Kutubxonasi



Yüklə 1,14 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə318/318
tarix10.11.2022
ölçüsü1,14 Mb.
#119254
1   ...   310   311   312   313   314   315   316   317   318
yulduzli tunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 
318
Bugun kechasi Bobur ichkarida hadeb behalovat bo‘lavergandan keyin Tohir savdarlarni 
chaqirib, uni to‘shagi bilan hovlidagi usti ochiq marmar supaga chiqartirdi. 
Agraning kech kuzi xuddi Andijonning bahor payt-laridek salqin va mayin tuyular edi. 
Qop-qora osmonda yulduzlar charaqlab turibdi. Isitmasi baland Boburga yulduzlar yana 
girdobga tushib aylanayotganday va bir-birlariga urilib ketayotganday ko‘rindi. Bobur 
ko‘zini yumdi: 
— Badanimda... qon uyushib qolayotganday... — dedi Tohirga. 
Tohir uning yelkalarini, qo‘llarini, keyin oyoqlarini sekin-sekin uqalay boshladi. Bobur 
bundan sal yengil tortganday bo‘ldi-yu, ko‘zini ochib yana osmonga qaradi. 
Yulduzlar endi joy-joyida to‘xtab, sokin nur socha boshladi. Ana Oltin Qoziq. Uning g‘arb 
tomonidagi Yetti Og‘ayni yulduzlari ufqqa og‘ib tushib ketyapti. Sharqdan esa bir to‘p 
bo‘lib Hulkar yulduzlar ko‘tarilib kelyapti. 
— Bizning Quvada ham Hulkar xuddi mana shunaqa bo‘lib chiqar edi, — dedi Tohir. 
Bobur ham bolaligi o‘tgan Andijon osmonini esladi. Mana shu Yetti Og‘ayni yulduzlari 
o‘sha yerda ham Oltin Qoziqni aylanib o‘tib, g‘arbga botib ketardi. O‘sha yerda ham Yetti 
Og‘ayni ufqqa bosh qo‘ygan sari Hulkar yulduzlari osmonning baland joylariga chiqib 
borardi. Bobur o‘smirligida Hulkar yulduzlarini olmosdan yasalgan varrakka o‘xshatar 
edi. Dumini quvnoq silkitib uchadigan olmos varrak uning xayolini yana musaffo bolalik 
yillariga olib ketdi. Osmon dunyoning hamma joyida bir ekani, umrining boshlanishida 
Andijonda ko‘rgan yulduzlari umrining oxirida Agrada ham chaqnab turgani unga so‘nggi 
bir tasallidek tuyuldi. Bobur osmonga qarab yotganda yana yosh, sog‘lom yigitga 
aylanib, Andijon chorbog‘ining supasida yotganday bo‘ldi. 
Bir lahzalik bu shirin his ketidan yana shafqatsiz bir qaltiroq bosib keldi-yu, yulduzli 
osmonni girdobiga olib, gir-gir aylantira boshladi... 
Tun yarmidan oshganda Tohirning o‘kirib yig‘lagani qorong‘i bog‘ni zir titratdi... 
* * * 
Mavlono Fazliddin Kobulda Boburga anvoyi rangli marmarlar bilan ziynatlangan serfayz 
bir maqbara qurishga ulgurdi, lekin Xonzoda begim nomiga madrasa qurish unga nasib 
bo‘lmadi, uning bu orzusini oradan yuz yillar o‘tgandan so‘ng Boburning chevarasi Shoh 
Jahon qurdirgan mashhur Toj Mahalda ulug‘ hind me’morlari ro‘yobga chiqargan 
bo‘lsalar ehtimol. 
Tohir «Boburnoma»dan ko‘chirilgan nusxalarni adibning Andijondagi, Toshkent va 
Samarqanddagi muxlislariga eltib topshirgach, o‘zi Robiya bilan birga Quvaga qaytdi. 
Ular umrlarining qolgan qismini tug‘ilgan yurtlarida o‘tkazdilar. Biroq o‘g‘illari Safarbek 
mavlono Fazliddinning farzandlari bilan birga Agrada umrbod qoldilar va o‘sha yerda oila 
qurib, hind xalqiga qo‘shilib ketdilar. 
Bobur tuzgan ulkan davlat o‘z qudrati va madaniy yodgorliklari bilan jahonga tanilib,
uch asr umr ko‘rdi-yu, tarixda qoldi. Uning o‘g‘il avlodlari bugungi kunga yetib 
kelolmadilar — eng oxirgi boburiylar o‘tgan asrlarda ingliz mustamlakachilari davrida 
mahv etildi. 
Faqat Bobur o‘z qo‘li bilan yozgan asarlar haligacha tirik bir qalbning haroratiga to‘lib, 
odamlarga hamon ma’naviy oziq va zavq beryapti. To‘g‘ri, uning bir umri qorong‘i 
osmonda olovli iz qoldirib uchgan yulduzdek tez so‘ndi. Lekin o‘lmas asarlari sahifasida 
salkam besh asrdan beri davom etib kelayotgan ikkinchi umri— bu yulduzning tundan 
tongga qarab uchganini va o‘z nurini kelajakka yo‘naltirganini aytib turibdi. Bobur qalb 
o‘tiga yo‘g‘irib yaratgan madaniy meros bugungi sernur avlodlarni bahramand qilgani 


Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
319
sari uning ana shu ikkinchi umri ham qorong‘i tunlardan keyingi yorug‘ kunlarda astoydil 
obod bo‘lyapti. 
1969—1999 
Islom.uz
ma'rifat markazidan olindi. 
www.ziyouz.com
-2007 

Yüklə 1,14 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   310   311   312   313   314   315   316   317   318




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin