Ta’lim vositalari – ta’lim samaradorligini ta’minlovchi ob’ektiv (darslik, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv qurollari, xarita, diagramma, plakat, rasm, chizma, dioproektor, magnitafon, videomagnitafon, uskuna, televizor, radio, kompyuter va boshqalar) va sub’ektiv (o‘qituvchining nutqi, namunasi, muayyan shaxs hayoti va faoliyatiga oid misollar va hokazolar) omillar.
Ta’lim jarayoni – o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etiluvchi hamda ilmiy bilimlarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon.
Ta’lim konsepsiyalari (lotin tilidan «conceptio» –tizim) – ta’lim-tarbiya mazmuni, istiqbolini yorituvchi yaxlit qarashlar tizimi; uzluksiz ta’lim tizimining turli bosqichlarida ta’lim muassasalari faoliyati yo‘nalishi, maqsad va vazifalarini belgilashning alohida usuli.
Ta’lim mazmuni – davlat ta’lim standartlari asosida belgilab berilgan hamda ma’lum sharoitda muayyan fanlar bo‘yicha o‘zlashtirilishi nazarda tutilgan ilmiy bilimlar mohiyati. Ta’lim maqsadi (o‘qish, bilim olish maqsadi) – ta’limning aniq yo‘nalishini belgilab beruvchi etakchi g‘oya.
Ta’lim metodlari – ta’lim jarayonidaqo‘llanilib, uning samarasini ta’minlovchi usullar majmui.
Ta’lim muassasi Ustavi – ta’lim muassasasiga rahbarlik mohiyatini yorituvchi hamda uning faoliyatini boshqarish tizimini aniqlovchi hujjat.
Ta’limni boshqarish – ta’lim muassasalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, boshqarish, nazorat qilish hamda istiqbollarini belgilash masalalarini o‘rganadi. Tushuntirish - o‘quv materiali mazmunini isbot, tahlil, umumlashma, taqqoslash asosida bayon qilish.
Uzluksiz Ta’lim – malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo‘lib, ta’limning barcha turlarini, davlat ta’lim standartlarini, kadrlar tayyorlash tizimining tuzilmasi va uning faoliyat ko‘rsatish muhitini o‘z ichiga oladi;
O‘qituvchi (pedagog) – pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik va ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega hamda ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxs.
O‘quv dasturi – muayyan o‘quv fani bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalar mazmuni, umumiy vaqtning mavzularni o‘rganilishi bo‘yicha taqsimlanishi, mavzularning ketma-ketligini belgilash hamda ularning o‘rganilish darajasini yorituvchi me’yoriy hujjat.