Mavzu: Bir qavatli epiteliy to’qima Mashgulotning maqsadi: Bir qavatli epiteliy to’qimasining gistologik tuzilishini o’rganish Reja: 1. Bir qavatli bir qatorli yassi epiteliyning tuzilishi.
2. Bir qatorli kubsimon epiteliyning tuzilishi.
3. Bir qavatli silindrsimon epiteliyning tuzilishi.
4. Bir qavatli ko’p qatorli kiprikchali epiteliyning tuzilishi
Kerakli jihozlar: mikroskoplar, yoritgich chiroqlar, tayyor gistologik preparatlar jamlanmasi, amaliyot darsi uchun uslubiy qullanmalar, amaliyot darsi uchun daftarlar, oddiy qalamlar va ruchkalar.
Epiteliyning bu turi ham o’z navbatida bir necha xillarga bo’linadi va har qaysisi o’ziga xos fiziolgik vazifani bajaradi va o’ziga xos morfologik tuzilishga ega bo’ladi; odam va hayvonlarning turli organlarida uchraydi va shu organlar yuzasini qoplab turadi. Bir qavatli epiteliy hujayralarning barchasiga xos xususiyatlardan biri ularning bazal membrana ustida joylashib, u bilan bevosita tutashgan bo’lishi va o’z trofikasini ta’minlashidir. Yuqorigi erkin yuzalari esa bajaradigan vazifasiga qarab turlicha differensiallangan, ya’ni o’ziga xos morfologik tuzilishga ega bo’ladi. Bu epiteliy hujayralarining shakliga ko’ra yassi, kubsimon,silindrsimon (prizmasimon) bo’ladi. Ularning yadrosi bir xil tekislikda, ya’ni bir qatorda joylashadi. Shunga asoslanib, uni bir qatorli epiteliy deyiladi. Agar bir qavatli epiteliy har xil shaklda bo’lib, yadrolari har xil tekislikda, ya’ni har xil qatorda joylashsa, uni ko’p qatorli epiteliy deyiladi.
Bir qavatli bir qatorli yassi epiteliy (mezoteliy). Bu epiteliy sut emizuvchi hayvonlar va odam o’pka pufakchalari, seroz bo’shliqlari devorining plevra pardasi hamda yurak xaltasi yuzasini, charvi va qorin pardasini qoplab turadi. Sut emizuvchi hayvonlar va odamda uchraydigan bir qatorli yassi epiteliy (mezoteliy)ning boshqa epiteliylardan farqi uning aksariyat tashqi muhit bilan bog`liq bo’lmagan organlar yuzasini qoplab turishidir. Tuban hayvonlarda esa (masalan, lansitnikda) embrion rivojlanishining boshlang`ich davrlarida hosil bo’ladigan ikkilamchi bo’shliq devorini qoplab turuvchi bir qatorli epiteliy tashqi muhit bilan bog`liq bo’ladi.
Xordali tuban hayvonlar mezoteliysining hujayralari morfologik tuzilishiga ko’ra boshqalardan farq qiladi hujayraning apikal qismida kiprikchalari bo’lib, aniq qutiblangan tabaqalanish xususiyatiga ega boshqa hujayralar bilan mustahkam bog`lanib turadi Organizmning tarixiy rivojlanishi davrida tabiatning ekologik ta’sirida sutemizuvchi hayvonlar va odamda mezoteliy tashqi muhit bilan bog`lanmay qo’yadi va o’z vazifasini o’zgartiradi. Mezoteliy bilan tashqi muhit o’rtasida bevosita moddalr almashinuvi jarayoni kechmaydi. Lekin ikkilamchi bo’shliqdagi to’qima suqligi bilan mezoteliy ostidagi biriktiruvchi to’qima tarkibidagi qon tomirlar o’rtasidagi moddalar almashinuvi jarayoni mezoteliy orqali sodir bo’ladi. Demak, mezoteliy organizmda moddalar almashinuvi jarayonida bevosita ishtirok etadi, deyish mumkin. Bundan tashqari, mezoteliy organizm trofikasida ishtirok etish bilan birga organlarning tashqi va ichki yuzasini qoplab, silliq zalarini hosil qilib turarkan, ularning aktiv harakatini ham ta’minlaydi. Binobarin, harakatlanib turgan organlarning ishqalanishida bo’ladigan jarohatlanishdan saqlab turadi; ko’krak qafasi bilan qorin bo’shlig`idagi organlar orasida pay hosil bo’lishiga yo’l qo’ymaydi. O’zi shikastlanganida yirtilishi va kesilishi mumkin. Bunday hollarda kesilgan yoki yirtilgan joylarida biriktiruvchi to’qima o’sib chiqadi.
Mezoteliyni tashkil etuvchi hujayralar sutemizuvchi hayvonlarda va odamda odatda yassi tuzilgan bo’lib, gistologik preparatlarda yuqori tomondan yaxshi ko’rinadi. Hujayralarning bo’yi juda past, yuqoridan ko’rinishi yumaloq yoki ovalsimon bo’lishiga qaramay, poligonal shaklda, ya’ni chetlari noteks, uzun-qisqa o’simtalar hosil qilgan bo’ladi. Ayrim ichki organlar, ya’ni jigar, taloq, tuxumdon ustini qoplab turuvchi mezoteliy hujayralari kubsimon shaklda bo’lishi mumkin.
Mezoteliy hujayralari kumush tuzini singdirish xususiyatiga ega. Shu sababli mazkur bo’yoq bilan yaxshi bo’yaladi. Binobarin, kumush tuzi bilan bo’yalgan mezoteliy hujayralarining o’zi va uning chetlari gistologik preparatda yaxshi ko’rinadi va yon atrofdagi hujayralardan aniq ajralib turadi.
Ko’ndalang kesilgan preparatlarda mezoteliy hujayralari ostida bir yo’nalishda joylashgan bazal membrana yaxshi ko’rinib turadi. Hujayra odatda, bitta, lekin ayrim vaqtlarda 2-3 ta yadroli bo’lishi mumkin. Hujayraning yadro joylashgan joyi balandroq bo’ladi. Mezoteliy hujayralari elektron mikroskopda ko’rilganida hujayraning apikal qismida protoplazmatik o’simtalar, ya’ni vorsinkalar ko’zga tashlanadi. Vorsinkalarning soni ichak epitilysi vorsinlarining soniga nisbatan kam, bo’yi ham kalta bo’ladi. Bu yerdagi vorsinkalarning uzunligi taxminan 1,5-3 mk bo’lsa, diametri 350-670 mk ni tashkil etadi. Ularning asosiy vazifasi to’qimalarning so’rish yuzasini kattalashtirishdan iborat. Mezoteliy hujayralari ham yon tomonlarida bir-birini mustahkam tutashtirib turuvchi demosomalarga ega. Bazal o’ismida qalinligi 500 A ga teng bazal membrana yotadi. Sitoplazma qismida deyarli hamma hujayra organoidlari uchraydi. Mitoxondriy, endoplazmatik to’r Golji kompleksi va pinositoz vakuolli organoidlar yaxshi ko’rinadi.
Mezoteliy hujayralari har xil ta’sir tufayli yoki shamollagnada ko’payish xususiyatiga ega, natijada hujayralar bir-biriga nisbatan tortilib, ularning oralarida har xil teshikchalar paydo bo’la boshlaydi, bularga stomatozlar deyiladi. Mazkur teshikchalar orqali fagositlar biriktiruvchi to’qimadan mezoteliy yuzasiga o’tib, organizmni himoya qiladi. Shu yo’l bilan organizm bo’shliqlari bilan to’qimalar o’rtasida himoya to’sig`i paydo bo’ladi.