6- 7 LABORATORIYA ISHI Mavzu: Ko’mir va grafit rudalarini flotatsiya usulida boyitish Ishdan maqsad: Boyitishning optimal texnologik ko`rsatkichlariga ega bo`lish uchun grafit rudalarni boyitishning flotatsiya va reagent rejimlarini o`rganish, hamda metallar muvozanatini tuzish.
Qisqacha nazariy ma`lumot
Apolyar guruhga ko`mir, grafit, oltingugurt, apatit va boshqalar kiradi. Ular faol flotatsiyalanish qobiliyatiga ega bo`lib, bu ularning molekulyar yoki qatlamli kristal panjaraliligi bilan bog’liq. Ularning yuzalari yomon gidratlanganligi uchun havo pufakchalariga yengil yopishadi. Bunday minerallarni bitta ko`pik hosil qiluvchi reagent qo`llash bilan ajratib olish mumkin. Boyitmaning sifatini oshirish uchun esa yig’uvchi reagent sifatida to`yingan uglevodorodlardan foydalaniladi. Ular flotatsiyalanadigan minerallar zarrachalarining yuzalarini qoplab oladi. Ruda tarkibidagi bo`sh tog’ jinslarining flotatsiyalanish qobiliyatlarini tazyiqlash uchun esa suyuq shishadan foydalaniladi.
Ko`mir rudalarini flotatsiya usulida boyitish
O`lchami 3mm dan kichik bo`lgan ko`mir rudasi flotatsiya usulida boyitiladi. O`lchami undan yirik bo`lgan ko`mir rudalarini esa gravitatsiya usulida boyitish mumkin. Ko`mir oksidlangan holatda yengil flotatsiyalanadi, lekin oksidlangan sari uning flotatsiyalanish faolligi yuza strukturasining o`zgarishi hisobiga kamayadi. Yuza strukturasining o`zgarishi suv bilan ta`sirlashganda gidrat qatlamlarini hosil qilishga olib keladi, yoki eruvchan tuzlardan tashkil topgan qobiq hisobiga ham kamayishi mumkin.
Shuning uchun ham yig’uvchi reagentlar qo`llaniladi. Yig’uvchi reagentlar sifatida fenollar, koks smolasini haydaganda hosil bo`ladigan yog’lar, neft bilan kerosin aralashmasidagi toshko`mirli kreozotlardan foydalanish mumkin.
Ruda tarkibidagi temir sulfidlarini tazyiqlash uchun asosiy flotatsiya jarayoniga oxak (pH=8,5 dan yuqori bo`lmagan) va sianid aralashtiriladi. Gilli shlamlarni tazyiqlash uchun esa suyuq shisha ishlatiladi. Ko`mir rudalarini boyitish sxemasi 9-rasmda keltirilgan.
Grafit rudalarini flotatsiya usulida boyitish
Grafit rudalarini boyitish uchun rudaning o`lchami 3-4 mm gacha yanchiladi. Mayin yanchish darajasi oshgan sari qimmatbaho komponentning boyitmaga ajralishi kamayib boradi. Yanchish jarayonida grafit bo`sh tog’ jinslarining zarrachalariga singib qoladi. Shuning uchun ham bo`sh tog’ jinslarining flotatsiyalanish qobiliyatini tazyiqlash qiyinlashadi.
Flotatsiya jarayoni ko`pik hosil qiluvchi reagent va kerosin aralashtirilib olib boriladi.
Kuchsiz ishqoriy bo’tana singdirilgan grafit natriy silikati bilan deflokulyatsiya qilinadi.
Asosiy flotatsiyaning boyitmasi pH=3-5 bo`lgan kislotali muhitda 3 yoki 4 marta qayta tozalash flotatsiyasi jarayonida boyitiladi.
Bo`sh jinslarni flotatsiyalanish qobiliyatini tazyiqlash uchun kaltsiylangan soda, suyuq shisha, kaustik sodasi yoki sianid qo`llaniladi.
Grafit bilan ko`mir jinslarini tazyiqlash ba`zi rudalar uchun o`ta muhim. Bunday holatlarda tazyiqlash kraxmal, yelim va kolloidlarni qo`llash bilan amalga oshiriladi. Grafit rudalarini boyitish sxemasi 10-rasmda keltirilgan.
Ishni bajarish uchun zarur bo`ladigan materiallar va uskunalar
200 gr. rudasi namunasi.