Moniy ta’limoti yurtimizda buddaviylikdan keyin keng tarqalgan edi. u zardo‘shtiylik va xristianlikning sintezlashuvi natijasida vujudga kelgan. Moniy fors va arab tillarida bir necha risolalar yozgan. Lekin ular bizgacha yetib kelmagan. Moniy hatto «Moniylik yozuvi» nomli alifbo ham tuzgan. uning ta’limoticha, hayotda dastavval nur dunyosi - yaxshilik va zulmat dunyosi- yovuzlik bo‘lgan. Ular o‘rtasida abadiy kurash boradi, inson ikki unsurdan (ruh — nur farzandi, jism — zulmat mahsuli) iborat. Moniylik xalq ommasi manfaatlarini himoya qiluvchi ta’limot bo‘lgani sababli hukmron mafkura qarshiligiga duch kelgan.
Markaziy Osiyoda vujudga kelgan qadimgi falsafiy ta’limotlar, ular ilgari surgan g‘oyalar bugungi kunda ham muhim ahamiyatiga ega. Sanab o‘tilgan qadimgi diniy-falsafiy ta’limotlar, ya’ni zardo‘shtiylik, uning bosh kitobi — «Avesto», Moniy ta’limoti, «Moniy yozuvi», mazdakiylik harakati jamiyatda adolat, erkinlik, teng huquqlilik tamoyillarini qaror toptirishiga da’vat etgan. Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan Muqanna boshchiligidagi harakat nafaqat O‘rta Osiyoda, balki jahonning boshqa o‘lkalarida ham aks-sado bergan. Vatanimizning o‘sha davrda shakllangan va rivojlangan boy madaniyati, milliy ma’naviyatimiz, falsafamiz jahon sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan.
Sirasini aytganda, mamlakatimiz tarixi islom dini yurtimizga kirib kelgan davrdan boshlanmaydi. U islomga qadar ham ming yillar mobaynida rivojlanib kelgan shonli tarixiga ega. Lekin, afsuski, Vatanimizning ana shu davr tarixi nihoyatda kam o‘rganilgan. Bu davrga oid manbalarning aksariyati esa yo‘q qilib yuborilgan. Bu vayronkorlikning boshida miloddan avval makedoniyalik Aleksandr turgan bo‘lsa, mamlakatimizni zabt etgan keyingi bosqinchilar ham ana shu yo‘ldan borgan. Ular xalq ongidan mustaqillik va erkin hayot to‘g‘risidagi maqsad-muddaolarni butunlay yo‘qotib yuborishga urinishgan. Buning natijasida ma’naviy qashshoq va tarixiy xotirasiz kishilar tarbiyalanishi lozim edi. Bosqinchilar Movarounnahrda nihoyatda boy madaniyat shakllanganini e’tirof etgan. Ammo uning bosqinchilik g‘oyalariga mos kelmaydigan juda ko‘p namunalarini ayovsiz yo‘q qilishgan. Ayniqsa, ma’naviy qadriyat va madaniy boyliklarni shafqatsizlarcha g‘orat qilish asosiy o‘rinda turgan. Yurtimizda arablar istilosiga qadar ustuvor bo‘lgan ma’naviy va madaniy durdonalar qadrini yaxshi anglaydigan va ularning ahamiyatini to‘g‘ri tushunadigan kishilar birinchi navbatda yo‘q qilib yuborilgan. Bu to‘g‘rida Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida quyidagilarni yozgan: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o‘rgangan va bilimini boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib va butkul yo‘q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib bo‘lmaydigan darajada yashirin qoldi». Ushbu asarning boshqa sahifasida ulug‘ vatanparvar olim yuqoridagiga o‘xshash yana bir fikrni quyidagicha ifoda etgan: «Qutayba xorazmliklarning kotiblarini halok etib, bilimdonlarini o‘ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz bo‘lib, o‘z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga suyanadigan bo‘ldilar».
Beruniy zamonida islom yagona hukmron diniy mafkura bo‘lib turganini e’tiborga olsak, zikr etilgan asar va undagi teran fikrlarni bunday o‘ktamlik bilan aytish g‘oyat ulkan jasoratni talab etgani ayon bo‘ladi. Istilochilarning bunday vayronkor siyosati keyin ham davom etgan. Xususan, mustabid sho‘rolar mafkurasi hukmronlik qilgan davrda ham ana shunday hol ro‘y bergan. Nihoyatda boy qadriyatlarimiz, falsafiy ta’limotlarimiz, umuman o‘z merosimizdan bebahra bo‘lib qoldik.
Istiqlol tufayli ajdodlarimiz yaratgan boy va o‘lmas madaniy merosni o‘rganish imkoni tug‘ildi. Tarixiy xotirani tiklash, xalqimiz qalbida milliy qadriyatlarga sodiqlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish hozirgi kunda ma’naviy hayotning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Mazkur mavzuga asos bo‘lgan davr falsafasi arab istilosi va mamlakatimizda islom dinining taraqqiy etishi bilan uzviy bog‘liqdir. Bu falsafa, ba’zi chet ellik mutaxassislar aytgani kabi, faqat arablar madaniyatining bir qismi emas. Balki bizning Vatanimiz farzandlari ulug‘ bobokalonlarimizning islom diniga, islom falsafasiga, butun arab dunyosi va jahon sivilizatsiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan ta’limotlari dunyoga kelgan davr falsafasi hamdir.
Shu bilan birga, bu ajdodlarimizning bosqinchilarga qarshi kurashini aks ettirgan, xalqimiz madaniyati va ma’naviyati nihoyat darajada rivojlanganini butun jahonga yaqqol namoyon qilgan davr falsafasidir.
Bu Muqanna kabi milliy qahramonlarimiz keng xalq ommasiga bosh bo‘lib ozodlik kurashi olib borgan paytlarda elning ruhini ko‘tarib, ilhomlantiruvchi ezgu g‘oyalar shakllangan davr falsafasidir.
Bu Amu va Sirdaryo bo‘ylarida yashagan xalqning dahosi eng yuksak darajaga ko‘tarilgan, uning atoqli namoyandalari jahon madaniyati sahifalariga o‘zlarining o‘chmas nomlarini muhrlab ketgan davr falsafasidir. Bu falsafaning xususiyatlari o‘sha davrda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi.
Mazkur mavzuni o‘rganishdan maqsad, Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, yosh avlod qalbida mafkuraviy immunitetni shakllantrish, «Yoshlarimizning iymon-e’tiqodini mustahkamlash, irodasini baquvvat qilish, ularni o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan barkamol insonlar etib tarbiyalash. Ularning tafakkurida o‘zligini unutmaslik, ota-bobolarning muqaddas qadriyatlarini asrab-avaylash va hurmat qilish fazilatini qaror toptirish»dan iborat.
Dostları ilə paylaş: |