Rus matnshunosligida tadqiq usullari birinchi marta D. Lixachevning “Tekstologiya” qisqacha ocherkida uchraydi. O‘zbek matnshunosligiga ularning hammasini ham tatbiq etib bo‘lmaydi. Biroq o‘zbek matnshunoslari qo‘llagan quyidagi tadqiq usullari haqida gapirish mumkin:
1. Matniy tafovutlarni tahlil qilish usuli. Matniy tafovutlarni tahlil etish “asl” yoki “dastlabki” matnni tiklash yo‘lida o‘tilishi shart bo‘lgan bo‘g‘indir. Matnshunos matn tarixidagi barcha davriy o‘zgarishlarni kuzatib, ularning sodir bo‘lish sabablarini aniqlashi juda muhim. Tahlil oddiy farqlarni o‘rganishdan boshlanib, oxirida umumlashtiruvchi xulosalarga kelish bilan tugaydi. Farqlar qo‘lyozma nusxalari orasida, xronologik tartibda, makon va hudud tartibida guruhlashtirilgan holda qiyoslanadi. Matniy tafovutlar xattot va kotiblar tomonidan so‘zni noto‘g‘ri o‘qish sababli, shuningdek, muallif yoki kotib tomonidan ongli ravishda qilingan tahrir tufayli paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Matnshunos farqlarning sababini aniq belgilashi lozim. Shundagina matn tarixi ob’ektiv ko‘rinish kasb etishi mumkin.
2. Asosiy matn tuzish usuli. Asosiy matn tuzish matnshunoslik tadqiq usullarini kompleks ravishda ishga tushirishni taqozo etadi. Asosiy matn tuzish, bu – muallifning asl, birlamchi matnini tiklash emas. Muallif matnining asl holatini tiklash deyarli mumkin emas. Matnshunos faqat matnning muallif variantiga yaqin ko‘rinishini tuzishi mumkin. Asosiy matn deyilganda, matnshunos tomonidan nashr uchun tuziladigan qo‘lyozma asarning so‘nggi varianti nazarda tutiladi.
3. Ko‘chirishdagi xatoliklarni tahlil qilish usuli. Qo‘lyozma nusxani ko‘chirish jarayoni to‘rt harakat majmuidan iborat bo‘lib, tanlangan matnni o‘qish, matnni eslab ko‘chirish, ichida takrorlab ko‘chirish va, nihoyat, matnni tushunib-tushunmay ko‘chirishni o‘z ichiga oladi. Ko‘chirish jarayonida ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Bunga sabab, kotib asliyat husnixati xususiyatlarini yaxshi tushuna olmagan bo‘lishi mumkin. Matnshunos qo‘lyozma nusxadagi xattotlar uslubini diqqat bilan o‘rganishi, harflarning “bejirim tasvirlari” o‘rtasidagi bog‘liqlikka, ularning o‘ziga xos bezak-unsurlariga e’tibor berib, xatolik nima sababdan sodir bo‘lganini aniqlashi lozim. Ba’zi hollarda, xattotlar so‘zni o‘qiy olmasalar, kontekstdan kelib chiqib, o‘zlaricha matnni tuzatib yoki to‘ldirib ketganlar. Matnshunos tomonidan xolis aniqlangan xato qiyosiy tahlil orqali asosiy matnda tuzatib boriladi.
4. Muallif matni xatoliklarini aniqlash usuli. Ayrim ijodkorlar o‘z asarlarini ko‘chira turib, xattotlar faoliyatida ko‘ringan xatoliklarga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Masalan, ayrim harflarning tushib qolishi, sanalarning noto‘g‘ri belgilanishi, sarlavha yoki ayrim jumlalarning qisqarishi mexanik tarzda ro‘y berishi mumkin. Xatoning muallif tomonidan ongli ravishda qilinmaganligini aniqlash muallifning g‘oyaviy pozitsiyasi tahlili, ilmiy-badiiy iqtidori, matn mazmuniga talabchanligi darajasini o‘rganish orqali amalga oshiriladi.
5. Matnni ongli ravishda o‘zgartirish hollarini tahlil qilish usuli. Matn qasddan yoki beixtiyor o‘zgartirilganini farqlash murakkab tahliliy jarayonni talab qiladi. Matn o‘zgartirilgan hollar xattot yoki kotibning “o‘ta bilag‘onligi”, shunday bo‘lishi kerak edi yoki bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan iddaoda matnni tuzatib ketishi natijasida yuz beradi. Matnshunos, avvalo, manbalarning xronologik yoshiga qarab farqlar dinamikasini tuzib chiqishi lozim. O‘shanda o‘zgartirish manba “taqdiri”ning qaysi bosqichida yuz bergani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng manbaning ko‘chirilish sanasi, davri va hududi, davrning ustun g‘oyaviy, siyosiy yo‘nalishlari o‘rganiladi. Ushbu tahlillar o‘zgartirish qasddan yoki beixtiyor qilinganligini aniqlab beradi.
6. Qo‘lyozma tavsifini amalga oshirish usuli. Matn ustida ishlash qo‘lyozmaning tashqi belgilarini o‘rganishdan boshlanadi. SHarq kitobat san’ati o‘zining qat’iy prinsiplariga asoslanadi. Masalan, har bir asarning «bismillo»dan boshlanishi (basmala), so‘ng Ollohning madhi (hamd, tamhid) va Muhammad (s.a.v.) ta’rifi (na’t), shundan keyin asarning yozilish sababi (sababi ta’lifi kitob) qaydi kitobat qilinishda tashlab ketilishi mumkin bo‘lmagan asosiy prinsiplardandir. Qo‘lyozmaning tavsifiy belgilari quyidagilarni o‘z ichiga oladi: Matn – kitobning asosiy qismi bo‘lib, unga ayrim hoshiya yozuvlari, jadval, poygirlar kirmaydi. Ichki unvon – tuzilishi murakkab kitoblarda ular ba’zan boshqa (masalan, qizil) siyoh bilan, ba’zan qalin harflar (jumladan, nasriy asarlarda), ba’zan hozirgidek sahifa o‘rtasida beriladi. Jadval – sahifada asosiy matnni joylashtirish prinsipi (matn ramkasi). Matnlar turli shakllarda – sidirg‘a, ikki ustun, to‘rt ustun, zina, romb, doira, qiya holda joylashtirilishi mumkin. Bu muayyan darajada bezak vazifasini o‘tab, she’riy matnlarda, ayniqsa, ko‘p qo‘llanilgan. Hoshiya – sahifa chetlari. Jadval (matn ramkasi)dan tashqarida izoh berish, parallel ravishda boshqa bir asar matnini joylashtirish, matn bo‘lagidagi fikrni tasdiqlash yoki to‘ldirish uchun ilovalar keltirishga xizmat qiladi. Poygir – o‘zidan keyingi sahifaning shu so‘z bilan boshlanishini bildirib keluvchi so‘z bo‘lib, o‘ng sahifaning eng ostiga, chap tomonga joylashtiriladi (poygir sahifalar ketma-ketligini belgilash uchun bet raqamlari o‘rniga ishlatiladi). Kolofon – kotibning qo‘lyozma so‘ngida keltiradigan ma’lumotnomasi. Unda kotib nomi, qo‘lyozmaning ko‘chirilish sanasi va kotib mulohazalari beriladi. Qo‘lyozma formati, unda ishlatilgan xat turi, qog‘oz turi, turli bezaklar ham qo‘lyozmaning tavsifini keltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.