Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on shahar 14-umumta’lim maktabi ona tili va adabiyot fan o’qituvchisi Asrorova Zilola tomonidan 7-sinflarda “Bog’lovchi” mavzusida tayyorlangan slaydi.
Mavzu: Bog’lovchilar
Bog’lovchi: gapning uyushiq bo’laklarini va qo’shma gapning tarkibidagi sodda gaplarni o’zaro bog’lash uchun xizmat qiluvchi yordamchi so’zlarga bog’lovchilar deyiladi. Ikki va undan ortiq gap bo’lagi yoki gaplarni o’zaro bog’lab keluvchi yordamchi so’zlarga bog’lovchilar deyiladi.
Gap bo’lagi va gaplarni qanday bog’lanishiga ko’ra, ya’ni vazifasiga ko’ra bog’lovchilar ikkiga bo’linadi.
Teng bog’lovchilar.
Ergashtiruvchi bog’lovchilar.
Qo’llanishiga ko’ra bog’lovchilar ikki turga bo’linadi.
Yakka bog’lovchilar.
Takroriy bog’lovchilar.
Bog’lovchilar ham ko’makchilar singari tabiatiga ko’ra ikki bo’linadi.
Sof bog’lovchilar.
Vazifadosh bog’lovchilar .
Teng bog’lovchilar.
O’zaro teng munosabatda bo’lgan gap bo’laklari va gaplarni bog’lash uchun ishlatiladigan bog’lovchilar teng bog’lovchilar deyiladi. Teng bog’lovchilar uyushiq bo’laklar va gaplarni bog’lash bilan birga, ular o’rtasidagi mazmuniy munosabatni ham ro’yobga chiqaradi.
Shunga ko’ra teng bog’lovchilar quydagi guruhga bo’linadi.
Uyushiq bo’laklarini va uyushiq gaplarni, aniqroq aytganda bog’langan qo’shma gap qismlarini o’zaro bog’lab biriktiruv munosabatini ifodalaydigan bog’lovchilar biriktiruv bog’lovchilar hisoblanadi. Biriktiruv bog’lovchilar sodda gap tarkibidagi uyushiq bo’laklarni o’zaro bog’lash uchun xizmat qiladi.
Masalan:
Dunyoning tinchligi va farovonligi dono va oqil odamlarning faoliyatiga bog’liq.
Bahor keldi va yasandi dunyo.
Demak, biriktiruv bog’lovchi so’zlarni o’zaro teng bog’lab, uyushiq bo’laklarni hosil qiladi. Qo’shma gaplarni o’zaro teng bog’lab biriktiruv bog’lovchili bog’langan qo’shma gaplarni hosil qiladi.