Shaxslar, kuch ishlatishni amalga oshirish uchun monopoliya asosida davlat mulkchilik huquqlarini ularning o`zlariga qaraganda samaraliroq tafsirlashi va himoya qilishini kutgan holda, o`z faoliyatini nazorat qilish huquqlarining bir qismini davlatga topshirishadi. Shuning uchun institutsional nuqtai nazardan davlatning asosiy funksiyasi - mulkchilik huquqlarini tafsirlash va himoya qilishdan iborat. Davlatning optimal o`lchamlari ularda davlat kafil sifatida boshqa kafillar (bitim tomonlari, arbitr, ijtimoiy guruh)ga qaraganda samaraliroq faoliyat ko`rsatadigan bitimlar doirasi bilan belgilanadi. Davlatning optimal o`lchamlari mutlaq emas, balki tarixan shartlangan.
Davlatni fuqarolar va davlat apparati o`rtasidagi ijtimoiy shartnoma orqali ta’riflash «prinsipal-agent» muammosini oldingi o`ringa suradi. Bu yerda birinchi galda kim «prinsipal» va kim «agent» ekanligini aniqlab olish talab etiladi. Javob umuman aniq emas. Fuqaro ham, davlat ham ikki taraflama rol o`ynaydi. Bir tomondan, fuqaro davlatga ayrim funksiyalarning bajarilishini yuklagan holda uning tarkibini belgilaydi, ya’ni u «prinsipal», davlat esa «agent» hisoblanadi. Ikkinchi tomondan, fuqaro «agent» rolida ishtirok etib, shartnomalar bajarilishining kafili sifatida davlatning qarorlariga bo`ysunadi. J.Byukenen ushbu ikki taraflamalilikni «bo`ysunuvchining paradoksi» deb nomladi: inson o`zini bir vaqtning o`zida ham davlat boshqaruvining ishtirokchisi – ob’ekti sifatida, ham o`zi tanlamagan xatti-harakat me’yorlariga amal qilishga majbur etiladigan sub’ekt sifatida qabul qiladi. Shunday qilib, «prinsipal-agent» muammosi mazkur holatda ikki taraflama xususiyatga ega va uni quyidagi sxema yordamida tasvirlash mumkin:
Shartnoma: prinsipial-individ, agent-davlat