Maktabgacha yoshdagi bolalar jismoniy tarbiya nazariyasi va meto
Maktabgacha ta’lim muassasasida jismoniy tarbiyani amalga oshirish uchun qanday jihozlar bo ‘lishi kerak?
Maktabgacha ta’lim muassasasi zali qanday jihoz- lanadi?
Bolalar o‘ynaydigan maydonchada qanday inventarlar bo‘lishi kerak? BOB. IKKI YOSHDAN UCH YOSHGACHA BO‘LGAN BOLALARNI JISMONIY TARBIYALASH VA RIVOJLANTIRISH
1-§. Ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni jismoniy tarbiyalash va rivojlantirish Hayotining dastlabki ikki yili uchun xarakterli bo‘lgan jismoniy rivojlanishning jadal sur’ati uchinchi yilda sustlashadi. Bolaning vazni yiliga o‘rta hisobda 2 kg, bo‘yi 7-8 sm ortadi. Uch yoshida bolaning bo‘yi 93-94 sm, vazni 14, 2-14, 6 kg atrofida bo‘ladi. Tananing mutanosibligi o‘zgaradi (asosan, o‘sish oyoq hisobiga bo‘ladi), bolalarning qomati xushbichim bo‘la boshlaydi. Suyak qotishda davom etadi, barcha organlarning funk- siyasi takomillashadi, bu esa bolani jismoniy jihatdan chidamliroq qiladi. Markaziy asab tizimining faoliyati takomillashadi, bu esa ish qobiliyatininng ortishida namoyon bo‘ladi, bolalar faoliyati- ning bir xil turi bilan 20 minutgacha shug‘ullana oladilar. Bola endi o‘zini tuta oladi, hatto bir joyi og‘risa ham yig‘lamasligi mumkin. Bolalar muassasasiga ikki yoshdan keyin kelgan bolalar kun tartibiga, hayotning umumiy tarziga ancha tez ko‘nikib ketadilar. Kichkintoy hayotining uchinchi yili - mavjud harakat sifatlari faol takomillashadigan davr bo‘lib, bunda qo‘l va panja harakatlari muvofiqroq bo‘lib qoladi. Bolalar mustaqil ovqatlanadigan bo‘ladilar, qalamni to‘g‘ri tutadilar, tugmani qadashni va yechishni biladilar. Qo‘l va oyoq harakatlari mu- vofiqligi rivojlanib, yurishlari takomillashadi. Bolalar yurib ketayotganlarida buyumlarni o‘ynay oladilar, velosiped mi- nishni o‘rganadilar. Bola o‘z harakatini tashqi sharoitlar bilan muvofiqlashtiradi, masalan, musiqa ohangiga qarab harakatini o‘zgartiradi. Yugurish, tepalikka chiqish, biror narsani irg‘itish singari harakatlari takomillashadi. Bola uzoq vaqt jim o‘tira olmaydi, ko‘p harakat qiladi, le- kin bir xil harakatlardan tez charchaydi. O‘yin va mashqlarni tanlashda bolalarning yosh xususiyatlarini, xususan skeletining mo‘rtligi va egiluvchanligini, mushagi yetarli rivojlanmaganligi- ni, tez charchashini hisobga olish zarur. Ba’zi harakatlar bolalarga zararlidir. Bolalarga qo‘lda osilib turishni (ota-onalar bunga ko‘pincha yo‘l qo‘yadilar), balandlikdan sakrashni taklif qilish, bir xil harakatlarni uzoq vaqt takrorlashni talab qilish yaramaydi. Kattalar bolalar e’tiborini o‘z vaqtida bunday harakatlardan ko‘ra osoyishta o‘yinlarga qaratishlari lozim. Tarbiyachi bolalar harakatlarini rivojlantirish uchun xilma- xil vositalardan foydalanadi. Bular orasida - tartib jarayonlari: yuvinish, kiyinish, ovqatlanish ham bor. Ana shu jarayonlar vaqtida bola bajaradigan xilma-xil va murakkab harakatlarning asta- sekin va tez-tez takrorlanishi uni chaqqonroq qiladi. Harakatlarni rivojlantirishning samarali vositasi - o‘yin fao liyatidir. O‘yin vaqtida bolalar xilma-xil harakatlarni bajaradi- lar, biror hayvonni tasvirlab emaklaydilar, bir-birlarini quvib yetadilar va hokazo. Sayr vaqtida ularga ko‘pincha to‘siqlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Harakatlarni rivojlantirish uchun bolalarning jismoniy tarbi ya mashg‘ulotlarida turib, o‘tirib va yotib bajaradigan umumiy mustahkamlovchi mashqlar g‘oyat muhimdir. O‘yin xonasida bolalar bemalol yugurishi, koptok o‘ynashi va boshqa harakatli o‘yinlar bilan shug‘ullanishi uchun yetarli joy bo‘lishi lozim. Ular harakatlarni rivojlantirishga yordam beruvchi o‘yinchoqlardan: turli hajmdagi koptoklar, uch g‘ildirakli velosipedlar, har xil aravalar, avtomobillardan foydalanishlari lozim. Uchastkada maxsus narsalar - olti burchakli taxta, zarur kenglikdagi taxtachalar bo‘lishi lozim. Maktabgacha yoshda bolalar ta’lim-tarbiyasida qo‘yiladigan davlat talablaridan kelib chiqqan holda 2-3 yoshdagi bolalar uchun jismoniy rivojlanish bo‘yicha asosiy harakatlarga quyi- dagi indikatorlar belgilanadi. Yurish va yugurish: Oyoqni sudramasdan, chamalamasdan to‘g‘ri yo‘nalishda olib yuradi; chegaralangan tekislikdan yuradi (eniga 15-20 sm); 30-40 soniya davomida aylana bo‘ylab bir tarafga yuguradi; joyida aylanadi; polga to‘lqinsimon yotqizilgan arqon ustida yuradi; 80 metrgacha sekin yuguradi. Sakrash. Ikki oyoqda joyidan oldinga qarab sakraydi; pred- metlardan sakrab tushadi (balandligi 20-30 sm); ariqchalardan sakrab o‘tadi(kengligi 20-25 sm). Irg‘itish va ushlab olish. Kattalarga koptogini irg‘itadi, uloqtirilgan koptokni ushlab oladi (masofa 50-100); predmetni nishonga otadi (masofa 100-120 sm); koptokni ikki qo‘llab oldinga pastdan uloqtiradi; predmetlar orasidan koptokni yumalatadi. Emaklash. Arqon tagiga emaklab kiradi (balandligi 25-30 sm); chegaralangan tekislik ustida tizza va kaftlar yordamida yuradi (kengligi 20 sm bo‘lgan yo‘lakcha va skameyka); narvonga chiqadi, tushadi; stullarga chiqadi va tushadi. Sakrash uchun mashqlar. Ikki oyoqlab turgan joyida sakrash, sekin-asta oldinga surilish, bola qo‘lidan yuqoriroq qilib osilgan buyumga tegishli harakat qilish. Chiziqchadan yoki polga parallel holda ikki qator qilib tashlab qo‘yilgan arqonchadan (10-30 sm masofaga) hatlash. Turgan joyida ikki oyoqda, iloji boricha uzoqqa sakrash, 10-15 sm balandlikdagi buyumdan sakrash. Yuqorida ko‘rsatilgan asosiy harakatlar quyidagi umum- rivojlantiruvchi mashqlar orqali amalga oshiriladi. Qo‘llar va yelka kamari uchun mashqlar. Qo‘llarni belga qo‘yish. Qo‘llarni yon tomonlardan yuqoriga ko‘tarish va pastga tushirish. Qo‘llarni navbat bilan yuqoriga ko‘tarish va ikkala qo‘lni baravar tushirish. Qo‘llarni oldinga, yon tomonlarga cho‘zish, kaftlarni yuqoriga burish, panjalarni yuqoriga ko‘tarish va pastga tushirish; barmoqlarni qimirlatish. Oyoqlar uchun mashqlar. Barmoqlar uchida ko‘tarilish. Bir oyoq uchi bilan oldinga, orqaga, yon tomonga qo‘yish. Ketma- ket 2-3 marta cho‘qqayib o‘tirish. Qo‘llarni oldinga cho‘zish yoki qo‘llar bilan tizzaga tayanib o‘tirib turish. Boshni oldinga egib, qo‘llar bilan tizzani quchoqlash. Tizzadan bukilgan oyoq- larni navbat bilan ko‘tarish. Bukilgan tizzalar ostida qarsak chalish. O‘tirgan joyida oyoq kaftlari bilan qum solingan xaltachani o‘ziga tortib olish. Pol ustida yotgan tayoq, g‘o‘lacha (diametri 6-8 sm) bo‘ylab yonlama qadamlar bilan oyoq panjalari o‘rtasiga tayanib yurish. Gavda uchun mashqlar. Koptokni boshi ustidan bir-biriga oshirish (oldinga va orqaga). Qo‘llarni oldinga cho‘zib o‘ngga, chapga burilish. O‘tirgan joyida burilib buyumni orqa tomonga qo‘yish, burilib buyumni qo‘lga olish. Orqaga tiralib o‘tirib oyoqlarni yig‘ishtirish, “chordona qurib” o‘tirish, oldinga uzatish; tizzalarni quchoqlab ikkala oyoqni yig‘ishtirish. Oyoqlarni navbatma-navbat ko‘tarish va ularni bir-birining ustiga (o‘ng oyoqni chap oyoqni ustiga va aksincha, chap oyoqni o‘ng oyoq ustiga) qo‘yish. O‘tirgan joyida oldinga engashish. Tiz cho‘kib o‘tirib, oldinga engashish. Orqa bilan yotib, ikki oyoqni balandga ko‘tarish va pastga tushirish; oyoqlarni velosiped haydagandek harakat qildirish. Qorin ustiga yotib, oyoqlarni bukish va uzatish (galma-galdan va baravariga). Orqadan qoringa ag‘darilish va qorindan orqaga ag‘darilish. Qorin ustida yotib pastga engashish va qo‘llarni yon tomonga cho‘zib, yelkani ko‘tarish. Mazkur yoshdagi bolalar bilan umumiy rivojlanish mashq- lari o‘tkazish vaqtida aniq topshiriqlar va taqlidiy harakatlar, mayda predmet va o‘yinchoqlardan foydalanish katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Predmetlar bilan bajariladigan mashqlarning eng soddasi bayroqchalar bilan bajariladigan mashqlardir. Xilma- xil va rang-barang bayroqchalar bilan bajariladigan mashqlar bolalarni o‘ziga jalb qiladi va ularga quvonch bag‘ishlaydi. Dasturda ko‘rsatilgan va bolalar egallab oladigan harakatlar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari va o‘yinlar orqali bolalar tomonidan o‘zlashtirib olinadi. 3 yoshga qadam qo‘ygan bolalar bilan endi ertalabki gimnastika joriy etiladi. Gimnastika 5 minut davom etadi. U yil boshidan boshlab guruhda tarbiyalanuvchilarga muntazam ravishda har kuni o‘tkaziladi.
Mazkur yoshda o‘tkaziladigan ertalabki gimnastikada mashqlari asosan bolalarga tanish va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarda o‘rgatilgan mashqlar bo‘lib, ular, o‘yin- mashqlardan iborat bo‘lishi kerak. Mashqlar taqlidiy harakatga ega bo‘ladi. Bu guruhdan boshlab jismoniy mashg‘ulotlar quyidagicha tuziladi: tashkiliy, asosiy, yakuniy qismlar. Tashkiliy qism: yurish, yugurishlar.
Asosiy qism: umumrivojlantiruvchi mashqlar (2-3 ta va 3-4 marta tak- rorlanadi);
1 yoki 2 ta asosiy harakatlarga o‘rgatish;
d) harakatli o‘yin. Yakuniy qism: sekin yurish yoki kam harakatli o‘yin.
Ertalabki gimnastika ham 3 qismdan iborat: Tashkiliy qism: yurish va yugurishlar.
Asosiy qism: umumrivojlantiruvchi mashqlar. Qo‘l va yelka, o‘mrov o‘stiradigan mashqlar, oyoq muskullarini mustahkamlovchi mashqlar. Shulardan 3 xil mashq tanlab olinib, 3-4 marta takrorlanadi.
Yakuniy qism: tinch yurish yoki nafas olish mashqlari.
Tanlangan mashqlarni ana shunday taqsimlash 3 yoshga qadam qo‘ygan bolalarga jismonan to‘g‘ri rivojlanishga, mashg‘ulotdan mashg‘ulotgacha asta-sekin murakkablashtirishga yordam beradi. Tarbiyachi o‘z ishida tayyor mashqlar kompleksidan foydalanishi mumkin yoki o‘zi ham tuzishi mumkin. Mashqlarni tuzishda quyidagilarga rioya qilish kerak: bolalarni jismoniy imkoniyatlarini hisobga olishi;
mashqlarni tanlashda bola organizmiga asta-sekin ta’sir etishini; tanlangan mashqlarni yarmisi bolalarga tanish, takroriy, yarmisi esa yangi mashqlar bo‘lishi;
ko‘p mashqlarni dastlabki holati o‘tirish, qorinda va orqada yotish;
mashg‘ulotlarni yakuniy qismida albatta harakatli o‘yinni qo‘shib olib borish kerak. 2-3 yoshli bolalar bilan o‘tkaziladigan ertalabki gimnastika, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari, chiniqtirish tadbirlari, tizimlilik va izchilik asosida o‘tkazilsagina samarali ta’sir ko‘rsatadi.