2. Davlat maqsadli jamg’armalarining xarajatlari
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining mablag’laridan:
ishlayotgan pensionerlarga davlat pensiyalarini to’lash;
ishlamaydigan pensionerlarga davlat pensiyalarini to’lash;
davlat pensiya ta’minoti huquqiga ega bo’lmagan qariyalar va mehnatga qobiliyatsiz fuqarolarga nafaqalar;
dafn etish marosimi uchun nafaqalar;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa xarajatlar uchun foydalaniladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo’l jamg’armasining mablag’laridan:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, saqlash, shu jumladan jihozlash (texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar olish);
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llari sohasidagi maxsus vakolatli organ, uning hududiy yo’l-ekspluatatsiya tashkilotlari boshqaruv apparati xodimlarining hamda muhandis-texnik xodimlarining va Jamg’armaning ijro etuvchi direksiyasi xodimlarining malakasini oshirish;
Jamg’armaning ijro etuvchi direksiyasini, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llari sohasidagi maxsus vakolatli organning ijro etuvchi devonini hamda uning Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy yo’l-ekspluatatsiya tashkilotlarini saqlab turish;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa xarajatlar uchun foydalaniladi.
Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag’lar jamg’armasining mablag’laridan:
xususiylashtirishdan tushgan umumiy mablag’lardan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko’ra bir yo’la to’lanadigan to’lovlar;
davlat aktivlarini olish bo’yicha belgilangan tartibda bekor qilingan shartnomalar yuzasidan mablag’larni sotib oluvchilarga qaytarish;
davlat aktivlarini realizatsiya qilish bilan bog’liq xarajatlar;
davlat korxonalarini xususiylashtirishda aksiyalarni chiqarish, saqlash va realizatsiya qilish bilan bog’liq xarajatlar;
baholash, ilmiy-tadqiqot, auditorlik, moliyaviy, konsalting tashkilotlari va boshqa tashkilotlar, mustaqil ekspertlarning amaliy tadqiqotlarni bajarish, tegishli ekspertizani o’tkazish, normativ-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish, davlat aktivlarini sotishdan oldingi tayyorgarlikni o’tkazish xizmatlari haqini to’lash xarajatlari;
yuridik shaxslarning aksiyalari, ulushlari, paylarini, shuningdek boshqa aktivlarni davlat manfaatlarini ko’zlab olish bilan bog’liq xarajatlar;
davlat aktivlarini boshqarish bo’yicha xizmatlar haqini to’lash xarajatlari;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa maqsaddagi xarajatlar uchun foydalaniladi.
Davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan mablag’lar jamg’armasining mablag’lari, ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan xarajatlar chegirib tashlangan holda, quyidagicha taqsimlanadi va yo’naltiriladi:
1) xususiylashtirishdan tushgan mablag’larga, davlat aktivlari yuzasidan tuzilgan hamda bekor qilingan oldi-sotdi shartnomalari bo’yicha jarimalar va penalar summalariga, berilgan kreditlar va qarzlardan tushgan mablag’larga taalluqli qismi:
O’zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish, bozor infratuzilmasi institutlarini shakllantirish uchun Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetiga;
bunday mablag’larni maqsadli ravishda faqat bozor infratuzilmasini rivojlantirish va tadbirkorlarni huquqiy jihatdan qo’llab-quvvatlashga yo’naltirish uchun O’zbekiston Savdo-sanoat palatasiga;
taqsimlash va boshqarish vazifalarini amalga oshirish bilan bog’liq xarajatlarni qoplash uchun, shu jumladan Xususiylashtirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonini axborot jihatidan ta’minlash va qo’llab-quvvatlash bo’yicha davlat dasturini amalga oshirish, shuningdek qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlantirish xarajatlari uchun davlat aktivlarini boshqaruvchi vakolatli organning hisobvaraqlariga yo’naltiriladi;
2) rezidentlar tomonidan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag’larga taalluqli qismi:
O’zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
Qoraqalpog’iston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetiga infratuzilmani rivojlantirish hamda hududlarni obodonlashtirish uchun maqsadli ravishda foydalanish uchun yo’naltiriladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko’rsatilgan yo’nalishlar bo’yicha taqsimlanadigan mablag’lar ulushi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
O’zbekiston Respublikasi Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasining mablag’laridan:
ishsiz deb topilgan shaxslarni kasbiy tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash xarajatlari;
ishsizlik bo’yicha nafaqalar, bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari taklifiga binoan ishlash uchun boshqa joyga ixtiyoriy ravishda ko’chib o’tish munosabati bilan kompensatsiyalar to’lash hamda ishsizlarga moddiy yordam berish;
ishsiz deb topilgan shaxslarga muddatidan ilgari pensiya tayinlanishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi xarajatlarining o’rnini qoplash;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat ishlariga haq to’lash;
nogironlar, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan boshqa toifalari mehnatidan foydalanish uchun ixtisoslashtirilgan ish o’rinlarini va ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir tadbirlarni qisman moliyalashtirish;
qonun hujjatlariga muvofiq bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarining alohida bo’linmalarini saqlab turish, shuningdek ularni moddiy-texnik jihatdan ta’minlash;
respublika miqyosida va hududiy miqyosda sotsiologik kuzatuvlarni tashkil etish va o’tkazish, bandlik masalalari bo’yicha aholining ayrim guruhlarida anketa so’rovlarini o’tkazish;
mehnat bozorining respublika va hududiy axborot tizimlarini yaratish va ularning dasturiy ta’minotini ishlab chiqish, shu jumladan texnika vositalari olish;
ish bilan band bo’lmagan aholiga yordam ko’rsatish, shu jumladan ishga joylashtirishga ko’maklashish va maslahat xizmatlari ko’rsatish bilan bog’liq xarajatlar;
aholi bandligi bilan bog’liq masalalar bo’yicha xalqaro hamkorlikni hamda xalqaro loyihalar va shartnomalarni amalga oshirishni moliyalashtirish;
chet elga ishga yuborilgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishga joylashtirilishini tashkil etish va ularning ijtimoiy muhofaza qilinishini ta’minlash bilan bog’liq xarajatlar;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasining mablag’laridan:
umumiy o’rta ta’lim va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, o’quv-laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, kompyuter texnikasi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ta’limga ko’maklashuvchi boshqa elementlari, o’quv mebeli va anjomlari bilan tizimli ravishda qayta jihozlash ishlarini moliyalashtirish;
sog’liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish;
sog’liqni saqlash muassasalarini eng yangi laboratoriya, tashxis qo’yish va davolash asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi hamda boshqa tibbiy apparatlar, maxsus mebel va anjomlar bilan jihozlash hamda tizimli ravishda qayta jihozlashni moliyalashtirish;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg’armasining mablag’laridan:
sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturlari doirasida magistral (viloyatlararo), tumanlararo, xo’jaliklararo ochiq kollektorlarni va ulardagi inshootlarni, yopiq gorizontal drenaj tarmoqlarini, vertikal drenaj quduqlarni, meliorativ nasos stansiyalarini hamda kuzatish tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tozalash;
sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturlariga kiritiladigan loyihalarni amalga oshirish bilan bog’liq loyiha-qidiruv hujjatlarini ixtisoslashtirilgan loyihalash tashkilotlari tomonidan ishlab chiqish;
ixtisoslashtirilgan qurilish va foydalanish tashkilotlari, suv iste’molchilari uyushmalarining meliorativ texnika parkini mablag’larni qaytarish asosida yangilashni, shu jumladan uzoq muddatli imtiyozli lizing shartlari asosida yangilashni moliyalashtirish tadbirlari;
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg’armasini boshqarish departamentini hamda O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining qurilayotgan korxonalar birlashgan direksiyalarining melioratsiyaga taalluqli qismini saqlab turish;
sug’oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa ishlar uchun foydalaniladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Oliy o’quv yurtlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg’armasi mablag’laridan:
oliy o’quv yurtlarining o’quv-laboratoriya korpuslarini, sport zallarini va talabalar yashab turgan joylarni hamda boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish;
oliy o’quv yurtlarining o’quv-laboratoriya korpuslarini, sport zallarini, talabalar yashab turgan joylarni hamda birgalikda foydalaniladigan oliy o’quv yurtlariaro ilmiy-laboratoriya komplekslarini mebel, zamonaviy o’quv-laboratoriya asbob-uskunalari va ilmiy asbob-uskunalar, axborot-kommunikatsiya texnikasi va sport anjomlari bilan jihozlashni moliyalashtirish;
belgilangan tartibda aniqlanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
3. Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg’armalari xarajatlari
Budjet tashkilotining rivojlantirish jamg’armasi hamda Tibbiyot tashkilotlarining moddiy rag’batlantirish va rivojlantirish jamg’armasi mablag’laridan:
vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalarini va mavjud kreditorlik qarzlarini to’lash;
budjet tashkilotining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash tadbirlari;
budjet tashkiloti xodimlarini moddiy rag’batlantirish tadbirlari uchun foydalaniladi.
Budjet tashkilotida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik bo’yicha to’lanmagan nafaqalar va muddati o’tgan kreditorlik qarz mavjud bo’lgan taqdirda, Budjet tashkilotining rivojlantirish jamg’armasi mablag’lari birinchi navbatda ushbu qarzlarni to’lash uchun sarflanadi.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi va to’rtinchi xatboshilarida ko’rsatilgan yo’nalishlar bo’yicha taqsimlanadigan mablag’lar ulushi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan budjet tashkilotlariga ko’rsatilgan homiylik mablag’larining jami summasi, agar homiy tomonidan boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, budjet tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun sarflanadi.
Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamg’armalari mablag’laridan:
moddiy-texnik bazani mustahkamlash;
xodimlarni moddiy rag’batlantirish;
boshqa xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamg’armalari mablag’lari hisobidan xodimlarning qo’shimcha sonini saqlab turish taqiqlanadi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan hollar bundan mustasno.
Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamg’armalari mablag’larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nazorat va muhokama uchun savollar
-
Davlat budjeti xarajatlar tizimi nimalardan iborat?
-
Davlat budjeti xarajatlarini maqsadiga muvofiq qanday turlarga ajratiladi?
-
Davlat budjeti xarajatlari qanday shakllarda amalga oshiriladi?
-
Davlat budjetining kapital xarajatlari nima?
-
Davlat budjetining joriy xarajatlari nima?
-
Budjet transfertlari nima?
-
Davlat budjeti xarajatlarining asosiy qismini qaysi xarajatlar tashkil etadi?
-
Davlat budjeti xarajatlaridagi tarkibiy o’zgarishlar nimalarga bog’liq?
-
Hozirgi kunda Davlat budjeti xarajatlarida qanday o’zgarishlar amalga oshirilmoqda?
9-mavzu. Budjet jarayoni
Reja
-
Budjet jarayoni va uning bosqichlari.
-
Budjetni tuzish, ko’rib chiqish va tasdiqlash tartibi.
-
Budjet ijrosini tashkil etish.
1. Budjet jarayoni va uning bosqichlari
Budjet jarayoni - davlat budjetini tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish va ijro etish, uning ijrosini nazorat qilish, ijrosi haqidagi hisobotni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek davlat budjeti tuzilmasiga kiruvchi budjetlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning qonun hujjatlari bilan tartibga solingan jarayon.
Budjet jarayonining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
-
muvozanatlangan bozorga kirib borish yo’lida muhim taraqqiyotga erishish maqsadlarida iloji boricha ko’proq moddiy va moliyaviy zaxiralarni izlab topish;
-
budjet daromadlarini alohida soliqlar va boshqa to’lovlar, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognozlari va maqsadli dasturlariga muvofiq holda umumiy hajmi bo’yicha belgilash;
-
budjet xarajatlarini mo’ljallangan vazifalar bo’yicha, shuningdek budjetning umumiy hajmini nazarda tutilgan umumdavlat ahamiyatiga molik jami tadbirlarni uzluksiz moliyalashtirish ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda belgilash;
-
budjetni iqtisodiyotdagi inflyatsiya tendensiyalarini bartaraf etish va milliy pul tizimning barqarorligini mustahkamlashga yo’naltirilgan umumiy moliyaviy barqarorlashtirish dasturi bilan muvofiqlashtirish;
-
iqtisodiy maqbul manbalar hisobidan budjet taqchilligini qisqartirish va tugatish;
-
turli darajadagi budjetlarni balanslanishini ta’minlash maqsadlarida davlat daromadlari manbalarini shu budjetlar o’rtasida, shuningdek xo’jalik sohalari va iqtisodiy mintaqalar o’rtasida qayta taqsimlash yo’li bilan budjet boshqaruvini amalga oshirish;
-
barcha yillik miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning mutanosibligi va balanslanganligini ta’minlash maqsadlarida istiqbolga mo’ljallangan budjetni rejalashtirish prognozlash rolini oshirish;
-
yuridik shaxslar va ayrim fuqarolarning o’z soliq majburiyatlarini bajarishlarida ularning moliyaviy faoliyatini va daromadlari ustidan nazoratni kuchaytirish;
-
elektron hisoblash texnikasidan keng foydalangan holda moliyaviy hisob-kitoblarni avtomatlashtirish tizimi orqali budjetlarni tuzish va uning ijrosi jarayonlarini avtomatlashtirish.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan muddatlarda kelgusi moliya yiliga:
tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg’armalari loyihalarini tayyorlash uchun-Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Тoshkent shahar hokimlariga, davlat maqsadli jamg’armalarini taqsimlovchi organlarga;
budjetdan ajratiladigan mablag’larni olishga buyurtmalar tuzish uchun-respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet mablag’lari oluvchilarga budjet so’rovi yuboradi.
2.Budjetni tuzish, ko’rib chiqish va tasdiqlash tartibi
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Тoshkent shahar hokimlari budjet so’rovi olinganidan keyin uch kunlik muddat ichida tegishli budjetlar loyihalarini tuzish, ushbu loyihalarni tayyorlash tartibini va muddatlarini belgilash yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Тoshkent shahar moliya organlari ushbu moddaning ikkinchi qismida ko’rsatilgan qarorlar qabul qilinganidan keyin uch kunlik muddat ichida:
tegishli budjetlar loyihalarini tayyorlashi uchun-tuman va shahar hokimlariga;
Qoraqalpog’iston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlardan budjet mablag’lari olishga buyurtmalar tuzish uchun-Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Тoshkent shahar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet mablag’lari oluvchilarga budjet so’rovlari yuboradi.
Viloyatga bo’ysunadigan shaharlarning, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning hamda shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning hokimlari budjet so’rovi olinganidan keyin uch kunlik muddat ichida tegishli budjetlar loyihalarini tuzish, bu loyihalarni tayyorlash tartibini va muddatlarini belgilash yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Тuman va shahar hokimliklarining moliya organlari ushbu moddaning to’rtinchi qismida ko’rsatilgan qarorlar qabul qilinganidan keyin uch kunlik muddat ichida tumanlar va shaharlarning budjetlaridan budjet mablag’lari olish uchun asoslangan buyurtmalar tuzish uchun-shu tuman va shahar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet mablag’larini oluvchilarga budjet so’rovlari yuboradi.
Budjetdan ajratiladigan mablag’lar olish uchun beriladigan buyurtma shakli va uni tuzish tartibi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Kelgusi moliya yiliga budjetdan ajratiladigan mablag’lar olishga buyurtmalar:
Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan budjet mablag’lari oluvchilar tomonidan joriy yilning birinchi iyunidan kechiktirmay tegishli moliya organlariga;
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet mablag’lari oluvchilar tomonidan joriy yilning birinchi iyulidan kechiktirmay O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Kelgusi moliya yiliga tegishli budjetlar loyihalari:
tumanlar va shaharlar hokimliklari moliya organlari tomonidan mahalliy hokimiyat vakillik organlari belgilagan tartibda va muddatlarda, biroq joriy yilning yigirma beshinchi iyunidan kechiktirmay yuqori moliya organlariga;
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Тoshkent shahar hokimlari, davlat maqsadli jamg’armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan-O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va muddatlarda, biroq joriy yilning birinchi iyulidan kechiktirmay O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kelgusi moliya yiliga mo’ljallangan Davlat budjeti loyihasini tayyorlaydi, uni joriy yilning o’n beshinchi sentabrigacha O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi hamda Davlat budjeti loyihasini O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli xulosasi bilan birga joriy yilning birinchi oktabrigacha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti loyihasini budjet mablag’lari oluvchilar taqdim etgan buyurtmalarga va Davlat budjetining tuzilmasiga kiruvchi budjetlar loyihalariga muvofiq tayyorlaydi.
Kelgusi moliya yiliga mo’ljallangan Davlat budjeti loyihasi:
1) budjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladigan Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarini;
2) umumdavlat soliqlaridan Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Тoshkent shahar budjetlariga ajratmalar normativlari, shuningdek mazkur budjetlarning daromadlari, shu jumladan budjet dotatsiyalari va budjet subvensiyalari hamda xarajatlari miqdorlarini;
3) Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Тoshkent shahar budjetlarining aylanma kassa mablag’i me’yori miqdorlarini;
4) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg’armasining, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Тoshkent shahar budjetlari zaxira jamg’armalarining nazarda tutilmagan xarajatlarni qoplashga tegishli budjet mablag’lari yo’naltirilishi mumkin bo’lgan doiradagi miqdorlarini;
5) Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori miqdori va uni moliyalashtirish manbalarini;
6) davlat ichki va tashqi qarzlarining, davlat tomonidan beriladigan kreditlar hamda kafolatli jamg’armaning eng yuqori miqdorlarini o’z ichiga oladi.
Kelgusi moliya yiliga mo’ljallangan Davlat budjeti loyihasini tayyorlash jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri amalga oshiradi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakil qilingan vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, shuningdek tegishli tashkilotlar bilan birgalikda quyidagilarni o’z ichiga olgan budjetnoma loyihasini ishlab chiqadi va birinchi oktabrgacha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:
1) mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning o’tgan yilgi asosiy yakunlari va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilgi yakunlarining prognoz bahosi;
2) o’tgan yilgi Davlat budjeti ijrosi to’g’risidagi hisobot O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tegishli xulosasi bilan va joriy yilgi Davlat budjetining kutilayotgan ijrosi bahosi;
3) kelgusi yilga mo’ljallangan Davlat budjeti loyihasini tuzishda asos bo’lgan kelgusi yilning asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari;
4) mamlakat budjet va soliq siyosatining kelgusi yilgi asosiy yo’nalishlari loyihasi O’zbekiston Respublikasi Іisob palatasining tegishli xulosasi bilan;
5) mamlakat budjet va soliq siyosatining kelgusi yilgi asosiy yo’nalishlariga sharhlar;
6) davlat ichki va tashqi qarzlari hamda ular bo’yicha xarajatlar holati to’g’risidagi ma’lumotlar;
7) kelgusi moliya yiliga mo’ljallangan Davlat budjeti loyihasi O’zbekiston Respublikasi Іisob palatasining tegishli xulosasi bilan.
Budjetnoma O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning o’n beshinchi oktabridan kechiktirmay O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritiladi.
Davlat budjeti O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinadi.
Davlat budjetiga muvofiq:
Qoraqalpog’iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Тoshkent shahar budjetlari Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin ikki haftalik muddat ichida tegishli ravishda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi hamda viloyatlar va Тoshkent shahar hokimiyat vakillik organlari tomonidan;
Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar tarkibiga kiruvchi tumanlar va shaharlar budjetlari Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar budjetlari qabul qilinganidan keyin bir haftalik muddat ichida tuman, shahar hokimiyat vakillik organlari tomonidan;
shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlar budjetlari va tuman bo’ysunuvidagi shaharlar budjetlari belgilangan muddatlarda mahalliy hokimiyat yuqori turuvchi vakillik organlari tomonidan qabul qilinadi.
3.Budjet ijrosini tashkil etish
Davlat budjeti daromadlari soliq, bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq shakllantiriladi.
Hisoblab chiqarilgan, biroq joriy yilning o’ttiz birinchi dekabrigacha Davlat budjetiga to’lanmagan daromadlar kelgusi yilda Davlat budjetiga o’tkazilishi kerak.
Budjet mablag’lari oluvchilarning xarajatlari budjetdan ajratiladigan mablag’lar doirasida moliya yili uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida tayinlash sertifikatini muayyan davrga va summaga rasmiylashtirish orqali, shuningdek budjet mablag’lari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat ko’rsatuvchi) bilan tuzilgan va ro’yxatdan o’tkazilgan shartnomasi asosida:
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar bo’yicha - qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi yoki uning hududiy bo’linmalari tomonidan;
Qoraqalpog’iston Respublikasi budjetidan yoki mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan tashkilotlar bo’yicha - O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligining hududiy bo’linmalari tomonidan to’lanadi.
Agar kelgusi moliya yili uchun Davlat budjeti yil boshlangunga qadar qabul qilinmagan bo’lsa, u holda Davlat budjeti qabul qilingunga qadar bo’lgan davrda davlat xarajatlari quyidagi shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi:
boshlangan moliya yilidagi xarajatlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda avvalgi moliya yilining oxirgi choragidagi budjetdan ajratiladigan mablag’larning uchdan bir qismidan ortiq bo’lmagan miqdorlarda, ularni boshlangan moliya yilida amalga oshirilishi rejalashtirilmagan xarajatlar summasiga aniqlashtirilgan holda, har oyda amalga oshiriladi.
avvalgi moliya yilida qilinmagan budjet xarajatlari amalga oshirilmaydi;
avvalgi moliya yilida amalda bo’lgan soliq solish va majburiy to’lovlar to’lash tartibi Davlat budjeti qabul qilingunga qadar o’z kuchini yo’qotmaydi.
Davlat budjeti moliya yili boshlanganidan keyin qabul qilingan taqdirda xarajatlarning umumiy summasi moliya yili mobaynida qabul qilingan Davlat budjetiga muvofiqlashtirilishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |