7. Kon’ektura yo‘li bilan matnni tiklash usuli. Kon’ektura deganda matn kontekstidan kelib chiqib matndagi xato yozilgan o‘rinlar yoki o‘qib bo‘lmas darajada o‘chib ketgan so‘z va jumlalarni tiklash tushuniladi. Kon’ektura faqat beixtiyor ravishda yoki e’tiborsizlik tufayli yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga nisbatan qo‘llanadi.
8. Qo‘shimchalar va tushirib qoldirishlarni aniqlash usuli. Manbalar qiyosiy o‘rganilganda, ko‘pincha, bir nusxadagi muayyan matn bo‘lagi ikkinchi nusxada tushib qolgan bo‘ladi. U chindan tushib qolganmi yoki aksincha birinchi manbadagisi qo‘shilib qolganmi, bu har ikkala manbani jiddiy tekshirishdan o‘tkazishni talab qiladi. Ushbu tadqiq usuli har ikkala manbaning o‘z “qiyofadosh”larini to‘plashdan boshlanadi. Ikki guruh manbalarini o‘rganish asosida eng qadimiysi aniqlanadi, so‘ng o‘zgarishga uchragan manba davrigacha ko‘chirilgan manbalardagi holat o‘rganiladi. O‘zgarishga uchragan nisbatan qadimiyroq manba uchragan taqdirda, uning tavsifiy, davriy va hududiy belgilarini o‘rganish orqali o‘zgarish bo‘yicha xulosa chiqariladi.
9. Gloss va interpolyasiyalar tahlili. Qo‘lyozma nusxalarning hoshiyalarida uchraydigan izohlar, to‘ldirishlar, konkretlashtiruvchi mulohazalar, boshqa manbalarga havolalar, Qur’oni karim oyatlari yoki hadislardan shu munosabat bilan keltirilgan misollar matnshunoslikda gloss deb ataladi. Ular asosiy matndan alohida bo‘lib, umumiy mazmunni to‘ldirishga xizmat qiladi. Zamonaviy matnshunoslikda izohlar nomi ostida keltiriladigan barcha ma’lumotlar glossga taalluqlidir. Qadimiy manbalarda ularni sahifadagi asosiy matn hoshiyasida yozish rasm bo‘lgan. Ammo qo‘lyozmadan nusxa ko‘chirish jarayonlarida ayrim xattotlar hoshiyadagi bitiklarni asosiy matnga qo‘shib yuborgan holatlar ham uchraydi. Bunday o‘zboshimcha tahrir interpolyasiya deyiladi. Interpolyasiyani asosiy matndan ajrata olish matnshunos oldida turgan murakkab vazifalardandir. Matnshunos asosiy matnning o‘ziga xos uslubi va strukturasini jiddiy o‘rganish orqali interpolyasiyani aniqlashi mumkin. SHuningdek, qo‘lyozma matnining ilgari o‘chib ketishi, yirtilishi natijasida ma’no mavhumligiga sabab bo‘lgan o‘rinlarini va ayni shu nusxadan ko‘chirilgan keyingi nusxalardagi matn bo‘laklarini qiyoslash orqali interpolyasiyani ajratib olish mumkin.
10. Qo‘lyozma nusxalar o‘rtasidagi farqlar tahlili. Matnshunos qo‘lyozma asar nusxalari ustida ishlar ekan, ularning qaysi matndan ko‘chirilganligini aniqlashi nusxalar o‘rtasidagi farqlarning paydo bo‘lish sabablarini oydinlashtiradi. Bu jarayonda nusxalardagi matniy o‘zgarishlar xronologik tartibda guruhlashtiriladi va eng qadimiy nusxalar bilan solishtiriladi. Ushbu tahlil natijasida asarning dastlabki varianti haqida muayyan tasavvurga kelinadi.
11. Nusxalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va munosabatni aniqlash usuli. Qo‘lyozma va toshbosma usullarida chop etilgan asarlar o‘rganilayotganida muayyan asarning qaysi matn asosida ko‘chirilganligini aniqlash muhim hisoblanadi. O‘rganilayotgan asar asl nusxa yoki yagona kopiya sifatida etib kelgan bo‘lsa, tabiiyki, ushbu usul qo‘llanmaydi. Biroq asl nusxa ham, ko‘plab kopiya nusxalar ham mavjud bo‘lgan taqdirda matn tarixini yoritish nuqtai nazaridan, shuningdek, nusxalarning jo‘g‘rofiy-hududiy va davriy jihatdan ko‘p yoki kam ko‘chirilganligi, sifat darajasiga qarab o‘sha davrlardagi adabiy jarayonlar va mazkur asarga bo‘lgan munosabat aniqlanadi.
12. Matnlarni klassifikatsiya qilish (tasniflash) usuli. Matnlar janr va nashr turlari bo‘yicha tasniflanadi. Janr turlariga adabiy (devon, doston-masnaviy, qasida va shu kabilar), tarixiy (tarix-yilnomalar, tazkira-esdalik, manoqib, vaqfiya va shu kabilar), yozishmalar (maktubot, ruq’aot, munshaot va shu kabilar), diniy (tafsir, ta’vil, fiqh, kalom, tasavvuf va shu kabilar), fan sohalariga bag‘ishlangan matnlar kiradi. Turli to‘plamlar, monografik risolalar, majmualar, bayozlar shaklida ko‘chirilgan yoki toshbosma usulida chop etilgan asarlar nashr turlari bo‘yicha tasniflanadi.Tasniflash matnshunos uchun muhim ahamiyatga ega. Zero, tadqiq etilayotgan matn turli janr va nashr turlariga xos belgilarga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, tazkiralarda biografik ma’lumotlar bilan birga she’rlardan parchalar, xatlardan namunalar yoki tarixiy lavhalar qorishiq keladi. Devonlar esa, muayyan strukturaga ega bo‘lib, bu tartib buzilishi uning majmuaga aylanib qolishiga olib keladi. Bayozlar tazkiralar kabi to‘plam-antologiyalar xarakterida bo‘lsa-da, ularning tarkibini shoirlar ijodlaridan namunalar tashkil etadi.