Davlat maqsadli jamg’armalari quyidagilardir:
-
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi;
-
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo’l jamg’armasi;
-
Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag’lar jamg’armasi;
-
O’zbekiston Respublikasining Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi;
-
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasi;
-
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg’armasi;
-
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oliy o’quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg’armasi.
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg’armalari quyidagilardir:
-
Budjet tashkilotining rivojlantirish jamg’armasi;
-
Tibbiyot tashkilotlarining moddiy rag’batlantirish va rivojlantirish jamg’armasi;
-
vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamg’armalari;
-
budjet tashkilotlarining undiriladigan to’lovlar hisobiga shakllantiriladigan budjetdan tashqari mablag’lari.
4.Budjetlararo munosabatlar, ularning shakllari.
Budjetlararo munosabatlar- O’zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar, shaharlar budjetlari, shuningdek davlat maqsadli jamg’armalari budjetlari o’rtasidagi ushbu Kodeks bilan tegishli budjetlarga biriktirilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan tegishli budjetlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga doir munosabatlardir.
Budjet jarayonida:
O’zbekiston Respublikasi respublika budjetining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan;
davlat maqsadli jamg’armalari budjetlarining tumanlar va shaharlar budjetlari bilan;
Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining bir-biri bilan, shuningdek boshqa ma’muriy-hududiy birlikning tumanlari va shaharlari budjetlari bilan;
tumanlar va shaharlar budjetlari o’rtasida o’zaro munosabatlariga yo’l qo’yilmaydi. (BK.132-modda.)
Budjetlarning darajalari o’rtasida daromadlar va xarajatlarni o’tkazish. Daromadlarni kompensatsiya qilish yoki xarajatlarni qoplash Davlat budjetini ijro etish jarayonida Budjet kodeksining 138-moddasida nazarda tutilgan, quyi turuvchi budjetlarning daromadlarini va (yoki) xarajatlarini kamaytirishga yoxud ko’paytirishga olib keladigan hollarda o’zaro hisob-kitoblar bo’yicha mablag’larni ajratish yoki olib qo’yish orqali majburiy tartibda amalga oshiriladi. (BK.133-modda.)
Budjetlararo transfertlarning shakllari. Budjetlararo transfertlar subvensiyalar, o’tkazib beriladigan daromadlar, dotatsiyalar, budjet ssudasi va o’zaro hisob-kitoblar bo’yicha mablag’lar shaklida amalga oshiriladi.
Budjetlararo transfertlarning hajmlari:
joriy moliya yilida turli darajadagi budjetlar daromadlari va xarajatlari o’zgarishiga sabab bo’luvchi qonun hujjatlari qabul qilinganda;
tegishli barcha soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning to’liq tushishidan hamda budjetdan ajratiladigan mablag’larning o’zlashtirilishidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Yuqori turuvchi moliya organi tashabbusi bilan yuqori turuvchi budjet quyi turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning bir shakli bo’yicha majburiyatlari quyi turuvchi budjetning yuqori turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning boshqa shakli bo’yicha majburiyatlarini kamaytirish evaziga hisobga olinishi mumkin. (BK.134-modda.)
Subvensiya - muayan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag’lari.
Subvensiyalar asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognozi va Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlanayotganda belgilangan xarajatlarni amalga oshirish uchun ajratiladi.
O’zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognozi va Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlanayotganda belgilanadi.
Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga beriladigan subvensiyalarning miqdorlari Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan belgilanadi.
Foydalanilmagan subvensiyalar joriy moliya yili oxirida tegishli yuqori turuvchi budjetga qaytarilishi kerak. (BK.135-modda.)
Dotatsiya - budjet tizimi budjetlariga ularning o’z daromadlari yetishmagan taqdirda daromadlar bilan xarajatlar o’rtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag’lari.
Yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga dotatsiya quyi turuvchi budjet xarajatlarining rejalashtirilgan hajmi subvensiyalar va o’tkazib beriladigan daromadlar hisobga olingan holda mazkur budjet daromadlarining prognoz qilingan hajmidan oshib ketgan taqdirda ajratiladi.
O’zbekiston Respublikasining respublika budjetidan davlat maqsadli jamg’armalarining budjetlariga dotatsiya jamg’armalar xarajatlarining rejalashtirilgan hajmi yil boshidagi qoldiq hisobga olingan holda jamg’armalar daromadlarining prognoz qilingan hajmidan oshib ketgan taqdirda ajratilishi mumkin.
Dotatsiyaning miqdori:
O’zbekiston Respublikasining respublika budjetidan quyi turuvchi budjetlarga va davlat maqsadli jamg’armalari budjetlariga ajratilganda - asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognozi va Davlat budjetining asosiy parametrlari tasdiqlanayotganda;
Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga ajratilganda - Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan belgilanadi. (BK.137-modda.)
O’tkazib beriladigan daromadlar - tegishli ma’muriy-hududiy birlikda shakllanadigan va yuqori turuvchi budjetga o’tkaziladigan, ular qayerda shakllangan bo’lsa, keyinchalik o’sha ma’muriy-hududiy birlik budjetiga o’tkazib beriladigan daromadlar.
Budjetlararo transfertlar - O’zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, davlat maqsadli jamg’armalariga hamda buning aksicha o’tkaziladigan, shuningdek Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga hamda buning aksicha o’tkaziladigan mablag’lar.
Budjet ssudasi - qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamg’armalariga, rezident-yuridik shaxsga ajratiladigan pul mablag’lari.
Subsidiya - tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning o’rnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablag’lari.
Nazorat va muhokama uchun savollar
-
Davlat budjeti tuzilmasi tushunchasini tushuntiring.
-
Budjet tizimi va uning bo’g’inlarini ko’rsating.
-
Mahalliy budjetlarning budjet tizimidagi tutgan o’rni nimalardan iborat?
-
Budjetlararo munosabatlar tizimi deganda nimani tushunasiz?
4-mavzu. Davlat budjetining huquqiy asoslari. Budjet siyosati
Reja
-
Davlat budjeti - davlat iqtisodiy siyosatining quroli sifatida
-
Budjet siyosatining taktikasi va strategiyasi.
-
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida budjet siyosatining asosiy yo’nalishlari.
1. Davlat budjeti - davlat iqtisodiy siyosatining quroli sifatida
Moliya-budjet siyosati - davlat va mahalliy hokimlik organlari tomonidan o’tkaziladigan tadbirlar va harakatlar yig’indisi bo’lib, u budjet tizimini boshqarishda va ularni o’z vazifalarini bajarishlari uchun moliyaviy munosabatlardan foydalanishlari bo’yicha moliya budjet sohasidagi maqsad va vazifalarni aniqlashni ko’zda tutadi, budjetdagi pul mablag’larini safarbar etish mexanizmining ishlatilish yo’nalishlarini tanlaydi va budjet tizimida moliya budjet instrumentlari yordamida iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarini tartibga solishni tashkil etadi.
Budjet-soliq siyosati YaIMning usishini, iqtisodiyotni barqarorligini, aholi bandligini yuqori darajada ta’minlashga qaratilgan davlatning soliqqa tortish va davlat xarajatlari siyosati hisoblanadi.
Budjet siyosatining vazifalari: Davlat xarajatlarini iqtisod qilish dasturlarini amalga oshirish; Ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda budjetning rolini mukammallashtirish; Budjet resurslaridan samarali foydalanishning nazorat tizimlarini mukammallashtirish; Budjetning daromadlar va xarajatlar ijrosi tizimlarini takomillashtirish; Mahalliy boshqaruv organlari faoliyatining moliyaviy imkoniyatlarini shakllantirish maqsadida mahalliy budjetlar uchun yaxshi moliyaviy potensialni shakllantirish.
Davlat iqtisodiyotini rivojlantirish strategiyasidan, iqtisodiyotning va siyosatning ma’lum bir sharoitidan kelib chiqqan holda budjet-moliya siyosati quyidagilarni belgilashni nazarda tutadi:
-
Budjet orqali milliy daromadni qayta taqsimlashninig har xil darajalarini;
-
Ichki budjet tizimi resurslarida mavjud moliyaviy mablag’larni markazlashtirishning har xil darajalarini;
-
Davlat va mahalliy budjetlarning mablag’larini foydalanishni tartibga solish
-
Budjetdan moliyalashtirildigan eng ustuvor u yoki bu tadbirlarni belgilab olish;
-
Daromad va xarajatlar o’rtasidagi muvozanotli balansga erishish usullarini tanlash.
Budjet-moliya siyosati soliq siyosatidan iborat va pul-kredit, baho va valyuta siyosati bilan bog’liq.
2. Budjet siyosatining taktikasi va strategiyasi
Budjet siyosati o’zining davriyligi va xal kiluvchi vazifalar tavsifiga bog’liq holda budjet strategiyasi va budjet siyosati taktikasi bo’linadi.
Budjet siyosati strategiyasi ijtimoiy va iqtisodiy srategiyani belgilab bergan o’zoq istiqbolga mo’ljallangan va yirik masshtabdagi vazifalarni bajarishga qaratilgan bo’lib, u budjetni rivojlanishining asosiy konsepsiyalarini ishlab chiqish, budjet munosabatlarni tashkil etish tamoyillarini belgilashni ko’zda tutadi. Budjet strategiyasi o’zoq muddatli maqsadlarni tanlash va maqsadli dasturlarni zarur moliyaviy resurslar bilan ta’minlash, ularni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy yo’nalishlarida mujassamlashtiradi va ko’zda tutadi.
Budjet siyosati taktikasi strategiya belgilab bergan vazifalarni jamiyat rivojlanishining konkret bosqichida budjet munosabatarni tashkil etish usullari orqali amalga oshiradi.
Budjet siyosatining ustuvor yo’nalishlari:
I bosqich – 1991-2000 yillar
Mustaqil budjet tizimini shakllantirish – “o’tish davri”:
-
budjet daromadlari va xarajatlarini qayta ko’rib chiqish va tasniflash;
-
budjet defitsitni kamaytirish;
-
kuchli ijtimoiy siyosat – Davlat budjetining muhim yo’nalishi sifatida;
-
budjetlaro munosabatlarni shakllantirish;
-
budjet tashkilotlarini mablag’ bilan ta’minlash mexanizmini takomillashtirish;
-
budjet tasniflarini halqaro standartlarga maqbullashtirish o’z ichiga oldi.
-
Milliy soliq tizimi va uni huquqiy asoslarini shakllantirish;
-
Soliq tizimini soddalashtirish va uni iqtisodiyotning ustuvor yo’nalishlarini rag’batlatirish tizximini shakllantirish.
2-bosqich. 2001-2010 yillar
Iqtisodiyotni erkinlashtirish shart sharoitlariga muvofiq davlat moliyasini isloh qilish va uning huquqiy asoslarini yaratish:
-
“Budjet tizimi to’g’risida”gi Qonunni amalga kiritilishi;
-
Budjet tasnifi va budjetdan moliyalashtirish tizimini soddalashtirish;
-
Davlat budjeti xarajatlarini manzilli va maqsadli yo’nalishini ta’minlash;
-
Budjet xarajatlarini tarkibiy isloh qilish;
-
Hududlarni dotatsiyadan chiqarish va mahalliy budjetlar moliyaviy imkoniyatlarini barqarorlashtirish;
-
Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish;
-
Davlat budjetini ijrosini G’azna tizimi joriy qilish va uni rivojlantirish;
-
Budjet muassasalarini moliyalashtirishni isloh qilish;
-
Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlarining masu’liyatini oshirish bilan ularning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilash;
-
Soliq yukini kamaytirish;
-
Soliq ma’murchiligini takomillashtirish;
-
Soliq tizimining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
-
Soliq tizimini soddalashtirish.
2-bosqich. 2010-hozirga qadar.
Jahon miqyosida globallashuv va raqobat tobora kuchayib borayotgan bugubgi zamonda ko’plab davlatlardagi budjet jarayonlarini, shuningdek mustaqillik yillaridagi bosib o’tgan yo’limiz, to’plagan tajribamizni xolisona tanqidiy baholash asosida mamlakatimiz budjet tizimini yanada takomillashtirishning qonunchilik asoslarini mustahkamlashni taqozo etadi.
Shu nuqtai nazardan konseptual muammolar va amaliyotda mavjud bo’lgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida budjet jarayonlarini tartibga solishga xizmat qilayotgan barcha qonun hamda qonun osti hujjatlarini yagona hujjat-Budjet kodeksiga birlashtirildi.
2013 yil 26 dekabrda O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash to’g’risida”gi O’RQ-360-sonli Qonuni bilan Budjet kodeksi qabul qilindi.
Budjet jarayonini tartibga soluvchi, qarama-qarshi va eskirgan me’yorlarni bartaraf qiluvchi, amalda o’zini oqlagan me’yorlar va nizomlarni birlashtiruvchi yagona qonun hujjatini ishlab chiqish bilan bir qatorfa asosiy maqsad- davlat moliyasini boshqarish huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, budjet siyosatining ustuvor yo’nalishlarini tartibga solish, budjet mablag’laridan foydalanish samaradorligini oshirish va davlat xizmatlari ko’rsatish sifatini yanada yaxshilashdan iboratdir.
Budjet kodeksi budjet tizimi qonunchiligi bazasi va uni huquqiy qo’llash amaliyoti birligini ta’minlasi lozim.
2013 yil 27 dekabrda esa O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining Budjet kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o’z kuchini yo’qotgan deb topish to’g’risida”gi O’RQ-361-sonli qonuni qabul qilindi va unga ko’ra quyidagi qonunlarga o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi:
O’zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentabrda qabul qilingan "Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida"gi 913-XII-sonli Qonuniga;
O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan "Xorijdan mablag’ jalb qilish to’g’risida"gi 263-I-sonli Qonuniga;
O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgustda qabul qilingan "Buxgalteriya hisobi to’g’risida"gi 279-I-sonli Qonuniga.
Quyidagilar o’z kuchini yo’qotgan deb topildi:
1) O’zbekiston Respublikasining 2000 yil 14 dekabrda qabul qilingan "Budjet tizimi to’g’risida"gi 158-II-sonli Qonuni.
2) O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000 yil 14 dekabrda qabul qilingan "Budjet tizimi to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida"gi 159-II-sonli Qarorining 1 va 2-bandlari;
3) O’zbekiston Respublikasining 2004 yil 26 avgustda qabul qilingan "Davlat budjetining g’azna ijrosi to’g’risida"gi 664-II-sonli Qonuni;
4) O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004 yil 26 avgustda qabul qilingan "Davlat budjetining g’azna ijrosi to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida"gi 665-II-sonli Qarori;
5) O’zbekiston Respublikasining 2005 yil 23 mayda qabul qilingan "O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida"gi O’RQ-2-sonli Qonunining 7-moddasi;
6) O’zbekiston Respublikasining 2005 yil 19 dekabrda qabul qilingan "Ba’zi davlat boshqaruv organlarining qayta tashkil etilganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida"gi O’RQ-14-sonli Qonunining 6-moddasi;
7) O’zbekiston Respublikasining 2005 yil 31 dekabrda qabul qilingan "Uy-joy-kommunal xo’jaligi sohasida islohotlarning amalga oshirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida"gi O’RQ-19-sonli Qonunining 6-moddasi;
8) O’zbekiston Respublikasining 2007 yil 27 aprelda qabul qilingan "Budjet tizimi to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida"gi O’RQ-95-sonli Qonuni;
9) O’zbekiston Respublikasining 2007 yil 20 sentabrda qabul qilingan "O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida"gi O’RQ-113-sonli Qonunining 4-moddasi;
10) O’zbekiston Respublikasining 2007 yil 17 dekabrda qabul qilingan "Budjet tizimi to’g’risida"gi hamda "Davlat budjetining g’azna ijrosi to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida"gi O’RQ-130-sonli Qonuni;
11) O’zbekiston Respublikasining 2008 yil 31 dekabrda qabul qilingan "Soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida"gi O’RQ-197-sonli Qonunining 30-moddasi;
12) O’zbekiston Respublikasining 2009 yil 6 aprelda qabul qilingan "Davlat budjetining g’azna ijrosi to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga qo’shimcha kiritish haqida"gi O’RQ-204-sonli Qonuni;
13) O’zbekiston Respublikasining 2010 yil 9 sentabrda qabul qilingan "Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartishlar kiritish to’g’risida"gi O’RQ-254-sonli Qonunining 7-moddasi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida”gi O’RQ-391-sonli Qonuni, 2015 yil 15 mayda “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-4725-sonli, 2015 yil 24 aprelda “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chara-tadbirlari to’g’risida”gi PF-4720-sonli Farmonlari, 2015 yil 28 apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-2340-sonli, 2014 yil 4 dekabrda “O’zbekiston Respublikasining 2015 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognoza va davlat budjeti parametrlari to’g’risidagi” PQ-2270-sonli Qarorlari qabul qilindi.
3.Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida budjet siyosatining asosiy yo’nalishlari
O’zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo’nalishlari
-
iqtisodiy o’sishning uzoq muddatli barqaror sur’atlarini va iqtisodiyotning muvozanatli rivojlanishini, inflyatsiya darajasining belgilangan eng yuqori darajadan oshmasligini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko’rish;
-
iqtisodiyotning xalqaro sifat standartlariga mos keladigan hamda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo’lgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yo’naltirilgan eng muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnika va texnologiya jihatidan qayta jihozlash orqali iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgarishlarni va uning diversifikatsiya qilinishini davom ettirish;
-
sa’y-harakatlarini qishloq joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirishga, bandlikni ta’minlashga, qishloq aholisining turmushi sifatini oshirishga, fermer xo’jaligi rivojlantirilishini har tomonlama qo’llab-quvvatlashga qaratish;
-
iqtisodiyot zimmasidagi soliq yukini kamaytirish va xo’jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini qo’llab-quvvatlashga qaratilgan soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish bo’yicha ishlarni davom ettirish;
-
budjet mablag’laridan maqsadli foydalanilishi va ularning asossiz sarflanishiga barham berish ustidan qat’iy nazorat o’rnatilishini ta’minlash;
-
ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini inflyatsiya sur’atlariga nisbatan ildam oshirib borish orqali aholining farovonligini izchil yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini bundan buyon ham davom ettirish;
-
vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari fondlari (budjet tashkilotlarini rivojlantirish fondlari ham shunga kiradi) mablag’lariga Davlat budjetining g’azna ijrosi mexanizmini tatbiq etsin, shuningdek Davlat bojxona qo’mitasi bo’yicha tushumlarni g’azna hisobvaraqlariga o’tkazish;
-
Davlat budjeti taqchilligini respublika budjetining zaruriy aylanma kassa mablag’idan ortiq bo’lgan bo’sh qoldiqlari hamda boshqa noinflyatsiyaviy manbalar hisobiga moliyalashtirilishini nazarda tutish.
-
Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan ko’rsatkichlari bajarilishini ta’minlash, mintaqalarning soliq solinadigan bazasini kengaytirish va moliyaviy salohiyatini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish, budjet mablag’laridan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o’rnatish.
Nazorat va muhokama uchun savollar
-
Davlat budjeti - davlat iqtisodiy siyosatining quroli sifatida?
-
Budjet siyosatining taktikasi va strategiyasi nima?
-
Budjet siyosatining asosiy yo’nalishlari qanday?
5-mavzu. Budjet tizimini boshqarish
Reja
-
Budjet tizimini boshqarish to’g’risida tushuncha.
-
Qonun chiqaruvchi organlarining budjet tizimini boshqarish sohasidagi vakolatlari
-
Ijroiya organlarining budjet tizimini boshqarishdagi ishtiroki
1. Budjet tizimini boshqarish to’g’risida tushuncha.
Budjet tizimini boshqarish ob’ekti bo’lib budjet tizimi, ya’ni turli darajadagi budjetlar va budjet mablag’lari oluvchilar yig’indisi, budjetlarni tashkil etishni va tuzish prinsiplari, budjet jarayonida ular o’rtasida, shuningdek budjetlar hamda budjet mablag’lari oluvchilar o’rtasida vujudga keladigan o’zaro munosabatlar, budjet jarayoni hisoblanadi.
Budjet tizimini boshqaruvchi sub’ektlar budjet tizimini tartibga solish va uning ijrosini ta’minlashda ishtirok etuvchi organlar hisoblanadi.
Budjeti jarayonini boshkarishni amalga oshiruvchi organlar Umumdavlat organlari: O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Hisob palatasi; Maxsus organlar: O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Bojxona qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi.
Dostları ilə paylaş: |