13. Tekstologik belgilarni aniqlash usuli. Qo‘lyozma asarlar o‘z ko‘chirilish tarixining muayyan bosqichlarida boshqa nom ostida ko‘chirilishi ham mumkin. Asarning xalq orasida mashhur bo‘lgan nomi yoki shu janr guruhiga kiruvchi atamalar bunga sabab bo‘ladi (masalan, “Hidoya”, “Muxtasar”, “Viqoya” yoki “Xazoyin ul-maoniy”, “Chor devon” kabilar). Asarning asl nomini tiklash uchun matnshunos o‘zi tadqiq etayotgan qo‘lyozma asarning nusxalarini qiyosan o‘rganib, saralash yo‘li bilan ular orasidan matni aynan takrorlanayotganlarini ajratib oladi. Ularning ahamiyatga ega o‘xshash jihatlarini, ya’ni tekstologik belgilari o‘rtasidagi mutanosiblikni tiklaydi. Nomi bir xil bo‘lgan matnlar o‘rtasida farq bor yoki yo‘qligini kuzatadi. Tekstologik belgilar barcha tavsifiy alomatlar, tahrir izlarini o‘z ichiga oladi.
14. Matnni tiklash (rekonstruksiya) usuli. Matnshunos asosiy matnni tuzishda qo‘lyoma asar nusxalarida uchraydigan farqlar, tushirib qoldirish yoki qo‘shib yozish kabi holatlarga duch keladi. Ularning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirish va aniq to‘xtamga kelgandan so‘ng asosiy matnga tuzatish kiritish matnshunosdan katta mehnatni talab qiladi. Bu jarayonda yuqorida tilga olingan ayrim usullardagi kabi qadimiyroq nusxalarga tayanish ish bermaydi. Matnshunos birlamchi matn bilan o‘zi tuzatayotgan asosiy matn orasida ko‘chirilgan nusxalardagi matn bo‘lagini chiroyli va yaxshi o‘qilayotgani nuqtai nazaridan emas, mantiq jihatidan bog‘lanishi va muallifning g‘oyaviy-badiiy saviya va darajasiga mutanosibligi jihatidan kelib chiqib tahlil qilishi lozim.
15. Matnni sanalashtirish usuli. Matnning sanasi bo‘lmagan taqdirda matnshunos nusxalardagi tafovutlar, birlamchi matn varianti haqida xulosa chiqarishga qiynaladi. Qo‘lyozma asarni yoki uning nusxasini sanalashtirish nusxaning tavsifiy belgilari, qog‘ozi yoki hoshiyalardagi qaydlar vositasida taxminan belgilanishi mumkin. Sananing belgilanishi nusxalar tahriri va boshqa xronologik voqealarning matn ko‘chirilishi bilan bog‘liq jarayonlarga ta’sirini aniqlash uchun muhimdir.
16. Matnning yaratilish joyini aniqlash usuli. Matn muallifi aniq bo‘lmagan holatlarda matnning yaratilish joyiga qarab muayyan xulosalarga kelish mumkin. Bunda matn voqealari bayoni, hoshiyalar va ochiq sahifalardagi qaydlar, muhrlar kabi matn tarixini ochishga imkon beradigan barcha imkoniyatlar o‘rganiladi. Matndagi shevaga xos fonetik, morfologik va leksik shakllar, muayyan makonga xos marosim va urf-odat, an’analar matnning yaratilish joyini aniqlashda yaxshi ko‘rsatkich bo‘la oladi.
17. Atributsiya va ateteza. Atributsiya deganda matn muallifini aniqlash tushuniladi. Ateteza esa, muayyan asarning muallifi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan taqdirda uni noo‘rin mualliflikdan himoya qilishga aytiladi. Atributsiya holatida matnshunos matnning, masalan, g‘azaliyot bo‘ladigan bo‘lsa, maqta’dagi taxallus vositasida, matn klassifikatsiyasi, sanalarni belgilash, tekstologik belgilar, matnning yaratilish joyini aniqlash kabi bir qancha tekstologik tadqiq usullaridan foydalanib, muallif nomi va tarjimai holini tiklashi mumkin. Ateteza holatida esa, bahs qilinayotgan muallifning barcha asarlari qiyosan o‘rganilib, hududiy va davriy, g‘oyaviy, uslubiy, tekstologik jihatdan kompleks tadqiq amalga oshiriladi va xulosa chiqariladi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadqiq usullari matnshunoslikning qo‘lyozmalar bilan bog‘liq faoliyat sohasida qo‘llanadi. Zamonaviy adabiyotlar, adabiy arxiv materiallari, davriy matbuot tadqiqi bilan shug‘ullanadigan matnshunoslik tadqiq usullari ulardan farq qiladi.
Tekstologik prinsiplar tuzilajak matn shakllariga bog‘liq ravishda qo‘llanadi. Matnshunos barcha nusxalarni kuzatuvga olish, nusxalarni saralash, asarning qadimiy, ishonchli nusxasini tayanch nusxa sifatida olish, asar mazmuni, g‘oyasi, matn tarixini chuqur o‘rganish va aniq xulosaga kelish, jalb etilgan nusxalar matnini tanqidiy o‘rganish, matniy o‘zgarishlarni ilmiy apparatda qayd etish, matn shaklini yodgorlik yozilgan grafikada nashr qilish prtinsiplari asosida ish ko‘radi.
Shular bilan birga muayyan shaklda tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan umumiy prinsiplar ham bor. Bunday prinsiplar matniy tafovutlarni jadvallarda ko‘rsatish, matn strukturasini saqlash, nashr yordamchi ilmiy apparatini qo‘llash, jalb etilgan nusxalarni saralash, ularni tayanch, yordamchi va nazorat nusxalariga ajratish, qo‘lyozma nusxada yordamchi nusxalarni shartli belgilar bilan nomlash, original yozuvni saqlash, transliteratsiya kabi bir qancha prinsiplardan iborat.