Ommaviy–madaniy tadbirlar rejissurasi
2-semestr
MAVZU. TADBIRLAR TURLARI VA SPETSIFIK XUSUSIYATLARI.
REJA:
Madaniy hordiq tadbirlarini tashkil etish.
Madaniy hordiq tadbirlari ideologiyasi.
Madaniy hordiq muassasalari.
Badiiy-ommaviy tadbirlarni tashkil qilishning o`ziga xos xususiyatlarini bilish shu sohaga oid bilimlarni konkretlashtiradi, ularni egallashga aniqlik kiritadi, tadbirlar mohiyati va xarakterini to`laroq yoritib berishga yordam beradi.
O`ziga xos xususiyatlar haqida so`z borganda, hodisalarni bir-biridan ajratib turadigan, faqat bir hodisaning yolg`iz o`ziga tegishli bo`lgan xususiy belgilari va tomonlari tushuniladi. Lekin o`ziga xos xususiyatlar bir hodisaning yakka o`zini o`rganish bilangina aniqlanmaydi. Balki bir necha hodisalarni bir-birlari bilan solishtirib ko`rilganda, ularning avval umumiy, keyin esa xususiy tomonlarini topish mumkin bo`ladi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning xususiyatlarini aniqlash uchun ularni san`at, ommaviy axborot turlari bilan taqqoslab ko`riladi. CHunki badiiy-ommaviy tadbirlarning teatr spektakllari, kontsert programmalari, kinofil’m va radioeshittirishlar, teleko`rsatuvlar bilan umumiy bo`lgan hamda ulardan ajralib turadigan o`ziga xos tomonlari bor.
Badiiy-ommaviy tadbirlarni tashkil etishning birinchi asosiy xususiyati shundan iboratki, u kundalik hayotning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo`ladi. Agar san`at asarlari real «birinchi dunyo»ni badiiylashtirish asosida «ikkinchi dunyo»ni vujudga keltirsa, badiiy-ommaviy ish shakllari kundalik hayotning o`zidagi muhim va diqqatga sazovor voqealarni tadbir sifatida uyushtiradi.
YUqorida qayd etganimizdek, mehnatkashlarning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil qilish asosan madaniy-ma`rifiy muassasalarning zimmasiga tushadi. SHunday ekan, aholining ishdan xoli vaqtida hayotning muhim daqiqalarini va mehnat yutuqlarini nishonlash hamda ular ehtiyojini qondirish uchun badiiy-ommaviy tadbirlar (turmushning tarkibiy qismi sifatida) uyushtiriladi. Mehnatkashlarning bo`sh vaqtlarida ularning bilimini oshirish uchun og`zaki jurnal, hordiq chiqarishlari uchun dam olish kechalari, biron buyuk sanani yoki mehnat yutug`ini nishonlash uchun bayramlar kabi ko`plab tadbirlar tashkil qilinadi. Bu tadbirlar esa maxsus o`ylab topilmaydi. Ularni mahalliy hayotning o`zi, kishilarning ma`naviy ehtiyoji bevosita taqozo qiladi va shularga binoan tadbirlar tashkil qilinadi.
Badiiy-ommaviy tadbirlar kundalik turmushning tarkibiy qismi sifatida hayotning muhim daqiqalarini o`zida mujassamlashtirish bilan birga, ular hayotni real xujjatli materiallar bilan bog`liq holda aks ettiradi. Albatta, ularda barcha hayotiy materiallar badiiy-estetik bezalib, madaniy tadbir shakliga keltiriladi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning ikkinchi xususiyati shundan iboratki, u bir marta tashkil etilib, asosan bir marta namoyish qilinadi. Agar teatr spektakllari kinofil’mlar tayyorlangandan keyin yuzlab marta namoyish qilinsa, madaniy-ma`rifiy muassasalardagi tadbirlar esa takroran qo`yilmaydi. U muayyan va muhim sanalarga bag`ishlangan uchun faqat belgilangan kunda (yoki uning arafasida) tashkil qilinadi.
Agar teatrda qo`yilgan p’esani yana bir necha yildan keyin qaytadan sahnalashtirish mumkin bo`lsa, klub tadbirlarida bu holat takrorlanmaydi. Biron tadbir stsenariysining sxemasini ikkinchisiga qo`llash mumkin emas. Har qanday yangi stsenariy yangi tuzilishni, asosiy detallar va fikrlarning obrazi, o`ziga xos tuzilishini, o`y-kechinmalarni hamda ijodiy mehnatni talab qiladi.
Buning asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
a) (Klub) tadbirlari ma`lum va muhim sanaga bag`ishlangani uchun faqat belgilangan kunda (yoki o`sha kun arafasida) tashkil qilinadi. Boshqa kunlarda ma`lum sanaga bag`ishlangan tadbirlarga ommaning ehtiyoji bo`lmaydi.
b) Klub hamda madaniyat va istirohat bog`i aholining ma`lum qismi uchun tayyorlangan tadbirlarni bir marta namoyish qilishi etarlidir. Masalan, o`qituvchilar kuniga bag`ishlangan tadbir asosan murabbiylar uchun bir marta — oktyabr’ oyining boshida o`tkazilishi mumkin.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning uchinchi xususiyati shundan iboratki, ular asosan mahalliy aholi uchun, ularning real hayotidan olingan materiallar asosida tuziladi. Tadbirlar aks ettiradigan materiallar muayyan muassasa xizmat qiladigan konkret xo`jalik, mahalla, korxona, kolxoz-sovxoz, rayon hayotidan olinadi. Tadbirlarning bosh qahramoni sifatida muayyan joyda mehnat qilib, mahalliy aholi orasida namuna bo`layotgan kishilar namoyon bo`ladi.
SHu bilan birga, badiiy-ommaviy tadbirlar xalqaro, umumittifoq yoki respublika miqyosidagi muhim voqealarga murojaat qilishi mumkin. Lekin madaniy-ma`rifiy muassasalardagi tadbirlar mazmunida faqat xalqaro, umumittifoq masalalari aks ettirilsa, boshqa ommaviy axborot vositalarining (radio, televidenie, matbuot) bajaradigan vazifalarga o`xshab ketadi. Madaniy-ma`rifiy muassasalar boshqa muassasalar bajaradigan vazifalarga o`z diqqatini jalb qilsa, bu takrorlanishga olib keladi va o`ziga xos xususiyatini yo`qotadi.
Radio, televidenie va matbuot ulkan kuchga, keng imkoniyatga ega bo`lgani bilan ularning ko`pgina eshittirish va ko`rsatuvlari barcha mahalliy hayot masalalarini aks ettira olmaydi. Ular asosan xalqaro, umumittifoq, respublika va oblast’ ahamiyatiga ega bo`lgan voqealarni aks ettirishi mumkin. Madaniy-ma`rifiy muassasalar esa, o`z tadbirlari orqali mahalliy hayot masalalarini muhim ijtimoiy voqealarga bog`lab olib borishi lozim.
Madaniy-ma`rifiy muassasalar o`z tadbirlarini, asosan, buyuk sanalarga, xalqaro va ittifoq miqyosidagi masalalarga bag`ishlab o`tkazadi-ku! Demak, tadbirlarning mazmunida, asosan, muhim voqealar aks etishi kerak emasmi? degan savol tug`ilishi mumkin. Albatta, bunday bo`lishi qonuniy, lekin madaniy-ma`rifiy muassasalar tadbirlarida muhim sanalarga bag`ishlangan materiallar mahalliy hayot sharoiti prizmasi orqali beriladi. Masalan, 9 may — G`alaba kuniga bag`ishlangan bayramni olaylik. Madaniy-ma`rifiy muassasalarning bu bayram tadbirida sovet xalqining fashizm ustidan qozongan g`alabasini yoritish bilan konkret kolxoz, sovxoz, korxona bu buyuk tarixiy voqeada qanday rol’ o`ynaganligi, mahalliy joyda yashaydigan urush qatnashchilarining ko`rsatgan jasoratlariga asosiy urg`u berilishi kerak. Urush qahramonlarining hayoti haqida ularning o`z so`zlarini eshitish tadbirni jonlantiradi va ta`sirchanligini oshiradi. Faqat shunday yo`llar bilangina badiiy-ommaviy tadbirlarning muhim xususiyati vujudga keladi. Bu xususiyatning eng afzallik tomoni shundaki, u umumiy tadbir mavzusini mahalliy aholi hayotiga yaqinlashtiradi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning barchasi mahalliy sharoit masalalarini bir xil darajada yoki bir tekisda yorita olmaydi: ba`zilari (masalan, badiiy agitkollektivlarning programmalari, tematik kechalar, og`zaki jurnallar) butunlay mahalliy materiallar asosida tuziladi, boshqalari (teatrlashtirilgan tomoshalar, diskoklub programmalari) ijtimoiy masalalarni mahalliy hayot bilan bog`lagan holda uyushtiriladi va yana boshqalari (badiiy kompozitsiyalar, xronika kechalari) ko`proq umumiy mavzularga bag`ishlanib uyushtiriladi.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning to`rtinchi xususiyati shundan iboratki, ularda juda keng ko`lamda ta`sirchan vositalar sintezlashtiriladi. Tadbirlar real hayotning o`zini tashkil qilishi bilan birga, undagi muhim voqealarni o`z mazmuniga singdiradi. Ularning mohiyatini ochish va ahamiyatini yoritish uchun ta`sirchan vositalarga murojaat qiladi. Tadbirda mazmun ma`lum bir kompozitsion tuzilish holatiga keltirilishi uchun undagi barcha bayon qilish va ta`sirchan vositalar ham bir-birlari bilan birlashtiriladi, uyg`unlashtiriladi. Aks holda, tadbirning mazmuni puch, shakli esa samarasiz bo`lib qolishi mumkin. Ma`lumki, tadbirlar agitatsiya va propaganda hamda axborot xarakteriga egadir. Tadbirlarda agitatsiya, propaganda va axborot materiallari «quruq» va zerikarli bo`lib qolmasligi, ya`ni yuqoridagi xarakterli xususiyatning yo`qolmasligi uchun ularni mantiq talab qilgan ta`sirchan vositalar bilan badiiy boyitish lozim. Notiqning og`zaki nutqini yoki tadbirdagi hujjatli informatsion materiallarni badiiy vositalar bilan birlashtirish - bu tadbirning ta`sirchanligini va samaradorligini oshirib borish demakdir. Xuddi shunday yo`l bilan vositalarning sintezlashishi natijasida ta`sirchanligi kuchli bo`lgan badiiy agitatsiya va propaganda vujudga keladi.
A. V. Lunacharskiy badiiy agitatsiya va propagandaning ommaga ta`sir o`tkazishdagi rolini yuksak baholab, agitatsiya va propagandani badiiy vositalar bilan boyitish va san`at shakllariga agitpropagandistik xarakter berish kerakligini bir necha bor ta`kidlagan edi.
Tadbirlardagi agitpropagandistik informatsiyalarni san`at vositalari bilan bog`lash darajasi ikki xil yo`l yoki metod bilan belgilanadi: 1. Oddiy (birin-ketin) ulanish — illyustratsiyalash; 2. Murakkab sintezlashgan bog`lanish - teatrlashtirish.
Badiiy-ommaviy tadbirlarning beshinchi navbatdagi muhim xususiyati — bu ommani tadbir qatnashchisiga aylantirishdir.
Madaniy-oqartuv muassasalarida uyushtiriladigan tadbirlarni ommaviy deb atashning boyisi shundan iboratki, u omma uchun uyushtiriladi va ommaning ishtirokida o`tadi. Agar teatr, kino hamda televizorda asar qatnashchilari va tomoshabinlar o`rtasida ko`rinmas «devor» mavjud bo`lib, omma faqat tomoshabin rolini bajaradigan bo`lsa, badiiy-ommaviy tadbirlarda esa ommaning aktiv ishtiroki ko`zda tutiladi. Muayyan tadbir mahalliy aholi hayotining ma`lum daqiqasi bo`lganligi uchun unda omma ma`lum voqeaga o`z fikr va munosabatini bildiruvchi kishilar sifatida qatnashadi.
Albatta, tadbirda hammani birday aktiv qatnashtirish qiyin. Uning asosiy qatnashchilari — oldindan belgilab qo`yilgan badiiy havaskorlik kollektivlarining a`zolari hamda so`zga chiqadigan kishilardir.
Lekin tadbir tashkilotchisi bu asosiy qatnashchilar bilan kifoyalanib qolmasdan, balki ommani ham aktivlashtirish, tadbir ishtirokchisiga aylantirish yo`llaridan foydalanmog`i lozim. Buning uchun tadbir ishtirokchilari o`rtasida ommaviy o`yinlar, qo`shiqlar, viktorinalar, savol-javoblar kabi maxsus tadbirlar uyushtirish maqsadga muvofiqdir.
San`at — odamni tomoshabin yoki tinglovchi bo`lib qolganda emas, balki u ommaviy harakatda aktiv ishtirok etganda o`ziga hammadan ko`proq qamrab oladi, — deb ta`kidlagandi N. K. Krupskaya. Bu jarayon badiiy-ommaviy tadbirlarning ham o`ziga xos xususiyati bo`lib, ijtimoiy turmush quruvchisi bo`lgan xalqni ijodiy jarayonga biriktirib, ularning ijtimoiy-madaniy aktivligini oshiradi.
Dostları ilə paylaş: |