Esga tushirish
Esga tushirishga xotira jarayoni sifatida ta’rif berilganda, uning ta’siri natijasida uzoq muddatli xotira tizimida avval mustahkamlangan turli xususiyatli materiallar va taassurotlarni operativ (tezkor) xotira jabhasiga kо‘chirishning faollashuvi nazarda tutiladi. Oldin о‘zlashtirilgan materiallarni xotirada qayta tiklanishi, ya’ni xotirada tо‘planib (yig‘ilib) qolgan izlarning faollashuv jarayoni murakkab yoki yengil kechishining darajalariga binoan tavsiflanishi mumkin: a) bizni qurshab turgan narsa va hodisalarni, hech ikkilanmasdan «avtomatik» tarzda tanish; b) qariyb unitilish darajasida bо‘lgan narsa va hodisalarni qiyinchilik va azob bilan eslash kabilar. Ana shu talqindan kelib chiqqan holda esga tushirish jarayonining ichki tuzilishiga binoan bir nechta turlarga ajratish maqsadga muvofiq: tanish-bevosita shaxs yoki narsani esga tushirish (ixtiyoriy va ixtiyorsiz tarzda) va eslash (xotira ixtiyoriy yoki ixtiyorsiz holatda). Bu asnoda insonning turmush tarixi (hayotiy salnomasi), uning umr davomidagi (ontogenetik) xotirasi va uni eslash shaxs uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Tanish-bu kognitiv nuqtai nazaridan tevarak- atrofdagi narsa va hodisalarni inson tomonidan qayta idrok qilish sharoitida esga tushirishdan iborat xotira jarayoni. Tanish muayyan shaxsning hayoti va faoliyatida katta ahamiyatga ega. Bu xotira jarayonining sharofati tufayli biz kо‘rgan, eshitgan narsalar, hodisalar, voqeliklar va insonlar bilan qayta duch kelganimizda ularni yangidan, boshdan idrok qilmaymiz, balki ularni qaysidir alomatlari, kо‘rinishi, xususiyatlari va boshqalarga asoslanib taniymiz. Xuddi shu bois, tevarak-atrofdagi obyektlarni (subyektlarni) idrok qilish tajribasi bilan uzviy bog‘liq tanish jarayoni atrof-muhitdagi voqelik (realiya) bо‘yicha tо‘g‘ri mо‘ljal (oriyentir) olishga imkon yaratadi. Tanish о‘zining aniqligi, kо‘lami, yorqinligi xususiyatlari va darajalariga binoan har xil kо‘rinishlarga ega. Psixologiyada tanish jarayon sifatida ham ixtiyorsiz, ham ixtiyoriy tarzda namoyon bо‘lishi mumkin. Tadqiqot natijalariga kо‘ra, tanish tо‘liq, yorqin, aniq amalga oshgan bо‘lsa, u holda bir daqiqali ixtiyorsiz aqliy harakat tarzida kechadi yoki yuzaga keladi.Bu jarayonda hech qanday jismoniy, asabiy, aqliy zо‘riqishsiz, о‘zimiz payqamagan holda avval idrok qilgan jismlar yoki subyektlarni tez taniymiz. Chunki, insonning favqulodda tajribasi, hayotiy tajribasi, faoliyati bilan ixtiyorsiz tanish jarayonining turi qо‘shilishib ketadi. Mabodo tanish jarayoni о‘zining kо‘lami bilan notо‘liq bо‘lsa, u albatta noaniq xususiyat kasb etadi. Agarda qaysidir odamni kо‘rganda «tanishlik hissi» uyg‘onsa, lekin uni oldin (avvaldan) bilgan kishimizga о‘xshashligi bо‘yicha shubhalanishimiz mumkin. Shunday ruhiy holatlar ham uchraydiki, unda biz biror insonni tanisak-da, biroq qay tarzda, qanday vaziyatda uning uchratganimizni xotirlay olmaymiz. Bunday holdagi notо‘liq yoki yetarli darajada tо‘liq bо‘lmagan tanish jarayoni о‘ziga xos murakkab ixtiyoriylik xususiyatlarini kasb etadi. Obyektni (subyektni) idrok qilishga asoslangan holda uni aniq tanish uchun biz turli vaziyatlarni eslashga harakat qilamiz. Bunday ruhiy holatlar tanish jarayonini esga tushirishga kо‘chganday tasavvur uyg‘otadi.
Esga tushirish jarayoni tanishdan farqli о‘laroq mо‘ljallangan obyektni (subyektni) qaytatdan idrok qilmasdan eslash orqali bevosita tarzda amalga oshiriladi. Favquloddagi daqiqalarda rо‘yobga chiqarilayotgan faoliyatning mazmuni esa esga tushirishni aks ettirsa-da, lekin ushbu faoliyat maxsus tarzda uni esga tushirishga yо‘nalmagan bо‘ladi. Bunday kо‘rinishdagi esga tushirish ixtiyorsiz deyilsa-da, ammo u biron-bir tashqi yoki ichki turtkisiz, о‘zidan о‘zi yuzaga kelmaydi. Ixtiyorsiz esga tushirishning turtkisi- bu predmetni (subyektni) idrok qilish, tasavvur obrazlarini yaratish, fikrlarni tug‘ilish jarayoni hisoblanib, ularni muayyan tashqi ta’sirlar (omillar) keltirib chiqaradi.
Tasodifiy holatlarda obyektlarni (subyektlarni) idrok qilish yuzaga keltirgan ixtiyorsiz esga tushirish betartib (xaotik) bо‘lmasdan, balki muayyan narsalarga yо‘nalish xususiyatiga egadir. Fikr va obrazlarni ega tushirishning mazmuni va yо‘nalishini avvalgi tajribalarda tо‘plangan bilimlar,assotsiatsiyalar belgilaydi. Goho inson tomonidan esga tushirish turtkilari sezilmasligi sababli ushbu jarayon о‘zidan о‘zi vujudga kelganday tuyuladi.
Ixtiyorsiz esga tushirish yо‘nalgan, tashkillashgan bо‘lishi uchun obyektlarni (subyektlarni) idrok qilishni tasodifiy turtki emas, balki mazkur daqiqalarda shaxs tomonidan amalga oshirilayotgan muayyan faoliyat mazmuni keltirib chiqaradi. Masalan, о‘qilgan kitobning mazmuni ta’sirida kishida uning tajribalarini ixtiyorsiz esga tushirishni yо‘nalganligi va tashkillashtirilganligi ortadi. Mazkur mulohazalardan kelib chiqqan holda ixtiyorsiz esga tushirishni ixtiyorsiz esda olib qolish jarayoni sifatida boshqarish maqsadga muvofiq. Agarda oliy maktab о‘qituvchisi ma’ruzani mantiqli, ma’noli, tartibli, tizimli amalga oshirsa, mashg‘ulotlarda talabalarda oldingi tajriba mahsullarini tashkillashtirish uquvi ortadi. Odatda inson о‘z oldiga qо‘ygan maqsaddan kelib chiqadigan ixtiyoriy esga tushirishni reproduktiv topshiriq yoki muammmo yuzaga keltiradi. Mabodo о‘zlashtirilgan materiallar xotirada puxta mustahkamlangan bо‘lsa, u holda ularni esga tushirish yengil kechadi. Ba’zan materiallarni har qanday vaziyatda, turli yoshdagi insonlar tomonidan eslash imkoni vujudga kelmasa, u taqdirda qiyinchilikni oson, yengil yengish maqsadida faol qidiruv faoliyatini amalga oshirish zarur. Bunday yо‘sindagi esga tushirish eslash jarayoni deb ataladi.
Eslash ixtiyoriy esda olib qolishga о‘xshab murakkab aqliy harakat xususiyatiga ega bо‘lishi mumkin. Kasb-koridan qat’i nazar, har qanday shaxs obyekt va subyektlarni oqilona eslash kо‘nikmasini egallashga intilishi (odatlanishi) lozim. Ma’lumki, insonning о‘z bilimlaridan foydalanishning tayyorgarlik darajasi va mahsuldorligi unga bevosita bog‘liqdir. Tajribalarning kо‘rsatishiga qaraganda, puxta, mustahkam esda olib qolish jarayoni muvaffaqiyatli esga tushirishni ta’minlaydi.
Shuni ta’kidlash joizki, eslashning muvaffaqiyati kо‘p jihatdan reproduktiv topshiriqning mazmuni nechog‘lik aniq, yorqin, aniqlangan bо‘lishiga bog‘liq. Mabodo eslash jarayonida qiyinchiliklar vujudga kelsa, u taqdirda reproduktiv topshiriq mohiyatidan kelib chiqqan xolda fikrlash, xotirlash keng kо‘lamdagi bilimlardan torroq tizimli bilimlar sari yо‘naltirilishi joiz. Buning uchun dastavval nimani esga tushirish aniqlangandan keyin assotsiatsiyalarni faollashtirish maqsadida solishtirish, qiyoslash, farqlash, о‘xshatish, aqliy operatsiyalaridan foydalanish ma’qul. Eslash xotiraning esga tushirish jarayoni singari tanlash yoki saralash xususiyatiga ega. Inson nutqida aniq mujassamlashgan va anglanilgan reproduktiv topshiriq (vazifa, masala, muammo) eslashning keyingi aqliy harakatga yо‘naltirilganligi tufayli xotira mahsulining eng muhimini ajratib yoki tanlab olishga yordam beradi.
Eslashning muvaffaqiyati kо‘p jihatdan uni amalga oshirishda aqliy usul va vositalaridan qanday foydalanishiga bog‘liq. Xotiraning muhim vositalari qatoriga: materiallarni (kо‘lami va hajmiga binoan) eslashning rejasini tuzish; obyekt va subyekt mohiyati hamda xususiyatiga mutanosib obrazlarni (timsollarni) kо‘z о‘ngiga keltirish; bilvosita assotsiatsiyalarni paydo qiluvchi maqsadga yо‘naltirgian ichki va tashqi turtkki (motiv) larni qо‘zg‘atish va boshqarish.
Eslashning muvaffaqiyatli kechishi kо‘p jihatdan reproduktiv topshiriqni bajarishning qanchalik asoslanganligiga jiddiy bog‘liq. Muammoning asoslanganligi uni shaxs tomonidan anglash sari yetaklaydi. Eslash jarayoni о‘tmish taassurotlarini oddiy tarzda esga tushirishgina emas, balki u oldingi bilimlarining yangilari bilan aloqaga kirishuvi, yangicha tartibga keltirilishi, chuqurroq anglanish darajasiga о‘sib о‘tishi hamdir.
Shuni ta’kidlash lozimki, shaxsda eslash jarayonida ishonch hissining uyg‘onishi esga tushirishga katta ta’sir etadi.
Xotirot (esdaliklar shaxsiy majmuasi) bu shaxsning о‘tmishdagi obrazlar voqeliklar va taassurotlarining fazoviylashuvi hamda vaqt (davr) jihatidan aniq ifodalanilishiga asoslanib esga tushirishdir. Xotirlashda nafaqat о‘tmish obyektlari va subyektlari esga tushiriladi, balki ular muayyan vaqt va fazo jihatidan muvofiqlashtiradi, ya’ni ularni qachon, qayerda, qanday sharoitda kechganligi esga tushiriladi. Bu mahsullarning natijasida ular turmushning muayyan davri bilan bog‘lanadi, hamda ularning davriy kechishi insonlar tomonidan anglab yetiladi.
Har bir insonning shaxsiy turmush tarixi u yashayotgan jamiyatning ijtimoiy voqeliklari bilan chambarchas bog‘liq. Borliqning, ijtimoiy hayotning hodisalari, holatlari, voqeliklari, ham obyektiv, ham subyektiv xususiyatlari, kechinmalari shaxsning muayyan esdaliklari ma’lum vaqt (davr, muddat) bilan cheklanganlik va qurshab olinganlikning tayanch negizi sifatida xizmat qiladi. Jumladan, inson biror narsa, sana va voqelikni eslaganida, u mazkur hodisa mustaqillik bayrami arafasida, ya’ni XX asrning oxirgi о‘n yilligida sodir etilganligini ta’kidlaydi. Shuningdek, xotirot (esdalik) murakkab aqliy faoliyat, jarayon bilan aloqada bо‘lib, esga tushirish voqeliklarni, ularning ketma-ketligini, о‘zaro sababiy bog‘liqligini anglash (tushinish)ning zarurati hisoblanadi. Shuning uchun inson esdalik (xotirot)larining mazmuni, mohiyati, ma’nosi о‘zgarmay qolishi aslo mumkin emas. Chunki, xotirot qotib qolgan kognitiv tarkib emas, balki dinamik xususiyatli xotira jarayoni. Shaxs yо‘nalishining evolyusion (tabiiy ravishda, asta-sekin о‘zgarib boruvchanligi) tamoyilga asoslanganligi tufayli u qayta fikr yuritishga, ma’noni fikran qayta qurishga moyil.
Shaxsning xotiroti (esdaliklari) uning shaxsiy hayoti, sarguzashtlari bilan aloqadorligi sababli doimo ular bilan bir qatorda rang-barang emotsional holatlar, murakkab ichki kechinmalar hamohangligida kechadi.
Unutish va esda saqlash
Unutish xotira jarayoni sifatida ta’rifga ega bо‘lib, о‘zini vujudga kelish xususiyatiga bog‘liq tarzda о‘ta chuqur va yuzaki kо‘rinishlarga ega. Xuddi shu bois, unutilgan obrazlarning yoki fikrlarning faollashuvi u yoki bu darajada qiyinchiliklarga uchrashi, hatto amalga oshmaydigan voqelikka aylanishi mumkin. Shaxsning faoliyatida xotirada tо‘plangan materiallar (turlicha bо‘lishidan qat’i nazar) amaliyotda kamroq qо‘llanilsa, foydalanilsa (ortiqcha yuk xususiyatini kasb etsa), unutish tobora chuqurlashib boradi, buning natijasida faol hayotiy maqsadga erishish yо‘lidagi ahamiyati pasayadi. Ammo qaysidir materialni eslash chog‘ida qiyinchilik, sun’iy tо‘siq yuzaga kelsa, uni mutlaqo yо‘qqa chiqarish kerak emas, chunki, bu hodisa uni batamom shaxs xotirasidan chiqib ketishini bildirmaydi. Odatda materiallar (obyektlar, subyektlar)ning aniq, yaqqol, mavjud tomonlarining shakli unutiladi, bundan tashqari, uning hukm surishi, barqaror axamiyatli mazmuni esa unga о‘xshash (mutanosib) bilimlar va xulq-atvor harakatlari shakliy birliklari bilan qо‘shilib ketadi, oqibat natijada xulq-atvorning mazkur shakllarida taassurotlar integral (umumlashma, yig‘iq) tarzda esga tushishi mumkin. I.P. Pavlovning dalillashicha, sо‘nib borayotgan reflekslar о‘zlarini tiklashlari uchun dastlabki paydo bо‘lish davriga qaraganda takrorlash miqdorini kamroq talab etadi. bunday tashqari, sо‘nib borayotgan reflekslar muayyan sharoit yoki vaziyatga tormozlanish, tо‘xtalishga uchrashi mumkin. Bu voqelik allaqachon unutilgan deb tasavvur qilingan taassurotlarning favqulodda ayrim omillarni esga tushirish holati bilan izohlanadi. Masalan, og‘ir betob holda yotgan odam qachonlardir о‘rgangan she’rini tasodifan yoddan aytadi, vaholanki, undan uzoq yillar foydalanmagani uchun uni batamom unutgan deb о‘ylash mumkin.
Xotira jarayoni hisoblanmish unutish bu о‘ziga xos, rang-barang, izohtalab ruhiy kognitiv hodisa.
Shaxs faoliyatiga singib ketgan ma’lumotlar (obyektlar, subyektlar) uning uchun muayyan ahamiyat kasb etganligi tufayli bular mutlaqo unutib yuborilmaydi, inson faoliyatiga singib ketgan materiallar uning ehtiyojlari bidan bevosita aloqaga kirishganligi sababli unutish bilan kurashish jarayonining ishonchli vositasi hisoblanadi. Buning yorqin ifodasi esda saqlashning muhim omili yoki usuli –bu takrorlash aqliy harakatidir.
Salbiy induksiya hodisasi harakati bilan uyg‘unlashuv beqaror, shuningdek, muvaqqat (vaqtincha) unutish jarayonini keltirib chiqaradi. Oliy ta’lim jarayonida о‘zlashtirishda notanish, begona (yod) qо‘zg‘atuvchilar yangi muvaqqat (vaqtincha) bog‘lanishlar vujudga kelishiga tо‘sqinlik qiladi, buning oqibatida esda olib qolishning samaradorligi (mahsuldorligi) pasayadi. Oldingi (о‘tmishdagi) barqarorlashgan bog‘lanishlar (aloqalar) izlarini yо‘qotishga yо‘nalgan tо‘siqlar sо‘zsiz unutish jarayonini keltirib chiqaradi. Modomiki, shunday ekan, unutish nerv faoliyatinnig proaktiv va retroaktiv tormozlanishi (tо‘xtalishi) bilan aloqada bо‘lishiga shubha yо‘q. Ma’lumotlarga qaraganda, oldigi yoki keyingi faoliyat hozirgi faoliyatning mazmuniga о‘xshash yoki undan murakkabroq bо‘lsa, albatta tormozlanish (tо‘xtalish) holati vujudga keladi.
Yuqoridagi psixologik va fiziologik omillarga asoslangan holda mana bunday xulosaga kelish mumkin: birinchidan, bir mavzudan boshqa bir mavzuga о‘tish chog‘ida biroz tо‘xtalish qilish tufayli asabiy taranglashuv, jiddiylik, aqliy zо‘riqish kamayadi; ikkinchidan, auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlarda mustaqil bilim olishda turdosh, jinsdosh о‘xshash fanlar yuzasidan emas, balki о‘zaro bir-biri bilan keskin tafovutlanuvchi sohalar bо‘yicha tayyorgarlik ishlarini yо‘lga qо‘yish darkor.
Dostları ilə paylaş: |