130629 Fe’llarning zamon, mayl va shaxs kategoriyalari. Fe’lning vazifadosh shakllari va modal shakllari. Fe’l yasalishi.
Harakat nomi Ish-harakatning atamasi bo'lib, gapda otga xos vazifalarni bajarishga mos bo'lgan fe’l shakli harakat nomi deb ataladi: Ilm-fanga intilish insonning eng oliy ma’naviy harakatlaridandir. Chavandoz bu gaplarni Ertoyevga aytishini ham, aytmaslikni ham bilmay turgandi (O.YOqubov). Mustaqilligimiz tufayli xalq va Vatan tarixi, boy ilmiy va adabiy merosga xolisona yondashishning guvohi va shohidi bolmoqdamiz (Rahim Vohidov) gaplaridagi intilish, aytishni, aytmaslikni, yondashishning fe’l shakllari harakatning atamasi (nomi) bo'lib, gapda otga xos ega, to'ldiruvchi, qaratuvchi vazifalarini baj argan. Harakat nomi quyidagi shakl yasovchi affikslar bilan yasaladi: fe’l negiziga -sh (-ish) qo'shish bilan (unlidan so'ng -sh, undoshdan so'ng -ish): o'qish, yozish, ishlash, chiqish kabi;
Harakat nomining -sh (-ish) affiksi bilan yasalgan shakli otga yaqin turadi, shuning uchun ham bu shaklda harakat nomi otga ko'chishga moyil bo'ladi. fe’l negiziga -v (-uv) qo'shish bilan (unlidan so'ng -v, undoshdan so'ng -uv): ishlov, bag'ishlov, boruv, keluv kabi;
Bu affiks bilan yasalgan harakat nomi hozirgi o'zbek tilida kam ishlatiladi; fe’l negiziga -moq qo'shish bilan: o'smoq, ulg'aymoq, o'rganmoq kabi.
Harakat nomining -moq affiksi bilan yasalgan shakli fe’lga juda yaqin turadi, chunki har qanday fe’lning bosh shakli yo buyruq-istak mayli shaklida esla, shosh kabi; yoki eslamoq, shoshmoq kabi harakat nomi shaklida olinadi. Harakat nomi leksik-semantik jihatdan harakat tushunchasini anglatadi. Shu jihatdan harakat nomi fe’lga xos grammatik xususiyatlarga ega: o'timli-o'timsizlik ma’nosini ifodalaydi: o'rganish, ko'rmoq - o'timli harakat nomi; yugurish, ishonmoq - o'timsiz harakat nomi;
harakat nomining bo'lishsiz shakli faqat -maslik affiksi bilan yasaladi: aytish - bo'lishli harakat nomi, aytmaslik - bo'lishsiz harakat nomi.
harakat nomi zamon ma’nosiga ega emas. Lekin ma’lum bir qulay sharoitda unda hozirgi-kelasi zamon ma’nosi aks etadi: Oilada farzand tarbiyasiga har tomonlama e’tibor bermoq lozim (O.Karimova).
boshqa fe’l shakllari singari harakat nomi boshqarish xususiyatiga ega.
Shuningdek, ish-harakatning nomini bildirish jihatdan harakat nomi otga xos bo'lgan grammatik xususiyatlarga ham ega, ya’ni: harakat nomi son, egalik va kelishik affikslarini oladi;
harakat nomi ot singari ega, qaratqich aniqlovchi, to'ldiruvchi ko'makchili shaklda hol va kesim vazifalarini bajaradi: Zumradning tikishi - go'zal, ipakni turlashi ham mohirona (O.). Bilim va tushunishga intil kunu tun (YUsuf Xos Xojib). Rais Jo'raboev bilan jiddiy tortishuvdan so'ng juda qattiq asabiylashdi (SH.R.). O'zini olim, fozilman deb maqtanish, shu bilan g'ururlanish jaholatning bir ko'rinishidir («Oz-oz o'rganib dono bo'lur»»).