Lirika (lira) — badiiy adabiyotdagi 3 asosiy adabiy tur (epos, drama, lirika)ning biri. L.da mavjud obʼyektiv voqelikdan koʻra ijodkor shaxsining his-tuygʻulari, qalb kechinmalari, lirik qahramonning ichki dunyosi birinchi oʻrinda turadi. Barcha ifoda shoirning "men"i orqali oʻtadi. L.da, eposdan farqli oʻlaroq, muayyan epik syujet boʻlmaydi. Dramatik turdan ajralib turadigan jihati esa, L.da subʼyektivlik kuchli. Ayni paytda L. emotsionalligi, oʻquvchi qalbini hayajonga solishi bilan farqlanadi. Lirik asarda subʼyekt va obʼyekt bir shaxsda mujassam topadi, undagi markaziy "personaj" ijodkorning oʻzi, yanada aniqrogʻi, uning ichki maʼnaviy-ruhiy olami sanaladi. L. ijtimoiy, madaniy, maishiy, ishqiy mavzularni qamrab olishi va juda katta ijtimoiy, estetik mohiyat kasb etishi ham mumkin. Biroq bunda ham, baribir, lirik asar oʻzagida individual shaxs kechinmalari, his-tuygʻulari yetakchilik qiladi. Oʻquvchini oʻzligiga, oʻz maʼnaviy-ruhiy dunyosiga nazar solishga undaydi. L. qadimda xalq ogʻzaki ijodi tarkibida mavjud boʻlib, maʼlum bir mavsum, fasl yoki urf-odatlarga bagʻishlab aytilgan. L. Gʻarbda Qadimgi Yunoniston va Rim shoirlari ijodida, Sharqda xitoy, fors va oʻzbek shoirlari ijodida asosiy oʻrinni egalladi. Umar Xayyom, Saʼdiy Sheroziy, Atoiy, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylar lirik shoir sifatida shuhrat topdilar. Alisher Navoiydan soʻng Bobur, Ogahiy, Furqatdek shoirlar oʻzbek mumtoz L.si xazinasiga munosib hissa koʻshdilar. Gʻarb Uygʻonish davri vakillari Petrarka (Italiya), Vilyam Shekspir (Angliya), soʻngra 18—19-asrlarda I.V. Gyote (Germaniya), J. Bayron (Angliya), A. S. Pushkin (Rossiya) kabi shoirlar L. sohasida samarali ijod qildilar.
20-asrda L. shakl va mazmun-mohiyati jihatidan boyidi. Pablo Neruda (Chili), Nozim Hikmat (Turkiya), Garsiya Lorka (Ispaniya), A. Blok (Rossiya) singari shoirlar ijodi koʻpchilikning eʼtiborini qozondi. 20-asr oʻzbek adabiyotida esa badiiy-estetik tamoyillarning yangilanishida L. muhim rol oʻynadi. Choʻlpon, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon, Shavkat Rahmon, Usmon Azim sheʼrlarida oʻzbekona lirik tafakkur imkoniyatlarining rang-barangligi aks etdi. L. jahon adabiyotida oʻzining ichki janrlariga koʻra turli hajmiy koʻri-nishga ega boʻlgan va yuksak musiqiylik kasb etgan. L.dagi musiqiylik, ohangdorlik barcha zamonlarda bosh xususiyat sanalgan. 20-asr dunyo adabiyotida va, qisman, oʻzbek adabiyotida nisbatan musiqiylikdan xoli lirik asarlar ham bitildi: ularni musiqa asbobi bilan ijro etish qiyin. Biroq bu turdagi modern L.da shoirning qalb ohangi, ijodkor uslubiga, janr pafosiga xos ichki — sirli musiqadorlik mavjud. L.dagi xarakter ham, konflikt ham subʼyekt isteʼdodi, mahoratidan kelib chiqadi. Xususan, L.da konflikt soʻzlarda, misralarda, tasviriy ifodada yaqqol aks etadi. L.da badiiy tasvir vositalari (lafziy va maʼnaviy sanʼatlar) keng qoʻllanadi.
Poetik "men" va biografik "men" L.ning odatiy, oʻzaro ajralmas unsuri sanaladi. Ammo har qanday biografik maʼlumot poetik matn ichida oʻz mazmun-mohiyatini oʻzgartirib, ijtimoiy-madaniy yoki maʼnaviy-estetik mohiyat kasb etishi mumkin. Adabiyotshunos olimlarning shoir Abdulhamid Choʻlpon qalamiga mansub "Aldanish" sarlavhali sheʼrini turlicha talkin etishlari buning isbotidir. Lirik asar aksar holatlarda har qanday insonga tushunarli, uning dardiga, zavqiga mos boʻladi. Ammo jahon adabiyotida "sanʼat sanʼat uchun" qoidasiga muvofiq ravishda "sof sanʼat", "sof L." tushunchalari ham vujudga kelgan. "Sof L." xususiyati shuki, bunda "men" sof sanʼat tili, ramzlar tili orqali yuksak badiiy-estetik maqomda ifoda etiladi. Shoir oʻzi uchun yozadi; oʻquvchini koʻzlamaydi; individual ruhiy holat misralarga koʻchadi. Adabiyotshunoslar L.ni mavzusiga qarab shartli ravishda ishq-muhabbat, falsafiy, peyzaj, publitsistik va boshqa L.larga ajratadilar. Shuningdek, L. gʻazal, ruboiy, tuyuq, muhammas, qasida, marsiya, sonet singari koʻplab adabiy janrlarga boʻlinib ketadi. Ayni choqda, L.ni davr eʼtibori bilan mumtoz L. va zamonaviy L. tarzida tasniflash ham mumkin.
Lirika (yun. cholg`u asbobi) adabiy tur sifatida qadimdan
shakllangan bo`lib, o`zining bir qator xususiyatlariga egadir. Lirikaning
bеlgilovchi xususiyati sifatida uning tuyg`u-kеchinmalarni tasvirlashi
olinadi. Ya'ni, epos va dramadan farq qilaroq, lirika voqеlikni
tasvirlamaydi, uning uchun voqеlik lirik qahramon ruhiy
kеchinmalarining asosi, ularga turtki bеradigan omil sifatidagina
ahamiyatlidir. Shu bois ham lirik asarda voqеlik lirik qahramon qalb
prizmasi orqali ifodalanadi, yana ham aniqrog`i, lirikada kеchinmani
tasvirlash uchun yеtarli miqdordagi voqеlik "parchalari", dеtallargina
olinadi.