3. Oliy ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishning kontseptual asoslari Oliy ta’lim tizimining maqsadi va asosiy vazifalari. Oliy o’quv yurtlari Respublika uzluksiz ta’lim tizimining yetakchi bo’g’ini hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” to’g’risidagi qonunlariga muvofiq O’zbekistonning ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishini masalasini rivojlangan mamlakatlar darajasida hal etishga qodir, yuksak darajada ma’naviy, madaniy va ahloqiy sifatlarga ega bo’lgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash oliy ta’lim tizimining vazifasi hisoblanadi.
Respublika oliy ta’limining maqsadi - hozirgi zamon talablariga javob beradigan, respublikaning ilmiy-texnikaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishini ta’minlashga qodir bo’lgan malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlashdan iborat.
Mutaxassislar tayyorlash bo’yicha ta’lim texnologiyalarini samarali amalga oshirish tegishli tashkiliy, kadrlar va moddiy sharoitlar yaratishni taqozo etadi. Bu ko’p miqdorda resurslar talab qiladi. Mazkur resurslardan optimal foydalanish boshqaruvning moslashuvchan tuzilimasini nazarda tutadi. Boshqaruv tuzilmasining sifati, qabul qilinayotgan qarorlarning to’g’riligi gunga bog’liq bo’ladi.
Oliy ta’lim sohasidagi davlat siyosati quyidagi printsiplarga asoslanadi:
ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
o’rta maxsus, kasb-hunar, oliy va oliy o’quv yurtidan keyingi ta’limning uzluksizligi va izchilligi;
ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
bilimli bo’lishni va iste’dodni rag’batlantirish;
oliy ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg’unlashtirish;
oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishni birlashtirish.
Oliy ta’lim muassasasining maqsadi – aniq maqsadga qaratilgan dasturlar, yuqori malakali pedagoglarni jalb qilish, ta’lim innovatsion texnologiyalari va zamonaviy asbob-uskunalarni davlat ta’lim standartlariga muvofiq qo’llash yo’li bilan ta’limning yuksak darajadagi sifatini ta’minlash.
Oliy ta’lim muassasasining vazifalari: shaxsning ta’lim olish yo’li bilan aqliy, madaniy va ahloqiy kamol topishga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish;
fanni ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik kadrlarning ijodiy faoliyati vositasida rivojlantirish;
oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
ta’lim oluvchilarda fuqarolik pozitsiyasini, milliy mustaqillik g’oyalarini, jamiyatning ahloqiy va madaniy qadriyatlarini shakllantirish;
aholi o’rtasida bilimlarni tarqatish, uning ma’lumoti va madaniy saviyasini oshirish.
Oliy ta’lim tizimining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
- davlat ta’lim standartlariga muvofiq zamonaviy ta’lim- kasb dasturlari asosida sifatli ta’lim jarayonini ta’minlash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash; - yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlarni, jumladan xorijiy ilmiy markazlarda, tayyorlash; - mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqboli, jamiyat ehtiyoji, fan, texnika, texnologiya, iqtisod va madaniyat zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqib kadrlar tayyorlashning tashkil etilishi va usulini muntazam takomillashtirish; - ta’limni individuallashtirish, masofadan o’qitishning yangi pedagogik va informatsion texnologiyalari, vositalarini joriy etish; - mustaqillik g’oyalariga sodiqlik, Vatanga, oilaga va atrof muhitga muhabbat ruhida, milliy uyg’onish mafkurasi hamda umuminsoniy qadriyatlarni chuqur his etish asosida oliy ta’limnnig gumanitar yo’nalishini, yoshlar tarbiyasini ta’minlash; - ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali uyg’unlanuvchi usullarini amaliyotga tatbiq etish; - ta’lim xizmati ko’rsatish bozorida, raqobat muhitini yuzaga keltirish; - oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish va mustaqilligini kengaytirish. Oliy o’quv yurti bu vazifalarni hal qilishda O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da belgilangan strategik vazifalarga tayanadi. O’z xususiyatini saqlagan holda, ta’limning xalqaro miqyosda integratsiyalashuviga mumkin qadar ko’maklashish lozim.