2.2 Jamiyat taraqqiyoti jarayonida sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar muttasil o‘sib borishi qonuni Inson tabiati (mohiyati) haqida gap ketganda, uning ongli, ijtimoiy mavjudot ekani qayd etilishi barobarida moddiy va ma’naviy ehtiyojlari uzluksiz ortib borishi ham ta’kidlanadi. Insonning birlamchi moddiy ehtiyojlari qondirilishi unda ruhoniy, ma’naviy ehtiyojlarni uyg‘otadi. Qorni to‘q, xavf-xatardan xoli inson qo‘shiq aytgisi, raqs tushgisi, surat chizgisi, biror narsa yasagisi, o‘ylab topgisi keladi. O‘z navbatida, bu ehtiyojlarning qondirilishi ular yanada sifatli, mukammal va mazmunli bo‘lishiga yangi ehtiyoj tug‘diradi. Inson ehtiyojlari ortishi ijtimoiy taraqqiyot qonuni, ma’naviy ehtiyojlar ortishi esa ma’naviyat rivojlanishi qonunidir. Ammo insonning barcha ehtiyojlari, jumladan, moddiylari ham o‘z ma’naviy jihatlariga ega. Hayvonot olamida ehtiyojlar yuksalmaydi, faqat o‘zgaradi, natijada biologik organizm tabiatga moslashadi, xolos. Insonning esa ehtiyojlari muttasil yuksaladi: moddiylari ham, ma’naviylari ham. Bir ehtiyojning qondirilishi undan yuksakroq yangi ehtiyojlarni tug‘diradi. Yangi o‘simlik yoki hayvonni ilk uchratganda, inson u haqida kuzatuv asosida hosil qilgan bilimi bilan qanoatlanib qolmagan: bu o‘simlik yoki jonivor zararli emasmi, undan foydalansa bo‘ladimi qabilidagi savollarga javob izlagan. Ijobiy javob topsa, uni qanday madaniylashtirish (o‘simlikni), xonakilashtirish (hayvonni), ko‘paytirish, parvarishlash ustida bosh qotirgan. Yangi ehtiyojlar paydo bo‘lishi inson bilimi, dunyoqarashi rivojlanishiga, tajribasi ortishiga xizmat qilgan.
Inson ehtiyojlarining yuksalishi, ijtimoiy taraqqiyot qonuni sifatida, birinchidan, uning ongli, aqlli mavjudotligi, ertangi kunni ko‘ra bilishi, zaruratni anglay olishi, ya’ni ma’naviyatga egaligi bilan bog‘liq. Ikkinchidan, uning kam kuch, kam energiya sarflab, ko‘proq samara olish, hayotini yengillatishga intilishi natijasidir. Uchinchidan, o‘zligi, o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishga urinishi oqibatidir. O‘zligini yuzaga chiqarishga intilish ham ma’naviy mavjudot sifatida faqat insonga xos – hayvonlarda bunday intilish yo‘q. Erishganidan balandroq marra, yaxshiroq natijani ko‘zlash, mukammalroq, go‘zalroq buyum yoki san’at asari yaratishga, yangi texnik asbob-uskuna, mashina, mexanizm va texnologiyalarni ixtiro etishga, turmushini erkin va farovon qilishga urinish insonning asl bashariy xususiyati, obyektiv ravishda tug‘iladigan ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlaridir. Ana shu ehtiyojlar yuksalsa, jamiyat rivojlanadi, aks holda jamiyatda turg‘unlik yuz beradi. Turg‘unlik asrlar mobaynida davom etishi mumkin. Insonning moddiy ehtiyojlari qanday o‘sishi ham uning aqli, zaruratni anglay olishi, o‘zligini namoyon etishga intilishi bilan, ya’ni uning ma’naviy ongi bilan bog‘liq.
Hatto boylik orttirish, molparastlik hirsi ma’naviyatdagi noqislik bo‘lsa-da, aslida u ibtidoiy odamlarning ertangi kun ov o‘ngidan kelmasa yoki qurg‘oqchilik oqibatida mo‘ljaldagi hosil olinmay qolsa, ochlikdan azob chekmaslik uchun ehtiyot zaxira to‘plash kerak, degan ishonchiga borib taqaladi. U avvalo insoniyat ongosti qatlamidagi arxetipdir, jamoaviy ongsizlik unsuridir. Biroq u faqat jamoaviy ongsizlik, ibtidoiy arxetip ko‘rinishigina emas. U ijtimoiy tabaqalashgan jamiyatdagi ba’zi bir axloqiy, ma’naviy va ziddiyatli sinfiy-tabaqaviy qoida va me’yorlarga ham aloqador. Iqtisodiy-moliyaviy imkoniyat, boylik insonning jamiyatdagi obro‘-e’tibori, mavqeini belgilagan, aloqalarini kengaytirgan va o‘zligi, xohish-irodasi, orzu-istaklarini yuzaga chiqarishi uchun yo‘l ochgan. Xulosa qilish mumkinki, insonning barcha ijtimoiy ehtiyojlari asosida uning ongi, ma’naviyati turadi, bundan fiziologik (biologik) ehtiyojlar qisman mustasno. Ammo ularga ham ma’naviyat ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, ovqatlanish, nasl qoldirish va ko‘plab fiziologik ehtiyojlar qondirilishi muayyan tartib-qoida, odob-axloq doirasida amalga oshiriladi.
Ilm-fanda ehtiyojlar masalasi doimo bahsli bo‘lib kelgan. Materializm taraqqiyotda moddiy ehtiyojlar o‘sishini birinchi o‘ringa qo‘ysa, idealistlar ma’naviy-mafkuraviy ehtiyojlarni ustun bilgan. Aslida bunday yondashuv ushbu masalada biryoqlamalikka o‘xshaydi. Agar inson faqat biologik mavjudot bo‘lganida, shubhasiz, moddiy ehtiyojlarning o‘sishi belgilovchi ahamiyat kasb etar edi. Lekin u biologik tabiatidan tashqari, ijtimoiy-ma’naviy tabiatga ham egaki, aynan shunisi uni hayvonot olamidan mumtoz etadi. Masalaga tor ontologik – materiya birlamchimi yoki ideya (g‘oya) degan nuqtai nazardan emas, kengroq funksional nuqatai nazardan yondashilsa, javob xiyla oydinlashadi.
Hech qanday axloqiy, diniy-ruhoniy tartib-qoidalar, me’yorlar vujudga kelmagan vaqtlarda odamsimon maxluqlar to‘dasining turmush tarzi va xulqi maymunlarnikidan uncha farq qilmagan. Dastlabki ongli cheklov, taqiq va majburiyatlar (ota-ona va farzand o‘rtasidagi, keyin aka-uka va opa-singil o‘rtasidagi jinsiy yaqinlikning taqiqlanishi, topilgan yegulik yoki ovlangan hayvon go‘shtini birgalikda iste’mol qilish, yoshlarga mehnat va ov qurollari yasash, amalda qo‘llashni o‘rgatish va shu kabilar) odamsimon maxluqlarni odamga, ular to‘dasini urug‘-jamoaga aylantirdi. Ushbu misollar esa moddiy ehtiyojlarga emas, ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar paydo bo‘lishi va o‘sishiga oiddir. Ular moddiy, hatto fiziologik ehtiyojlar qondirilishiga ham tuzatish kiritdi, ularni ijtimoiylashtirdi. Demak, insonning biologik emas, ijtimoiy mavjudot sifatidagi mohiyatini ma’naviy ehtiyojlar vujudga keltirgan.
Albatta, iqtisodiy taraqqiyot qonunlari obyektiv xarakterga ega, ma’naviyatga bo‘ysunmaydi. Tadbirkor, zavod egasi nafsi kuchli bo‘lgani yoki odamlarga g‘amxo‘rligi, mehnatsevarligi uchun emas, bozor talablariga mos xo‘jalik yuritgani uchun boyiydi. Ammo bozor talablarini aniq bilishi yoki taxmin qila olishi, raqobatda aql-zakovati va irodasiga tayanib ish ko‘rishi, texnologiyani muntazam takomillashtirib borishi, ishchi-xizmatchilari, davlat soliq idoralari va banklar bilan munosabatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi, faolligi hamda shaxsiy mehnatsevarligi uning ongi, bilimlariga bevosita daxldordir. Qallob, yolg‘onchi jamiyat, odamlar ishonchidan mahrum, qonun, axloq talablariga rioya qilmaydigan, yalqov, dangasa kishi hayotda muvafaqqiyat va obro‘ qozona olmaydi.
Inson hech vaqt o‘z mavjudlik holati – ekzistensiyasidan qoniqmaydi (gap biron bir shaxsning maishiy ahvoli, mansabi emas, insoniyatning tarixiy jarayondagi ahvoli haqida ketmoqda), doimo uni va o‘zini takomillashtirishga harakat qiladi. Hayvonda takomillashish mo‘ljali yo‘q. Zero, u o‘z mavjudlik holatini anglay olmaydi. Ijtimoiy taraqqiyot negizida esa mavjud holatdan qoniqmaslik yotadi. Vujudga kelgan qiyinchiliklarni yengish, yangi kuch-g‘ayrat to‘plab, rivojlanish sari yuz tutish uchun insonga iroda – ongli tanlov, butun kuch-g‘ayratini maqsadga erishishga safarbar etish, chidam, sabr-toqat kerak. Sabr-u toqatni o‘z ijtimoiy holatidan qoniqish bilan chalkashtirmaslik kerak. Sabr-u toqat rivojlanish jarayonining diskret va vaqtinchalik shakli, mukammallikka intilish, ehtiyojlar yuksalishi esa uning doimiy holatidir.
Ehtiyojlar sog‘lom yoki nosog‘lom bo‘lishi mumkin. Barcha sog‘lom ijtimoiy ehtiyojlar, jumladan, sog‘lom moddiy (chunonchi, fiziologik) ehtiyojlar rivojlanmas ekan, ma’naviy ehtiyojlar ham yuksalmaydi. Insonning erkin kamolotiga xizmat qiladigan, undagi ijobiy qobiliyat, fazilatlarni boyitadigan, rivojlantiradigan ehtiyojlar sog‘lom, aksincha, nafsga, xudbinlik, manmanlik, molparastlik, shahvatparastlik, mansabparastlik kabi salbiy mayllarga xizmat qiladigan ehtiyojlar nosog‘lom ehtiyojlardir. Ular ma’naviyat qashshoqlanishiga, insonning o‘z nafsi va hirsi quliga aylanib, shaxsining yemirilishiga olib keladi. Nosog‘lom moddiy va fiziologik ehtiyojlar insonni turli “kasallik”larga, masalan, ochofatlik, shahvoniy zo‘ravonlik, o‘ta ziqnalikka mubtalo etadi. Ba’zan ular maniakal ko‘rinish olib, haqiqiy ruhiy xastalikka aylanadi. Insonning ezgulik, erkinlik, adolat, haqiqat, mehr-muhabbat, go‘zallik va kamolotga intilishi, o‘z qobiliyatini yuziga chiqarish, ijod qilishga urinishi uning ma’naviy ehtiyojidir. O‘z ijtimoiy holati, erishgan darajasidan qoniqmaslik – yangi sog‘lom ehtiyojlar tug‘ilishining, ma’naviy rivojlanishning omilidir. O‘z holati va erishgan darajasidan qoniqish – yangi, yuksakroq ehtiyojlarni uyg‘otmaydi, bil’aks ma’naviyatda turg‘unlikni keltirib chiqaradi.
Haqiqiy ma’naviyat sog‘lom ehtiyojlar zamirida vujudga keladi. Ma’naviyat insonda sog‘lom ijtimoiy, jumladan, sog‘lom moddiy ehtiyojlar shakllanishidan, o‘z shaxsi bilan ixtilofga bormay, asl insoniy mavjudligini ta’minlashga xizmat qiluvchi aqliy va hissiy muhitdan, falsafiy, axloqiy, ilmiy, diniy, badiiy va boshqa madaniy qadriyatlardan hamda shaxsning ijodiy faolligidan tashkil topadi. Ma’naviy ehtiyojlarni sotsiumning turli birliklariga oid individual ehtiyojlar, jamoaviy (oilaviy, guruhiy, korporativ), sinfiy-tabaqaviy, mahalliy-mintaqaviy, umummilliy ehtiyojlarga bo‘lish mumkin.
Shaxs ma’naviyatini yuksaltirmoq uchun uning individual ehtiyojlarini sotsiumning boshqa yuqoriroq birliklari ehtiyojiga qurbon qilmay, ular bilan uyg‘unlashtirmoq lozim. Oila ma’naviyati, bir tomondan, har bir a’zosining, ikkinchi tomondan, butun oilaning ehtiyojlari o‘sishi va qondirilishiga bog‘liq. Oila ehtiyojlari uning a’zolari va butun jamiyat ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirilishi lozim. Oila manfaatlarini uning bir a’zosi, deylik, oila boshlig‘i yoki erkatoy farzand injiqliklariga qurbon qilib bo‘lmaganidek, umumjamiyat manfaatlariga ham qurbon qilib bo‘lmaydi. Oilaning yangi avlodi – bilimliroq, dunyoqarashi, muloqot va axborot maydoni kengroq, hayotiy mo‘ljallari, maqsadlari yuksakroq, qobiliyatini yuzaga chiqarish imkoniyati kattaroq bo‘lishi lozim. Shunda oila nafaqat moddiy-iqtisodiy, ma’naviy jihatdan ham yuksaladi.
Manfaatlarni uyg‘unlashtirish milliy-ma’naviy ehtiyojlar o‘sishiga-da taalluqli. Milliy ehtiyojlar, manfaatlar alohida mintaqa, viloyat, hudud, korporativ guruh (moliyaviy-oligarx guruhlar, harbiy-sanoat kompleksi, transmilliy kompaniyalar kabi), etnik va diniy konfessiyalar foydasini ko‘zlab cheklanmasligi lozim. Millatning o‘zligini, umumiy manfaatlarini anglash darajasi o‘smas ekan, milliy jipslik mustahkamlanmaydi, mahalliychilik, guruhbozlik, ayirmachilik illatlari saqlanib qolaveradi, milliy g‘urur kemtik bo‘ladi. Ilm-fan, adabiyot va san’at, milliy til va madaniyat yaxshi rivojlanmaydi. Bunday xalq asta-sekin bo‘linib, parokandalikka uchrab, oqibatda boshqa xalqlar tarkibiga singib ketadi.
Milliy taraqqiyot ehtiyojlari boshqa xalqlar bilan robita bog‘lash, ularning yutuqlaridan ijodiy foydalanish, o‘z yutuqlarini dunyoga yoyishni taqozo etadi. Jahon hamjamiyatiga barcha sohada teng huquqli integratsiya bo‘lish ehtiyojlari har qanday mahdudlik, milliy manmanlik, milliy nomukammallik, nigilizm va kosmopolitizmni birday inkor qiladi.
Ehtiyojlar yuksalishi va ma’naviyat rivojlanishi – o‘zaro chambarchas bog‘liq. Ehtiyojlar yuksalsa, ma’naviyat rivojlanadi, rivojlangan ma’naviyat esa yuksak ehtiyojlarni taqozo etadi. Rivojlangan ma’naviyat – qondirilgan sog‘lom ehtiyojlarning yuzaga chiqishi va ayni paytda nisbatan yuksakroq yangi ehtiyojlarning tug‘ilishidir. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida ma’naviyat yuksalishi va ehtiyojlar o‘sishi o‘rtasidagi aloqalar ikkinchi darajali, yuzaki, tasodifiy va muvaqqat emas, muhim, zaruriy, takrorlanuvchan va doimiy aloqalardir. Shu sababdan bu aloqalar ma’naviyat yuksalishi qonunidir. Lekin ehtiyojlarning o‘zi bevosita ma’naviyat tarkibiga kirmaydi, balki uning rivojlanish sabab va oqibati, shart-sharoiti, harakatlantiruvchi kuchini tashkil qiladi. Ehtiyojlarning yuksalishi inson tabiatiga, asl mavjudligiga (ekzistensiyasiga) mos. Shu ma’noda, insonni “ehtiyojlari yuksaladigan mavjudot” deyish o‘rinlidir.
Ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlarni mazmuni, vazifalari, ahamiyati, muayyan ijtimoiy ong shakliga mansubligiga qarab ikki guruhga bo‘lish mumkin.
1. Umumma’naviy, ya’ni ma’naviyat yaxlit tizim, bus-butunlik sifatida taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar.
2. Ma’naviyatning nisbatan mustaqil tarkibiy qismlari sifatida ijtimoiy ong shakllari taqozo etadigan va vujudga keltiradigan ehtiyojlar.
Birinchi guruhga mansub ehtiyojlar quyidagilardan iborat: a) insonning o‘z tabiatini (mohiyatini) takomillashtirish ehtiyoji; b) ijtimoiy yaratuvchilik imkoniyatlarini (salohiyatini) oshirish ehtiyoji; v) shaxs sifatida qobiliyatlarini yuzaga chiqarish ehtiyoji; g) erkinlik darajasini orttirib borish ehtiyoji.
Ularning har biri ko‘plab talab, me’yor, mezon va ko‘rsatkichlarni qamrab oladi. Masalan, insonning o‘z tabiatini takomillashtirish ehtiyojini oladigan bo‘lsak, u avvalo insonning aqlli, ongli bioijtimoiy mavjudot ekanidan kelib chiqadi. Demak, umumma’naviy ehtiyojlar inson aqli, tafakkuri, bilimlari, tuyg‘ulari, ijtimoiy faolligi va aloqalari boyishiga bog‘liq. Inson biologik tabiatiga ko‘ra sog‘lom bo‘lishi (jamiyat miqyosida bu sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiyot fanlari rivojlanishini taqozo etadi) lozim. Ijtimoiy tabiatiga ko‘ra, jamoaviylik tuyg‘usi mustahkamlanib, ijtimoiy aloqalari va muloqot maydoni muttasil kengayib borishi, jamiyatdagi mavjud tartib-qoidalar, me’yorlarni yaxshi bilishi, o‘z manfaatlarini jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlashtira olishi kerak.
Inson – o‘z oldiga ongli maqsad qo‘yib mehnat qiladigan, tabiat, jamiyat va o‘z-o‘zini qayta yaratadigan mavjudot. Inson yaratuvchilik faoliyatini takomillashtirish uchun muttasil amaliy va nazariy bilimlari, mehnat va ijod ko‘nikmalari, hayotiy tajribasini orttirib borishi lozim. Bular jamiyatda ta’lim-tarbiya tizimi vujudga kelishi va jamiyat bilan birga rivojlanib borishini taqozo etgan. Ota-ona farzandiga bolaligidan mehnat qilish, yashash qoidalarini, aka-ukasi, qo‘ni-qo‘shnisi, tengdosh-do‘stlari bilan ahil bo‘lish, bir-birini qo‘llab-quvvatlashni, oila, mahalla va jamoat joylarida intizom saqlashni, xushmuomalalikni, urf-odat, an’analar uchun mas’ul bo‘lishni, ularga itoat etishni o‘rgatadi. Bolada jamoaviylik tuyg‘ulari, mas’uliyat, muloqot, birga yashash va mehnat qilish me’yorlari asta-sekin qaror topadi. Bu – uning ijtimoiylashuvidir.
Mehnat qilish va yaratuvchilikni, biror kasb-hunarni bola dastlab oila, urug‘-jamoa, mahallada, nisbatan rivojlangan jamiyatlarda esa maxsus tashkil etilgan ta’lim, kasb o‘rgatish muassasalarida o‘rganadi. Tarbiyaning barcha yo‘nalishlari, jumladan, jismoniy va mehnat tarbiyasi ma’naviyatga daxldordir. Tarbiya, ta’lim qatori, jamiyat umumma’naviy ehtiyojlarini yuzaga chiqarishda hal qiluvchi institutdir. Inson o‘z ijodiy-yaratuvchilik salohiyatini o‘stirishi, shaxs sifatida namoyon bo‘lishi uchun yaxshi ta’lim-tarbiya olishi, chuqur bilim, kasb mahorati, mehnat, ijod ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, o‘z ishi, faoliyatini tanqidiy tahlil etib, kamchiliklardan qutulishga harakat qilishi lozim. Bular esa insonning o‘z-o‘zini tarbiyalash, bilim va malakasini oshirish (o‘qish) ehtiyojidir. Demak, ehtiyoj nafaqat oila, jamiyat tomonidan tarbiyalanadi, shuningdek, u insonning shaxsiy ongli faoliyati mahsulidir. U insonning ichki, o‘z-o‘zini takomillashtirish va qayta yaratish omiliga aylanadi.
Jamiyat tashkil qilgan ta’lim-tarbiya tizimida inson, asosan, obyektdir. O‘z-o‘zini tarbiyalash tizimida esa u bir vaqtda ham obyekt, ham subyekt hisoblanadi. Mehnatsevarlik, faollik, izlanish, mahoratga, tanlagan sohasida komillikka intilib, o‘z ustida ishlash insonning shaxs sifatida o‘zligini namoyon etishi, salohiyati, qobiliyatini yuzaga chiqarishining zarur shartidir. Bular orasida yana bir muhim shart borki, bu insonning erkinlik darajasidir. Erkin bo‘lmagan inson na hayotda, na ijodda o‘z imkoniyatlarini to‘liq yuzaga chiqara oladi. Insonda erkinlik ehtiyojlarining o‘sib borishi jamiyat taraqqiyoti bilan, ijtimoiy qadriyatlar tizimining insonparvarligi, tafakkur erkinligi, tolerantlik qaror topishi, ma’naviy muhit mustahkamlanishi bilan bog‘liq.
Ikkinchi guruhga ijtimoiy ongning alohida shakllariga oid ehtiyojlar tizimi kiradi: a) e’tiqodiy, ya’ni ilmiy-falsafiy va diniy ehtiyojlar – narsa va hodisalar, jamiyat va inson, abadiyat va foniylik mohiyatini anglashga intilish, hayot ma’nisini, yashashdan maqsadni bilish; b) axloqiy ehtiyojlar – ezgulik, insonparvarlik, vatanparvarlikka intilish, vijdon amriga quloq tutib yashash, baxtli turmush kechirish (gedonizm); v) estetik ehtiyojlar – go‘zallikka intilish, hayotni, tabiat va jamiyatni go‘zallashtirish (“go‘zallik qonunlari bo‘yicha” qayta yaratish), go‘zallikdan zavq-shavq tuyish, huzur-halovat olish (evdemonizm), nozikta’b inson bo‘lish, ijod qilish; g) huquqiy ehtiyojlar: adolatni qaror toptirish, insonni, jamiyatni turli adolatsizlik, zo‘ravonlik va ekstremistik tajovuzlardan himoya qilish, inson huquqlarini, qonun ustuvorligini har tomonlama ta’minlash; d) siyosiy ehtiyojlar – huquqiy demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyati qurish, demokratiya va ijtimoiy adolatga asoslangan boshqaruv tizimini yaratish va uzluksiz takomillashtirib borish, davlat va fuqaro, jamiyat va shaxs manfaatlarini uyg‘unlashtiradigan ijtimoiy-siyosiy va huquqiy mexanizmni ishlab chiqish va doimiy ravishda takomillashtirib borish; ye) boshqa ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlar:
Xulosa Xulosa qiladigan bo‘lsak, jamiyat taraqqiyoti jarayonida sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlarning muttasil o‘sib borishi ma’naviyat yuksalishi qonunlaridan biridir. Ehtiyojlar yuksalmasa, inson hayvonot olamidan, jamiyat tabiatdan ajralib chiqa olmas edi. Jamiyatning gurkirab rivojlanishi bevosita yoki bilvosita sog‘lom ehtiyojlar yuksalishiga, turg‘unlikka tushib qolishi, inqirozga uchrashi, xato g‘oyalar tomon og‘ib ketishi (siyosiy va diniy ekstremizm ta’sirida) esa sog‘lom ehtiyojlar o‘smay qolishiga yoki nosog‘lom ehtiyojlar ustunlik qilib ketishiga bog‘liq. Ehtiyojlar yuksalishi va jamiyat rivojlanishi dialektik birlikni tashkil etadi.
Xullas, kishilar yaratgan moddiy va ma’naviy qadriyatlar, boyliklar ularning Qobiliyatlari, munosabatlari va mohiyatli kuchlari namoyon bo‘lishidan iborat. Inson madaniyat sohasida bu ma’naviy qadriyatlarga o‘z munosabatini bildirar ekan, ayni vaqtda, o‘zi rivojlanadigan, o‘zi o‘zgarib turadigan mohiyat sifatida ham namoyon bo‘ladi. Demak, madaniyat narsalar shaklida, inson faoliyatining tayyor mahsulotlari shaklida va insonning jonli qobiliyatlari, bilimlari shaklida yashab turadi.
Kishilar ijtimoiy tajriba jarayonida zaruriy moddiy shart-sharoit va hayot vositalarini yaratish bilangina kifoyalanmay, ayni chog‘da o‘z ongini ham takomillashtiradi. Ijtimoiy ong shakllarini (dunyoqarash, axloq, huquq, estetik ong) vujudga keltiradilar yoki ma’naviy ishlab chiqarish faoliyatni amalga oshiradilar. Bularning majmui ma’naviy madaniyat sohasini tashkil etadi.
Ma’naviy madaniyat kishilar ma’naviy ijodkorligi faoliyatlari natijalari- tasavvurlar, g‘oyalar, ilmiy bilimlar, diniy qarashlar, san’at sohalari, axloqiy va huquqiy me’yorlarni ishlab chiqarishdan hosil bo‘ladi. Bunday ma’naviy qadriyatlar o‘zicha paydo bo‘lmaydi, balki muayyan taraqqiyot bosqichida o‘zaro munosabatga kiradigan kishilar tomonidan yaratiladi. Ma’naviy madaniyat – ma’naviy ijodning shunchaki mahsuloti bo‘lmay, balki ijodiy faoliyatni amalga oshiradigan kishilar o‘rtasidagi munosabatni ham bildiradi.