Ma'naviyatning rivojlanish qonunlari Mundarija: Kirish Asosiy qism I Bob Mana’viyatning rivojlanish qonuniyatlari 1.1 Ijtimoiy taraqqiyot qonunlari va ma'naviyatning rivojlanish qonunlari, ular o‘rtasidagi aloqadorliklar mohiyati.
1.2 Ma’naviyat haqida umumiy tushuncha. Ma'naviyatning to'rtta qonuni
II Bob Rivojlanishning asosiy qonuniyatlari
2.1 Madaniyat rivojlanishining asosiy qonuniyatlari
2.2 Jamiyat taraqqiyoti jarayonida sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar muttasil o‘sib borishi qonuni
Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar
Kirish Kurs ishining dolzarbligi: Mustaqillik yillari, tabiiyki, ma’naviyatga turli ilmiy yondashuvlar paydo bo‘ldi. Bu boradagi davlat siyosati va birinchi prezident Islom Karimov asarlari tufayli ma’naviyat, asosan, dunyoviy-ilmiy yo‘nalishda tadqiq etildi, o‘rganildi. O‘z navbatida, dinning ma’naviy hayotda tutgan o‘rni va ahamiyati inkor etilmadi. To‘g‘ri, tolerantlik ayrim tadqiqotchilarning ilmiylik va diniylikni qorishtirishiga, eklektik qarash va usullar jonlanishiga yo‘l ochdi. Nachora, haqiqat yo‘li qachon silliq bo‘lgan?!
Ma’naviyatni yuksaltirish uning asosiy kategoriya, tushuncha va rivojlanish qonunlarini aniq belgilab olib, tadqiqotlarni yanada teranlashtirishni talab etadi. Shu sabab biz ma’naviyatning rivojlanish qonunlari haqidagi fikrlarimizni jurnalxonlar bilan o‘rtoqlashishni lozim topdik. Albatta, bu fikrlar xiyla umumiy, bahsli va kamchiliklari ko‘p. Ammo har qanday ish birinchi qadamdan boshlanadi.
2009-yili chop etilgan “Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”dagi “Ma’naviyat qonunlari” maqolasida uch qonun: ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi qonuni; ma’naviyatning inson va jamiyat bilan uzviy aloqadorligi qonuni; ma’naviy hayotning ijtimoiy taraqqiyotga bog‘liqligi qonuni qayd etilgan va qisqacha izohlangan. Qonunlarning o‘ziga kelsak, birinchi va ikkinchisi umumijtimoiy, ya’ni jamiyat qonunlaridir. Birinchi qonunda bu ko‘zga yaqqol ko‘rinib turibdi. Ikkinchi qonunda ma’naviyat o‘rniga har qanday ijtimoiy hodisani qo‘ying – mantiq buzilmaydi. Masalan, “Iqtisodiyotning inson va jamiyat bilan uzviy aloqadorligi qonuni”. Ovqat pishirish, ko‘rpa-yostiq qoplash yoki transportdan foydalanish – bularning bari inson va jamiyat bilan bog‘liq, ular tabiatda, hayvonot olamida uchramaydi. Iqtisodiyot, moddiy ishlab chiqarish, moddiy iste’mol harholda ma’naviyatdan farq qiladi, lekin ular ham ma’naviyat kabi ijtimoiy hodisalardir. Har qanday ijtimoiy hodisa ma’naviyat bo‘lavermaydi. Lug‘atda keltirilgan qonun umumijtimoiy bo‘lib, iqtisodiyotga ham, ma’naviyatga ham, siyosatga ham, maishiy turmushga ham birday taalluqli.