘l edi. Rangi havorang. Men bir daftarga yozib qo‘ygan edim...
Kobulda qolganmi? Yo‘q.
— Ot yeydimi?
— Ha, yaxshi yeydi. Bo‘yi past-past, yerdan to‘p-to‘p bo‘lib chiqur.
— Betakamikin?
— Ha, ha, betaka ham derlar, lekin asli butaka! Buttalab o‘sgani uchun butaka der
ekanlar. Men buning vajhi tasmiyasini* Badaxshonda eshitgan edim.
Bobur qidirgan so‘zini topganidan mamnun bo‘lib ichkariga kirib ketdi. U Tohir bilan
birga ko‘rgan joylari, birga boshdan kechirgan voqealarining mana shunaqa tafsilotlarini
so‘rab, aniqlab olgan kunlari Tohirning ham ko‘ngli ko‘tarilib yurardi. U Boburning o‘z
ko‘rgan kechirganlari haqida katta kitob yozayotganini eshitgan edi. Endi Tohir ham shu
kitobning yozilishiga bir qadar ishtirok etayotgani uchun «har qalay, bu yerda o‘tgan
kunlarim zoe ketmaydiganga o‘xshaydi», deb qo‘yardi. Bir kun tun yarimlaganda Bobur