Ikkinchidan, ba’zi juz’iy farqlanishlardan qat’i nazar, dunyodagi barcha musulmonlar uchun islom axloqiy meyorlari umumiy bo‘lgani sababli unda milliy o‘ziga xosliklar odatan e’tiborga olinmaydi, boshqacha qilib aytganda, islom axloqini aniq makon va zamonga tatbiq etishda muayyan darajada mavhumlik saqlanib qoladi. Chunki, masalan, Hindiston yoki Indoneziya sharoiti bilan Markaziy Osiyo xalqlari yashayotgan muhit, yoki hozirgi Rossiya musulmonlari hayot kechirayotgan holat bir-biridan ancha-muncha farq qiladi va doim ham bir mintaqadagi tartib-qoidalarni shundayligicha boshqasiga tatbiq qilish doimo mumkin bo‘lavermaydi. Qolaversa, Yangi davrga kelib milliy axloqimiz dunyoviy tamoyillar bilan boyiganligini, xalqimiz o‘z o‘tmish merosi va jahon madaniyatidan ko‘p yangi jihatlarni o‘zlashtirganligini ham yodda tutmog’imiz kerak.
Shularni nazarda tutgan holda, yuqorida ta’riflangan islom axloqiga oid asosiy axloqiy fazilatlarni bevosita milliy axloqimizda qanday akslanishini tadqiq etish uchun yana ma’naviyat va axloq nisbati masalasiga murojaat etishga ehtiyoj sezamiz. Gapni shaxs ma’naviyatining ta’rifini eslashdan boshlaymiz. Bu ta’rifga ko‘ra, ma’naviyatni inson ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg’unlik deb atagan edik. Inson ruhining Borliq haqiqati bilan uyg’unlashuvi esa qator bosqichlarni bosib o‘tishi va bu bosqichlar milliy ma’naviyatimizda bosh ma’naviy qadriyatlar sifatida e’tirof etilishini “Ma’naviyatning ilmiy asoslari” kursida ta’kidlab o‘tgan edik. Agar biz oldingi bobda tilga olingan axloqiy fazilatlarni mana shu bosh ma’naviy qadriyatlar bilan o‘zaro bog’lab tahlil etmasak, milliy axloq haqidagi tasavvurlarimiz muayyan darajada mavhumligicha qolaberadi1.
Masalan, bosh ma’naviy qadriyatlarimizning birinchisi va asos-poydevori bo‘lmish Vatan tuyg’usini olaylik va unga poklik axloqiy timsol-tushunchasini tatbiq etaylik. Biz milliy ma’naviyat nazariyasiga oid darslarimizda Vatan timsol-tushunchasining besh ma’nosi haqida gapirib o‘tgan edik. Milliy axloqimizda muhim o‘rin tutuvchi poklik timsol-tushunchasini ana shu ma’nolarning har biriga tatbiq etadigan bo‘lsak, shundagina Vatan pokligini saqlash nima degani ekanligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lamiz. Avvalo, islomda badan pokligiga, uning zohiriy va botiniy jihatlariga juda katta e’tibor beriladi-ki, yuqorida bu haqda muayyan tasavvur berildi. Undan keyingi bosqichda xonadonni pok saqlash masalasi qo‘yiladi. Bunda faqat odam o‘zi yashab turgan maskanini ozoda va sarishta saqlashi bilan ish bitmaydi, masalaning botiniy va muhim jihati oila a’zolarining xalqumini va ruhini pok saqlashdir-ki, bu haqda batafsil izoh va o‘gitlarni istedodli va kuyunchak shoiramiz Tursunoy Sodiqovaning mustaqillik yillarida nashr etilgan qator kitoblaridan topishimiz mumkin. Qo‘rqmay aytish mumkinki, o‘zi va oila a’zolarining xalqumini pok saqlashga havsala qilmagan odam Vatanni pok saqlash uchun jonbozlik ko‘rsatadi, deb o‘ylash xom fikrdir.
Dostları ilə paylaş: |