Xotiraga oid atamalar va ularning sharhi.
Mnema (yunoncha mnema-xotira) mnema; xotiraning о‘ziga xos moddiy asoslarini belgilash uchun ishlatiladigan atama, I. P. Pavlov ta’limotiga kо‘ra, xotiraning moddiy asosi bosh miya qobig‘ida hosil bо‘lgan muvaqqat asab bog‘lanishlaridir. Shuningdek, bog‘lanishlarning hosil bо‘lishi, ularning mustahkamlanishi va keyinchalik jonlanishi yoki faollashuvidir.
Mnemometr-mnemometr; xotira sohasidagi tajribaviy ilmiy tekshirishlarda esda qoldirilishi zarur bо‘lgan sо‘z, harf, son hamda tasvirlarni qat’iy ma’lum vaqt oralig‘ida avtomatik ravishda kо‘rsatish uchun qо‘llaniladigan mexanik yoki elektr apparati.
Mnemonika-mnemonika; esda qoldirishni yengillashtirish maqsadida sun’iy ravishda maxsus chizmalari, shartli belgilar tariqasida qо‘llaniladigan usullar yig‘indisi. Mnemonika kо‘proq assotsiativ (о‘xshashlik, yondoshlik va qarama-qarshilik) qonunlariga asoslangan bо‘lib, faqat о‘zaro bog‘langan ma’lumot va materiallarni esda qoldirish uchun qо‘llaniladigan yordamchi usullar yig‘indisi.
Amneziya (yunon. a-inkor yuklama, mnema-xotira) amneziya; xotira faoliyatining qisman buzilishi yoki tо‘liq yо‘qolishidan iborat ruhiy nuqson. Amneziya (xotira nuqsoni) holatida kishi ba’zan hatto о‘z ismi sharifini unutib qо‘yishi ham mumkin. Amneziya holati turli kasalliklarda (mas. meningit) yoki bosh miya qobig‘ining zararlanishi natijasida sodir bо‘ladi.
Assotsiatsiya (lotincha associstio-birlashish, qо‘shilish) birlashish, uyushish ongimizdagi avvalgi turmush tajribalari bilan belgilanadigan tasavvurlar bog‘lanishi, shu bog‘lanishlar tufayli ongimizda paydo bо‘ladigan muayyan tasavvurlar о‘xshashlik, yondoshlik va qarama-qarshilik belgilariga kо‘ra, shunga bog‘liq bо‘lgan boshqa tasavvurlarni hosil qiladi. Masalan, «besh karra besh» degan iborani idrok qilganimizda, bosh miya qobig‘ida shunday bir vazifalar bog‘lanish hosil bо‘ladiki, natijada biz «yigirma besh» degan miqdorni eslaymiz. Ruhiy uyushmalar tashqi ta’surotlar tufayli hosil bо‘lib, voqelikdagi narsa va hodisalarning yaqqol bog‘lanishlarini aks ettiradi. Inson ruhiy hayotida ularning ahamiyati katta; bilim, kо‘nikma va malakalarni о‘zlashtirish о‘sha uyushmalarga asoslanadi. Ularning fiziologik asoslari bosh miya yarim sharlari qobig‘idagi muvaqqat asab bog‘lanishlaridir.
Reministensiya (lotincha remininiscen sal-pal eslash) reministensiya; zarur paytda esga tushmagan yoki avval unitilgan deb hisoblangan materiallarning keyinchalik esga tushishidan iborat xotira jarayoni; vaqtinchalik unitish. Reministensiyaning sababi asab tizimining charchashi, zaharlanishi yoki shaxsning kuchli xayajonlanishi va hokazolardan kelib chiqishi mumkin.
Eydetizm (yunon. eidos obraz) eydetizm; avval idrok qilingan narsa va hodisalarning obrazlarini (timsollarini, tasvirlarini) ongda aniq, tо‘liq va yorqin holda uzoq vaqt saqlab qola olish qobiliyatida ifodalaydigan ruhiy hodisa. Narsalarning tasvirlaridan deyarli farq qilmaydigan tasavvur sifatida.
Paramneziya (yunon. para oldida, yonida, mnesis eslash)-paramneziya; sodir bо‘layotgan voqelikning qachonlardir boshdan kechirilgandek bо‘lib tuyulishidan iborat xotira kasalligi; yolg‘on esdaliklar yoki xotiraning aks etishi (illyuziyasi).
Proaktiv tormozlanish (lotincha pro olg‘a, activus faol); avvalgi faoliyatning undan keyingi materiallarni esda qoldirish yoki esga tushirishga salbiy ta’sir kо‘rsatishdan iborat xotira qonuni. Proaktiv tormozlanishning fiziologik asosi asab jarayonlari, ya’ni qо‘zg‘alish va tormozlanish о‘rtasidagi induksion (lotincha inductin-keltirib chiqaruvchi) munosabatdir.
Retroaktiv tormozlanish (lotincha retro qaytadan, orqaga, activus faol, harakatchan); muayyan materialni esda qoldirish yoki esga tushirish jarayoniga undan keyingi faoliyatning salbiy ta’siri. Retroaktiv tormozlanish oldingi faoliyatga о‘xshash materiallardan birontasini esda qoldirish yoki esga tushirishda ayniqsa yaqqol kо‘rinib, uning fiziologik sababi asab jarayonlarining salbiy induksiyasidir (keltirib chiqaruvchisidir).
Induksiya (lotincha inductio - keltirib chiqarish)-induksiya; juz’iy, xususiy, yakka hollardan umumiylikka о‘tish jarayonidir. Asab jarayonlarining induksiyasi - oliy asab faoliyatining qо‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari о‘rtasidagi о‘zaro munosabat; markaziy asab tizimida qо‘zg‘alish paydo bо‘lsa, u boshqa markazlarda tormozlanishni keltirib chiqaradi yoki aksincha.
Retrograd amneziya (lotincha retrogradis orqaga ketuvchi, a-inkor yuklamasi, mnema-xotira); Ilgari yuz bergan voqea va hodisalarni esda saqlashdan, hozir sodir bо‘lgan voqea va hodisalarni unitishdan iborat xotiraning kasallanishi yoki shikastlanishi (nuqsoni). Xotiraning tiklanishi esa unitish jarayoniga teskari ravishda rо‘y beradi; keyinchalik unitilgan oldin, oldin unitilganlar keyin esga tushiriladi.
Reproduksiya (lotincha re - qaytadan, pradicjo esga tushirish)-reproduksiya; ongda mavjud narsalarni qayta tiklash yoki esga tushirishdan iborat xotira jarayoni.
Retenziya (lotincha -retecio tutib turish)-retensiya; xotiraning idrok qilingan narsa va hodisalarni saqlab qolish vazifasi (funksiyasi).
Letargiya (yunon. letargia-unitish, esdan chiqarish); soatlab, bir necha kunlab, hatto, ba’zan oylab davom etadigan ruhiy kasallikdagi uyqu. Letargiya holatida insonning nafas olishi, tomir urishi deyarli bilinmaydi, tana qismlari harakatsiz, faoliyatsiz, sust bо‘lib qoladi.
Obraz xotirasi – yaqqol mazmunni, ya’ni narsa va hodisalarning aniq obrazlarini, ularning yorqin xususiyati va bog‘lanishlarini esda qoldirish, mustahkamlash hamda esga tushirishdan iborat xotira turi. Obraz xotirasi analizatorlarning (tashqi va ichki muhitdan keladigan taassurotlarni qabul qilib, fiziologik jarayon hisoblangan qо‘zg‘alishni ruhiy jarayonga aylantiruvchi asab mexanizmlari tizimi) nomiga kо‘ra kо‘ruv, eshituv, teri sezgisi kabi turlarga bо‘linadi. Obraz xotirasining alohida bir turi eydetizm hisoblanadi. Masalan, biz ilgari о‘zimiz kо‘rgan qо‘shiqchining obrazini, u ijro etgan kuyini va ashulani, uning ashula paytidagi ifodali harakatlarini va turli qо‘zg‘atuvchilarni hosil qilgan boshqa taassurotlarni esimizda saqlaymiz.
Harakat xotirasi - turli harakatlarni, ularning bajarilish tartibi, tezligi, sur’ati, izchilligi va boshqa sifatlarini esda qoldirish, mustahkamlash hamda esga tushirishdan iborat turi. Harakatni esga tushirish shu harakatni bevosita bajarish yoki tasavvur qilish orqali sodir bо‘ladi. Harakat xotirasi mehnat, о‘quv, maishiy xizmat ishlari, sport va boshqa turdagi malakalarning tarkib topishi hamda bajarilishida muhim ahamiyatga egadir. О‘z gavdasining xatti-harakatlarini esda saqlab qolish inson hayotida muhim ahamiyat kasb etadi, bunday eslab qolishning asosida harakat shakli, tezligi, izchilligi, ularning ritmi va hokazolar tо‘g‘risidagi muskul harakat tasavvurlari yotadi.
Mantiq xotirasi - ma’lum g‘oyalar, fikrlar, hamda ular о‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishlarni esda qoldirish, mustahkamlash va zarur paytlarda esga tushirishdan iborat bо‘lgan xotira turi. Masalan, falsafiy mushohadalar, qonuniyatlar va shu kabilarning esda qoldirish, mustahkamlash va qayta tiklash jarayonlaridir. Sо‘zlar (verbal) orqali ifodalangan fikrlar sо‘z-mantiq xotirasi yordamida esda olib qolinadi. О‘quvchilar va talabalar о‘zlari о‘rganadigan, о‘zlashtiradigan, hodisalarning mohiyatini aks ettiruvchi tushunchalarni egallash, ular tо‘g‘risida hukm va xulosalar chiqarish jarayonida xotiraning xuddi mana shu turiga suyanib ish kо‘radilar. Badiiy va ilmiy adabiyotlar matnlarini esda olib qolish va esga tushirish asosida mazkur xotira turi yotadi. Bunday fikrlar xuddi kitobdagidek sо‘zma-sо‘z shaklda ham, shuningdek, fikrning sо‘z ifodasi aniq saqlanmagan holda esda olib qolish va esga tushirilishi mumkin.
His-tuyg‘u (emotsional) xotirasi -voqelikdagi narsa va hodisalardan, о‘z-о‘zimizga bо‘lgan munosabatlarimizdan kelib chiqadigan yoqimli hamda yoqimsiz kechinmalarni esda qoldirish va esga tushirishdan iborat xotira turi. His-tuyg‘u yoki hissiy xotira - odamlarning ilgari о‘z boshidan kechirgan his-tuyg‘ularni hissiy holatlarini esda olib qolishdir. Chunonchi, qachonlardir, biron ulkan va murakkab ishni amalga oshirgan paytingizda yoki musobaqa g‘olibi bо‘lganingizda va shu kabi boshqa holatlarda sizda jо‘sh urgan quvonch yoxud iftixor hissi oradan ancha vaqt о‘tgandan keyin ham xotirada tiklanish mumkin. Imtihon paytida qoniqarsiz javob qaytargan yoki notо‘g‘ri nojо‘ya xatti-xarakat tufayli qattiq xijolat chekib, uyalgan bо‘lsangiz, siz uni uzoq vaqt esdan chiqarmasligingiz mumkin.
Mexanik (grek. ongga yо‘naltirilmagan) xotira - muayyan materialni uning mazmuni, mohiyati, ichki mantiqiy bog‘lanishlariga tushunmagan holda, faqat muhim bо‘lmagan tashqi belgilariga asoslanib esda qoldirish, mustahkamlash va esga tushirishdan iborat xotira turi.
Musiqa xotirasi - avval idrok qilingan musiqa obrazlarini esda qoldirish, mustahkamlash va keyinchalik ularni qayta esga tushirishdan iborat xotira turi.
Kasbiy xotira - bevosita о‘z kasbiga doir narsa va hodisalarni, fikr, mulohaza, hissiyot, harakatlarni esda qoldirish, mustahkamlash va esga tushirishdan iborat xotira turi. Masalan, о‘qituvchi talaba hamda о‘quvchilarning psixik xususiyatlarini, о‘z faniga oid qoida va qonuniyatlarini; davlat avtomobil nazorati xodimlari kо‘proq avtomashinalarning raqamlari va tuslarini; sportchi о‘z sohasiga taalluqli xatti-harakatlar, musobaqalar kо‘rigini, hamkasblarini esda qoldirish va esga tushirishga moyildirlar.
23. Fenomenal (gr. – noyob) xotira - idrok qilingan narsa va hodisalarni, ularning bog‘lanishi munosabatlarini favqulodda tez hamda aniq esda qoldirish va esga tushirishga qaratilgan nodir qobiliyati.
. Eshitish xotirasi - tovush qо‘zg‘atuvchilarini sezish, idrok qilish natijasida hosil bо‘lgan eshitish obrazlarini esda qoldirish, mustahkamlash va esga tushirishdan iborat xotira turi. Eshitish xotirasi asosan kо‘zi ojiz kishilarga va musiqachilarda kuchli rivojlangan bо‘ladi.
25. Esda qoldirish - idrok qilingan materiallarni, narsa va hodisalarni ongimizda qoldirishdan iborat xotira jarayoni.
26. Ixtiyorsiz esda qoldirish - idrok qilingan narsa va hodisalarni, ularning ayrim belgilari va xususiyatlarini, ular haqidagi fikr hamda tushunchalarni oldindan aniq maqsad qо‘ymagan holda esda qoldirishdan iborat xotira jarayoni. I. P. Pavlovning fikricha, ixtiyorsiz esda qoldirish bosh miya yarim sharlari qobig‘ining ma’lum darajada tormozlangan uchastkalari orqali rо‘y beradi. Shuning uchun ham ixtiyorsiz esda qoldirilgan narsalarni biz keyin payqab qolamiz.
27. Ixtiyoriy esda qoldirish - idrok materialini maqsadga muvofiq, uning muhimligini anglangan holda, irodaviy va asabiy kuch sarflab esda qoldirishdan iborat xotira jarayoni.
28. Ma’nosiga tushunmay (mexanik) esda qoldirish - muayyan materialni uning mazmuniga, mohiyatiga tushunmasdan, quruq yodlash asosida esda qoldirish. Unday esda qoldirishning asosiy sharti materialning kо‘p marta takrorlanishidir. Bunday esda qoldirish kо‘pincha bog‘cha yoshidagi va kichik maktab yoshidagi bolalarga xosdir.
29. Mantiqiy esda qoldirish - materialning ma’nosiga tushunib, uning alohida qismlari о‘rtasida mantiqiy bog‘lanishlar hosil qilgan holda esda qoldirishdan iborat xotira jarayoni. Mantiqiy esda qoldirish esda qoldirishning eng tejamli hamda mahsuldor turidir.
30. Esda qoldirish tezligi - shaxsning muayyan materialni idrok qilish bilan esda qoldirish о‘rtasidagi vaqt birligi bilan belgilanadigan yakkahol (individual) xotira xususiyati. Esda qoldirish tezligi shaxsning qiziqishiga, qobiliyatiga va iste’dodiga, bilim darajasiga, yoshiga va boshqa uning yakkahol, betakror xususiyatlariga bog‘liq.
31. Tezkor (operativ. lot. operativ-tezkor) xotira inson tomonidan bevosita amalga oshiriladigan kо‘z harakatlari, aqliy harakatlar uchun xizmat qiluvchi xotira jarayonidan iboratdir. Masalan, matematik amalni bajarishga kirishar ekanmiz, biz uni bо‘laklarga ajratib bajarishga kirishamiz; oraliq natijalarini esimizda saqlab turamiz: faoliyatimiz nihoyasiga yaqinlashgan sari ayrim materiallar esdan chiqa boshlaydi. Bunday holatni matnni о‘qishda, uni kо‘chirib yozishda, murakkabroq aqliy mehnatni amalga oshirishda kuzatish mumkin. Mazkur kо‘z tez ilg‘ovchi birliklarning (bо‘laklarning) hajmi yoki bu faoliyatni muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun ta’sir qiladi. Xotiraning kо‘z tez ilg‘ovchi birliklarining vujudga kelishida mana shu qismlarning ahamiyati kattadir.
32. qisqa muddatli xotira - bir marta, shuningdek, qisqa vaqt oralig‘ida idrok qilish hamda shu kezdayoq qayta tiklashdan iborat bо‘lib, qisqa muddatli esda olib qolish bilan tavsiflanadi. Axborotning saqlanishi 30 sekundgacha bо‘lishi mumkin.
33. Uzoq muddatli xotira - kо‘p martalab takrorlash va qayta tiklashlar orqali uzoq vaqt, muddat esda olib qolishga mо‘ljallangan xotira turi.
Inson xotirasining qonuniyatlarini о‘rganish psixologiya fanining markaziy masalalaridan biri bо‘lib hisoblanadi. Ma’lumki, insonning har qanday kechinmasi, hatto xatti-harakatlari uzoq muddat ongda saqlanib, ma’lum bir sharoitda qayta namoyon bо‘luvchi izlar qoldiradi. Shuning uchun xotira deganda, insonga tabiat, jamiyat, koinot tо‘g‘risida ma’lumot, xabar, axborot va taassurot tо‘plash imkonini beradigan hamda ilgarigi tajriba izlarining esda olib qolinishi, esda saqlanishi, qayta esga tushirilishi, eslashi, tanishi tushuniladi.
Bunga bog‘liq ravishda psixologiya fani oldida xotira jarayonlarini о‘rganish bilan aloqador bо‘lgan qator murakkab muammolar, masalalar tadqiq qilish vazifasi turibdi. Bular quyidagilardan iboratdir: izlar qanday esda olib qolinadi, esda olib qolishning fiziologik mexanizmlari qanday, esda olib qolishga qanday obyektiv (tashqi), subyektiv (ichki), tabiiy-biologik va ijtimoiy-psixologik sharoitlar ta’sir qiladi va ularning chegaralari qanday kabilar.
О‘tgan XIX asrning 70-80 yillaridan boshlab xotirani tadqiq qilishda tajriba, tekshiruv, sinov usullaridan foydalanila boshlangan. XIX asrning 80-yillarida nemis ruhshunosi German Ebbingauz «sof» xotira qonunlarini о‘rganish imkonini beruvchi, boshqacha sо‘z bilan aytganda, tafakkurga bog‘liq bо‘lmagan holda izlarning esda olib qolinish jarayonini tadqiqot etishning yangi uslubini taklif qilgan. Ma’nosiz bо‘g‘inlarni yod olishdan iborat bо‘lgan bu uslub Ebbingauzga materialni esda olib qolishning egri chizig‘iga oid qonunni kashf qilishga, uning asosiy qoidalarini bayon etishga va ana shularning asosida izlarni xotirada saqlanish muddatini hamda asta-sekin sо‘nish holatini tekshirishga imkoniyat yaratgan.
XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida amerikalik ruhshunos Eduard Torndaykning tekshirishlari paydo bо‘ladi. U birinchilardan bо‘lib tadqiqot predmeti sifatida hayvonlarda kо‘nikmalarni paydo bо‘lish jarayonini tanlagan edi.
XX asrmizning birinchi о‘n yilligida xotirani tekshirish yangicha ilmiy talqinga ega bо‘ldi, uning moddiy asosi tо‘g‘risidagi muammolarga mohiyat jihatidan mutlaqo boshqacha yondashish rо‘yobga chiqdi.
Xuddi shu davr xotira psixologiyasida keskin burilish nuqtasini vujudga keltirdi. Akademik I. P. Pavlov shartli reflekslarni о‘rganishning ilmiy metodini taklif etdi. Bu narsa, о‘z navbatida, bosh miya katta yarim sharlari yangi bog‘lanishlar paydo bо‘lishiga va mustahkamlanishining asosiy fiziologik mexanizmlarini tekshirish imkoniyatini tug‘dirdi. Ana shunday qilib, ushbu bog‘lanishlar paydo bо‘lishiga va saqlab qolishiga yordam beradigan shart-sharoitlar, shuningdek, bog‘lanishlarning saqlanishiga ta’sir qiluvchi holatlar, omillar va mexanizmlar tasvirlab berildi. I.P.Pavlov oliy asab faoliyati ta’limoti va uning asosiy qonunlari xotiraning fiziologik mexanizmlariga oid bilimlarning asosiy manbaiga aylanib qoldi.
Bolalarda xotiraning yuksak (yuqori) shakllarini birinchi marta tadrijiy ravishda tadqiqot qilish taniqli ruhshunos L.S.Vigotskiyga nasib etgan (1896-1934). L.S.Vigotskiy XX asrning 20-yillarning oxirlarida maxsus tekshirishlarning predmeti qilib, xotiraning yuksak shakllarini rivojlanish muammosini tanlagan va u о‘z shogirdlariga L.N.Leontyev (1903-1979) va L.V.Zankov bilan birgalikda xotiraning yuksak shakllari ruhiy faoliyatning murakkab shakli ekanligini, kelib chiqish jihatidan ijtimoiyligini kо‘rsatadi. Shuning bilan birga, u murakkab, mohiyatiga kо‘ra, esda olib qolishning asosiy bosqichlari rivojlanishini dalillab berdi.
Ruhshunoslardan A.A.Smirnov, P.I.Zinchenkolar ham xotira bо‘yicha ilmiy-tekshirish ishlarini olib bordilar, uning yangi qonunlari va mexanizmlarini ochdilar, esda olib qolishning faoliyat maqsadiga bog‘liqligini yoritdilar, murakkab materialni esda olib qolishning oqilona usullarini kо‘rsatib berishga muvofiq bо‘ldilar. Ularning tadqiqotlari tо‘g‘risida boshqa bobda batafsil tо‘xtalib о‘tamiz, shuning uchun hozir umumiy tavsif bilan cheklanamiz, xolos.
Xotirani psixologik tekshirishlarda qanchalik yuksak muvaffaqiyatlarga erishgandan qat’i nazar izlarni saqlab qolish jarayoni uning holatlari va hodisalar tabiati noma’lumligicha qolavergan. Bu fan tarmog‘ida uzilishlar bir necha davr hukm surib kelgan. Mazkur holatning turli shaklda talqin qilish mumkin, lekin hech mahal uni saqlash tо‘g‘risida mulohaza yuritib bо‘lmaydi.
Ushbu muammo faqatgina XX asrning oxirgi о‘ttiz yili ichida izlarning saqlanishi uchun zarur bо‘lgan miya qismlarini ajratib kо‘rsatuvchi va esda olib qolishning va unutishning asosida yotuvchi mexanizmlarni kо‘rsatib beruvchi tekshirishlar о‘tkazila boshlandi. quyida ana shu masalalar tо‘g‘risida mulohaza yuritiladi hamda ilmiy-amaliy jihatlari yuzasidan dalillar keltiradi.
Dostları ilə paylaş: |